Uchinchi parda

Odat bo‘yicha boy yotar karavot ustiga uyquda, uyni bir tarafiga sanduq. Toshmurod bir eshikdan ohistalik ila kirar, bu taraf, u tarafga qarab, boshqa bir eshikni ochar va bir chetga turar. Tangriqul kirar, qo‘lida kalid va temir asbob, beliga pichoq, sandiq tarafiga borib, kalid solar, sandiq ochilmas. Toshmurodga qaraydur. Ishorat ila maslahat so‘raydur. Toshmurod sanduqni temir asbob ila sindirmoqg‘a amr berar. Tangriqul temir asbob ila sanduqni sindirar. Sanduqni ovozi ila boy uyg‘onur. Boy cho‘chib turar, kaltakni olib, voy, voy deb Tangriqulga yugurar. Toshmurod kaltakni kelib ushlar. Tangriqul pichoq ila boyni qo‘ltig‘iga urar.

BOY (taraqlab yiqilar). Voh, jonim (jon uzar tipirlar, xirillar. Tangriqul sandiqdan tanga xaltasini ko‘tarar, pichoq va temir asbobni o‘ziga berkitar, tashqaridan bir necha odam tovushi eshitilur).

ODAMLAR. Nima gap, birov dod dedi? (Bir necha erkak ila boy xotuni kirarlar, Tangriqul ila Toshmurodni ko‘rarlar).

TANGRIQUL. Toshmurod, ot! (Toshmurod havoga to‘pponcha otar va hozir kishilarga siloh ko‘rsatib qocharlar).

BOYVUChChA. Voy, zolim dastidan! Bu qanday kun edi, voy dod! (Chapak chalar, boy ustiga o‘zini tashlar, yuz va sochini yular). He, juvonmarg Toshmurod! Qon qus! Qoshki chechakda ketsayding! Voy, padarkush! Toshmurod! Voy, dod-ey!

DOMULLA (kirar). Onajon, sizga sabrdan boshqa chora yo‘q. Bu badbaxtlik va musibatga sabab jaholat va nodonlikdir, bema’nilik va tarbiyasizlikdir. Uyingizni nodonlik buzdi. O‘g‘lingizni beilmlik Sibirga yuboradi. Joningizdan aziz farzandingizni tarbiyasizlik balosi sizdan umri ayritadur. Bolangizni otasi tarbiya etmadi, o‘qutmadi. Oxiri baloga uchradi, yomon rafiqlar yo‘ldan chiqardilarki, qurboni jaholat bo‘ldingiz.

BOYVUChChA (to‘lg‘onib). Oy, voy-voy bolam! Voy boyim, oh, voy u-u-u!

DOMULLA. Boyingiz-da nasihatga quloq solmadi va oxiri ushbu yomon hodisa paydo bo‘ldi. Endy sizga, ochig‘i, sabrdan boshqa iloj yo‘qdir, onajon. Olloh sizga sabr bersun.

BOYVUChChA (kamoli betoqatlik ilan oh-vovaylo etar). Dod, voy bolam! Voy boyim! Ikkisidan ham ayrildim, erimni mozorga, bolamni Sibirga yuborarlar! Voy, voy, voy u-u-u!..