AsosiyFanlarKitoblarReyting
Qo‘llab-quvvatlash

O‘quvchilar va abituriyentlar uchun bepul testlar va kitoblar. Testlar doim bepul.

Loyihani qo‘llab-quvvatlash

Platforma

  • Fanlar
  • Kitoblar
  • Reyting
  • Kabinet

Loyiha

  • Qo‘llab-quvvatlash
  • Telegram: @bilgo_uz_bot

Huquqiy

  • Maxfiylik siyosati
  • Foydalanish shartlari
  • Hisobni o‘chirish

© 2026 Bilgo · Barcha huquqlar himoyalangan

AsosiyFanlarKitoblarReyting
← Shinel3 / 4

Talonchilik va Muhim shaxs

Olisda, xudo biladi qayerda, allaqanday budkada chiroq miltillardi — go‘yo u dunyoning narigi chetida turgandek edi. Akakiy Akakiyevichning shodligi bu yerga kelib ancha so‘ndi. U maydonga qandaydir beixtiyor qo‘rquv bilan qadam qo‘ydi, yuragi go‘yo bir ko‘ngilsiz narsani sezgandek edi. Orqasiga, u yoq-bu yoqqa qaradi: atrofi xuddi dengizning o‘zi. «Yo‘q, yaxshisi, qaramay qo‘ya qolay», — deb o‘yladi va ko‘zini yumib keta boshladi. Maydonning oxiri yaqinmikan, deb ko‘zini ochgan edi, birdan to‘ppa-to‘g‘ri burnining tagida qandaydir mo‘ylovli odamlar turganini ko‘rdi — qanaqa odamlar ekanini endi u ajratib ham ololmadi. Ko‘zi tinib, yuragi duk-duk ura ketdi.

— Bu shinel-ku meniki! — dedi ulardan biri momaqaldiroqdek ovozda va uning yoqasidan oldi.

Akakiy Akakiyevich «Voy, odamlar!» deb qichqirmoqchi bo‘lib turgan edi, ikkinchisi uning og‘ziga amaldorning boshidek keladigan mushtini taqab:

— Qani, bir qichqirib ko‘r-chi! — dedi.

Akakiy Akakiyevich faqat ustidan shinelni yechib olishganini, tizzasi bilan bir tepishganini sezdi, keyin chalqancha qorga yiqildi va boshqa hech narsani sezmay qoldi. Bir necha daqiqadan so‘ng hushiga kelib, o‘rnidan turdi, ammo atrofda hech kim yo‘q edi. Dalada sovuq ekanini, shinel esa yo‘qligini sezdi-da, qichqira boshladi, biroq ovozi maydonning chetiga yetib borishni xayoliga ham keltirmayotgandek edi. U umidsizlikda, qichqirishdan to‘xtamay, maydon bo‘ylab to‘g‘ri budkaga qarab yugurdi. Budka yonida budkachi qorovul aybaltasiga suyanib turar va, shekilli, qiziqib qarardi: qaysi jin urgan odam olisdan baqirib, unga qarab chopib kelyapti ekan?

Akakiy Akakiyevich uning oldiga yugurib kelib, entikkan ovozda: «Sen uxlab yotibsan, hech narsaga qaramaysan, ko‘zing oldida odamni talashyapti-yu, ko‘rmaysan!» — deb baqira boshladi. Qorovul hech narsa ko‘rmaganini, faqat maydon o‘rtasida uni allaqanday ikki kishi to‘xtatganini ko‘rganini, lekin ularni uning og‘aynilari deb o‘ylaganini aytdi; behuda so‘kinib turgandan ko‘ra, ertaga nazoratchiga borsin, nazoratchi shinelni kim olganini topib beradi, dedi.

Akakiy Akakiyevich uyiga butunlay ostin-ustun holda yugurib keldi: chakkasi va ensasida hali ozroq qolgan sochlari butunlay to‘zg‘igan, biqini, ko‘kragi va butun shimi qorga belangan edi. Kvartira egasi bo‘lmish kampir eshikning dahshatli taqillashini eshitib, shosha-pisha to‘shakdan sakrab turdi va bir oyog‘ida bitta kavush bilan, uyalib, ko‘ylagini qo‘li bilan ko‘kragiga bosgancha eshik ochgani yugurdi; ammo eshikni ochib, Akakiy Akakiyevichni bu ahvolda ko‘rgach, orqaga tisarildi. U voqeani so‘zlab bergach, kampir qo‘llarini shapillatib urdi va to‘ppa-to‘g‘ri uchastka pristavining o‘ziga borish kerak, mahalla nazoratchisi aldaydi, va’da beradi-yu, sarson qiladi, deb aytdi. Eng yaxshisi, pristavning o‘ziga borish kerak, u hatto kampirga tanish ham, chunki ilgari uning oshpazi bo‘lib ishlagan chuxon ayol Anna endi pristavnikiga enagalikka kirgan; kampir pristavning o‘zini ham tez-tez ko‘rib turadi, u ularning uyi yonidan aravada o‘tib turadi, har yakshanba cherkovga ham boradi, ibodat qiladi, ayni paytda hammaga xushchaqchaq qarab turadi — demak, hamma narsadan ko‘rinib turibdiki, yaxshi odam bo‘lsa kerak, dedi.

Bu qarorni eshitgach, Akakiy Akakiyevich ma’yus holda o‘z xonasiga sudralib kirdi. U yerda tunni qanday o‘tkazganini esa boshqaning ahvolini ozgina bo‘lsa-da ko‘z oldiga keltira oladigan odam o‘zi tasavvur qilsin. Ertalab barvaqt pristavnikiga yo‘l oldi; ammo uxlayaptilar, deyishdi. Soat o‘nda keldi — yana: uxlayaptilar, deyishdi. Soat o‘n birda keldi — pristav uyda yo‘qlar, deyishdi. Tushlik paytida keldi — ammo dahlizdagi mirzalar uni hech qo‘yishmadi, nima ish bilan, qanday zarurat bilan keldi, nima bo‘ldi — albatta bilishmoqchi bo‘lishdi. Shunda Akakiy Akakiyevich umrida bir marta xarakter ko‘rsatgisi kelib qoldi va pristavning o‘zini shaxsan ko‘rishi kerakligini, ular uni kiritmaslikka haqlari yo‘qligini, u departamentdan davlat ishi bilan kelganini, mana, ularning ustidan shikoyat qilsa, ana o‘shanda ko‘rishadi, deb kesib aytdi. Bunga qarshi mirzalar biror so‘z aytishga botina olmadilar va ulardan biri pristavni chaqirgani ketdi.

Pristav shinelning talanganini juda g‘alati qabul qildi. Ishning asosiy nuqtasiga e’tibor berish o‘rniga, u Akakiy Akakiyevichdan so‘roq qila boshladi: nega shuncha kech qaytayotgan edi, biror yoqqa kirmadimi, biror nojo‘ya uyda bo‘lmadimi — xullas, Akakiy Akakiyevich butunlay xijolat bo‘ldi va shinel ishi kerakli yo‘lga tushadimi-yo‘qmi, o‘zi ham bilmay, uning huzuridan chiqdi. O‘sha kuni u butun kun ishga bormadi — umrida yagona marta. Ertasiga rangi oqarib, yanada achinarli holga kelgan eski kapotida keldi.

Shinelning talangani haqidagi hikoya — hatto shu yerda ham Akakiy Akakiyevich ustidan kulish imkonini qo‘ldan bermagan amaldorlar topilgan bo‘lsa-da — ko‘pchilikning yuragiga ta’sir qildi. Shu zahoti unga yordam uchun pul yig‘ishga qaror qilishdi, ammo arzimas narsa yig‘ildi, chunki amaldorlar shusiz ham ancha xarajat qilib qo‘ygan edilar: direktorning portretiga va bo‘lim boshlig‘ining taklifi bilan — u asar muallifining og‘aynisi edi — allaqanday bir kitobga obuna bo‘lgan edilar. Xullas, summa juda arzimas chiqdi. Kimdir bir kishi rahmi kelib, hech bo‘lmasa yaxshi maslahat bilan yordam berishga qaror qildi: mahalla nazoratchisiga bormasin, dedi, chunki nazoratchi boshliqlarning maqtoviga sazovor bo‘lish uchun shinelni qandaydir yo‘l bilan topib qolsa ham, agar u shinel o‘ziniki ekaniga qonuniy dalillar keltirmasa, shinel baribir politsiyada qolib ketadi; eng yaxshisi, bitta Muhim shaxsga murojaat qilsin, Muhim shaxs kerakli joylar bilan yozishib, aloqa qilib, ishni ancha muvaffaqiyatli yurgizib yuborishi mumkin, dedi.

Iloj yo‘q, Akakiy Akakiyevich Muhim shaxsning huzuriga borishga qaror qildi.

Muhim shaxsning lavozimi aynan qanday bo‘lgani va nimadan iborat bo‘lgani hozirgacha noma’lumligicha qolmoqda. Shuni bilish kerakki, bu Muhim shaxs yaqindagina muhim shaxs bo‘lgan, undan oldin esa nomuhim shaxs edi. Aytgancha, uning o‘rni hozir ham boshqa, undan ham muhimroq o‘rinlarga nisbatan muhim hisoblanmasdi. Ammo hamisha shunday bir toifa odamlar topiladiki, boshqalarning nazarida nomuhim bo‘lgan narsa ular uchun allaqachon muhimdir. Biroq u o‘z muhimligini boshqa ko‘p vositalar bilan ham kuchaytirishga harakat qilardi: chunonchi, u ishga kelganda quyi amaldorlar uni hali zinapoyadayoq kutib olishlarini; uning huzuriga hech kim to‘g‘ridan-to‘g‘ri kirishga jur’at etmasligini, hamma narsa eng qat’iy tartib bilan borishini joriy qildi: kollej registratori gubernya kotibiga ma’lum qilsin, gubernya kotibi — titulyar maslahatchiga yoki kim to‘g‘ri kelsa o‘shanga, ish shu tariqa unga yetib borsin. Muqaddas Rusda hamma narsa taqlid kasaliga shunday chalinganki, har kim o‘z boshlig‘ini mazax qilib, uning qiliqlarini qiladi. Hatto aytishlaricha, bir titulyar maslahatchini allaqanday kichkina alohida idoraga boshliq qilib qo‘yishganda, u darhol o‘ziga alohida xona to‘sib olib, uni «qabul xonasi» deb atagan va eshik oldiga qizil yoqali, zarhal jiyakli allaqanday eshikbonlar qo‘ygan ekan; ular eshik tutqichidan ushlab, har bir kelgan kishiga eshikni ochib berishar ekan, holbuki o‘sha «qabul xonasi»ga oddiy bir yozuv stoli ham zo‘rg‘a sig‘ar ekan.

Muhim shaxsning muomalasi va odatlari salobatli va viqorli, lekin unchalik murakkab emas edi. Uning tizimining asosiy poydevori qattiqqo‘llik edi. «Qattiqqo‘llik, qattiqqo‘llik va yana — qattiqqo‘llik», — der edi u odatda va oxirgi so‘zni aytganda gapirayotgan odamining yuziga juda ma’noli qarab qo‘yardi. Holbuki, buning hech qanday sababi yo‘q edi, chunki idoraning butun boshqaruv mexanizmini tashkil qilgan o‘nta amaldor shusiz ham kerakli darajada qo‘rquvda edi: uni uzoqdan ko‘rishi bilanoq ishni qo‘yib, boshliq xonadan o‘tib ketguncha qaddini rostlab, tik turib kutishardi. Uning quyi xodimlar bilan odatdagi suhbati qattiqqo‘llik ohangida bo‘lib, deyarli uchta jumladan iborat edi: «Qanday jur’at etasiz? Kim bilan gaplashayotganingizni bilasizmi? Oldingizda kim turganini tushunasizmi?»

Aslida esa u qalban yaxshi odam edi, o‘rtoqlari bilan yaxshi, xizmatga tayyor; biroq general unvoni uni butunlay esankiratib qo‘ydi. General unvonini olgach, u qandaydir chalkashib, yo‘ldan adashib qoldi va qanday yo‘l tutishni butunlay bilmay qoldi. O‘ziga tengdoshlar orasida bo‘lsa, u hali odamga o‘xshagan odam, juda odobli kishi, ko‘p jihatdan hatto ahmoq ham emas edi; ammo o‘zidan hech bo‘lmasa bir daraja past odamlar bor davraga tushib qolsa, u yerda u shunchaki ishdan chiqqan narsaga aylanardi: jim o‘tirar, ahvoli kishida achinish uyg‘otardi — ayniqsa, vaqtni beqiyos yaxshiroq o‘tkazishi mumkinligini o‘zi ham sezib turardi. Ba’zan ko‘zlarida biror qiziqarli suhbatga, biror davraga qo‘shilish istagi kuchli sezilib qolardi, biroq uni bir fikr to‘xtatardi: bu men tomondan ortiqcha bo‘lmaydimi, haddan ziyod yaqinlik bo‘lmaydimi, buning bilan obro‘yimni tushirib qo‘ymaymanmi? Shunday mulohazalar oqibatida u abadiy bir xil jimjit holatda qolar, faqat goh-goh allaqanday bir bo‘g‘inli tovushlar chiqarib qo‘yar va shu tariqa eng zerikarli odam degan nomga sazovor bo‘lgan edi.

Ana shunday Muhim shaxsning huzuriga bizning Akakiy Akakiyevichimiz keldi, keldi ham eng noqulay paytda — o‘zi uchun juda bevaqt, garchi Muhim shaxs uchun ayni muddao bo‘lsa-da. Muhim shaxs o‘z kabinetida yaqinda kelgan, bir necha yildan beri ko‘rishmagan eski tanishi va bolalikdagi o‘rtog‘i bilan juda-juda xushchaqchaq gurunglashib o‘tirgan edi. Shu payt unga allaqanday Bashmachkin kelganini ma’lum qilishdi.

— Kim u? — deb so‘radi u qisqa qilib.

— Bir amaldor, — deb javob berishdi.

— A! Kutib tursin, hozir vaqt emas, — dedi Muhim odam.

Shuni aytish kerakki, Muhim odam bu yerda ochiqdan-ochiq yolg‘on gapirdi: vaqti bor edi, ular og‘aynisi bilan allaqachon hamma narsani gaplashib bo‘lishgan, anchadan beri suhbatni juda uzun jimliklar bilan cho‘zib, bir-birlarining sonini sekingina shapatilab qo‘yib: «Shunaqa gaplar, Ivan Abramovich!», «Ana shunaqa, Stepan Varlamovich!» — deb o‘tirishardi. Shunga qaramay, u amaldorga kutib turishni buyurdi — xizmat qilmaganiga ancha bo‘lgan, qishlog‘ida uy-joyida o‘tirib qolgan og‘aynisiga uning dahlizida amaldorlar qancha vaqt kutib turishini ko‘rsatib qo‘yish uchun. Nihoyat, to‘yib gaplashib, undan ham ko‘proq to‘yib jim o‘tirib, suyanchig‘i orqaga yotadigan juda qulay kreslolarda sigarasini chekib bo‘lgach, go‘yo birdan esiga tushgandek, ma’ruza uchun qog‘ozlar ko‘tarib eshik oldida turgan kotibga:

— Ha, aytgancha, u yerda bir amaldor turgan edi, shekilli; aytingchi, kirishi mumkin, — dedi.

Akakiy Akakiyevichning kamtarona qiyofasini va eskirib ketgan vitsmundirini ko‘rib, u birdan unga o‘girildi va:

— Nima istaysiz? — dedi. U bu so‘zlarni qisqa va qat’iy ovozda aytdi — bu ovozni hozirgi o‘rnini va general unvonini olishidan bir hafta oldin o‘z xonasida, yolg‘izlikda, ko‘zgu oldida ataylab mashq qilgan edi.

Akakiy Akakiyevich oldindanoq kerakli tortinchoqlikni his qilib turgan edi; u biroz xijolat bo‘ldi va tili qanchalik yo‘l qo‘ysa, shunchalik tushuntirdi — boshqa paytlardagidan ham ko‘proq «haligi» so‘zini qo‘shib: shinel butunlay yangi edi, endi esa u vahshiylarcha talangan, u janobi oliylariga shuning uchun murojaat qilyaptiki, ular o‘z homiyliklari bilan qandaydir haligi... janob ober-politsiyameyster bilan yoki boshqa biror kishi bilan yozishib, shinelni topsalar, dedi. Generalga, nima uchundir, bunday muomala haddan oshgan yaqinlikdek tuyuldi.

— Nima bo‘ldi sizga, muhtaram janob, — davom etdi u qisqa-qisqa qilib, — tartibni bilmaysizmi? Qayerga kirib keldingiz? Ishlar qanday yuritilishini bilmaysizmi? Bu haqda siz avval idoraga ariza berishingiz kerak edi; u stol boshlig‘iga, bo‘lim boshlig‘iga borardi, keyin kotibga topshirilardi, kotib esa uni menga yetkazardi...

— Lekin, janobi oliylari, — dedi Akakiy Akakiyevich o‘zida bor-yo‘g‘i bir hovuch qolgan jasoratni yig‘ishga urinib va ayni paytda dahshatli darajada terlab ketganini sezib, — men janobi oliylarini shuning uchun bezovta qilishga jur’at etdimki, kotiblar haligi... ishonchsiz xalq...

— Nima, nima, nima? — dedi Muhim shaxs. — Bunday jur’atni qayerdan oldingiz? Bunday fikrlarni qayerdan yig‘ib oldingiz? Yoshlar orasida boshliqlarga va yuqori turganlarga qarshi qanday isyon tarqalib ketdi o‘zi!

Muhim shaxs, shekilli, Akakiy Akakiyevichning yoshi ellikdan oshib ketganini payqamadi. Demak, agar uni yosh yigit deb atash mumkin bo‘lsa ham, faqat nisbatan — ya’ni yoshi yetmishdan oshgan odamga nisbatangina mumkin edi.

— Kimga gapirayotganingizni bilasizmi? Oldingizda kim turganini tushunasizmi? Buni tushunasizmi, tushunasizmi? Men sizdan so‘rayapman!

Shu payt u oyog‘ini yerga tepdi va ovozini shunday kuchli pardaga ko‘tardiki, Akakiy Akakiyevich emas, boshqa odam ham qo‘rqib ketgan bo‘lardi. Akakiy Akakiyevich qotib qoldi, gandiraklab ketdi, butun tanasi qaltirab, sira tik turolmadi: agar shu zahoti qorovullar yugurib kelib suyab qolishmaganda, u gup etib yerga yiqilardi; uni deyarli qimir etmagan holda ko‘tarib olib chiqishdi. Muhim shaxs esa ta’sir hatto kutganidan ham oshib tushganidan mamnun bo‘lib, o‘z so‘zi odamni hatto hushidan ham ayira olishi mumkinligi haqidagi fikrdan butunlay mast bo‘lib, og‘aynisi bunga qanday qarayotganini bilish uchun unga ko‘z qiri bilan qaradi va og‘aynisi juda noaniq ahvolda turganini, hatto o‘zi ham qo‘rqa boshlaganini ko‘rib, ichida rohatlandi.

← Oldingi bobKeyingi bob →