Uchinchi parda
Ovqat uyi. Hamma narsa o‘rnidan jilganday. Stol ustida yig‘ishtirilmagan idish-tovoq, samovar, magazindan kelgan narsalarning xaltachalari, shishalar. Burchakda chemodanlar, ularning birini monastir xodimalaridan Taisya degan qiz yig‘ishtirib turadi; u uchlik kuloh kiygan. Uning yonida, qo‘lida padnosi bilan, Glafira turadi. Stol ustida chiroq yonib turadi.
Glafira. Melaniya onamiz ko‘p turarmikin bu uyda? Taisya. Men bilmayman. Glafira. Nega o‘z qo‘shxonalariga tushmapti? Taisya. Bilmayman. Glafira. Yoshing nechada? Taisya. O‘n to‘qqizda.
Zinada Zvontsovko‘rinadi.
Glafira. Hech narsa bilmas ekansan! Nima balo, Dashti sahrodan kelganmisan? Taisya. Bizni dunyo odamlari bilan gaplashgali qo‘ymaydilar. Zvontsov. So‘fiy ona choy ichdimi? Glafira. Yo‘q. Zvontsov. Samovarni olib chiqib, yana qo‘y bo‘lmasa, balki choy kerak bo‘lar.
Glafira samovarni olib chiqadi.
Nima qildi sizga u yerda: sollotlar qo‘rqitdimi?
Taisya. Ha, sollotlar qo‘rqitdi.
Zvontsov. Qanaqa qilib qo‘rqitdi?
Taisya. Sigirimizni so‘yib yeyishdi, monastirga o‘t qo‘ymoqchi bo‘lishdi. Kechiringiz. (Bir to‘da yuvilgan kirni olib chiqadi.)
Varvara (dahlizdan). Voy, bu loygarchilik-ey! Ha, sen bu yerda so‘fiy qiz bilan gurunglashib o‘tiribsanmi?
Zvontsov. So‘fiy onaning biznikiga kelib qolishi yaxshi emas, bilasanmi?
Varvara. Bu uy hali bizniki bo‘lganicha yo‘q… Xo‘sh, Tyatin unadimi?
Zvontsov. Tyatin degan narsa yo eshak, yo bo‘lmasa o‘zini nomusli ko‘rsatmakchi bo‘ladi.
Varvara. Shoshma, ota yana qichqirib yotganga o‘xshaydi… (Eshik oldiga borib, narigi uyga quloq beradi.)
Zvontsov. Doktorlar aqli joyida, deb aytishsa ham, haligi karnaychi bilan bo‘lgan jinnilikdan keyin…
Varvara. E, u undan ham g‘alati jinniliklarni ko‘p qilgan. Shura bilan Tyatin ikkalasi bir-biri bilan qalinlashganga o‘xshaydimi?
Zvontsov. Ha, lekin, meningcha, mundan hech qanday xayriyat chiqmaydi. Sening u singling shayton narsa, undan… ancha xunuk ishlarni kutish mumkin.
Varvara. Afsuski, u senga qosh-ko‘zini suzib gapirgan vaqtlarda buni o‘ylamagan eding. Unday desam, u narsalar senga xush yoqardi-da!
Zvontsov. U menga qosh-ko‘zini suzgan bo‘lsa, sening g‘ashingni keltirmak uchun qilgan.
Varvara. Shunga xafamisan? Hoy, Pavlin kelayotir. Topib oldi toza!
Zvontsov. Ruhoniy toifasi o‘zi achib ketdi bizda.
O‘zaro gap talashib, Yelizaveta bilan Pavlin, so‘ngroq Mokey kirishadi.
Pavlin. Gazetlar shunaqa. Aksari yolg‘on yozishadi! Tun oydin!
Yelizaveta. Men sizga deymanki, bu bekor gap!
Pavlin. G‘oyat ravshan ma’lum bo‘lganki, oq podsho o‘z ixtiyori bilan taxtdan kechgan emas, balki Petrogradga keta turib yo‘lda kadet partiyasining a’zolari qo‘liga tushganda zo‘rlik bilan bu ishga majbur qilingan… Shunday!
Zvontsov. Bundan nima chiqadi endi?
Yelizaveta. Pavlin domla inqilobga qarshi-yu, urushga tarafdor, men bo‘lsam — urushga qarshiman! Men Parijni sog‘inganman… Bas, endi urush! Sen ham qo‘shilasan-a, Varya? Hanri Katrning mana bu so‘zi esingdami: «Urushdan Parij yaxshi». Bilaman: u xuddi shunday deb aytmaganku-ya, faqat u xato qilgan.
Pavlin. Men hech narsa ustida qattiq turib oladigan kishi emasman, charoki hech narsa ustuvor emas.
Varvara. Yarashuv kerak, domla Pavlin, yarashuv! Bu qora xalqning avzoyini ko‘rayotirsizmi?
Pavlin. Evoh, ko‘rayotirsan! Xo‘sh, bemorimiz qalay? Bu jihatdan ahvol qanday? (Qansharini barmog‘i bilan bosadi.)
Zvontsov. Doktorlar unda miya aynish alomatini topmaganlar.
Pavlin. Munisi yaxshi! Faqat bu doktorlarning adashmay topadigan birgina narsasi bor, u ham bo‘lsa: o‘zlari oladigan haq.
Yelizaveta. Muncha zahar tilingiz! Varya, Janna bizni kechki ovqatga taklif qilayotir.
Bashkin. Qamoqdagilarni qo‘yib yuborishipti, mirshablar bo‘lsa baloga qoldi.
Pavlin. Ha, ha… Ajoyib zamon! Xo‘sh, Andrey Petrovich, butun bu hodisalardan siz qanday xayriyat kutasiz?
Zvontsov. Ijtimoiy quvvatlar qonuniy yo‘l bilan tashkil topadilar va tez fursatda o‘z so‘zlarini aytadilar. Mening ijtimoiy quvvatlar demakdan maqsadim shunday odamlarki, ular ijtimoiy jihatdan mahkam negizga ega…
Varvara. Menga qara, Janna bizni taklif qilayotir… (Erini bir chekkaga olib chiqib, shivirlab gapira boshlaydi.)
Zvontsov. Bilasanmi, bu narsa meni ancha o‘ng‘aysiz holga tushirib qo‘ydi! Bir tomon — so‘fiy xotin bo‘lsa, yana bir tomon — bir satang…
Varvara. Sekin gapirsang-chi!
Bashkin. Andrey Petrovich! Mokrousov kelipti, bilarsiz: pristavning muovini bor-ku?
Zvontsov. Ha, nima deydi?
Bashkin. Mana bu zamondan xavf olib, xizmatidan chiqayotir; bizning o‘rmonga — daraxt kesishga kirsam, deydi.
Zvontsov. Qanday bo‘lar ekan?
Varvara. Shoshmay tur, Andrey…
Bashkin. Qanday bo‘lardi: juda yaxshi bo‘ladi. Endi Laptev dumini qimtib ishdan bo‘yin tovlaydi. Donat bo‘lsa, o‘zingiz bilasiz, qobil odam emas, boz ustiga, u haqiqat axtaradiganlardan, uzun kun haqiqat deb so‘zlanib yuradi… O‘zingiz ko‘rib turibsiz, shu zamonda haqiqat nima qilsin!
Zvontsov. Bu behuda gap! Biz bor-yo‘g‘i, o‘sha haq-haqiqat…
Varvara. Shoshmasang-chi, hoy, Andrey.
Zvontsov. Va ham adolat hukmron bo‘ladigan bir davrning boshlanishida turibmiz-da…
Varvara. Siz o‘zingiz nima deysiz, Mokey?
Bashkin. Men Mokrousovni olaylik, deyman. Yegor Vasilevichga aytib edim.
Varvara. U nima dedi?
Zvontsov qovog‘ini solib bir chetga chekiladi.
Bashkin. Aniq bir narsa degani yo‘q.
Varvara. Mokrousovni oling.
Bashkin. O‘zini bir ko‘rsangizmikin?
Varvara. Nima keragi bor?
Bashkin. Tanishmoq uchun. O‘zi shu yerda.
Varvara. Hay, mayli…
Bashkin dahlizga chiqib ketadi. Varvara qayd daftarchasiga allanimalar yozadi. Bashkin Mokrousovni boshlab kiradi. U — dumaloq yuzli, qoshlari taajjub bilan kerilgan, yuzi kulimsiragan bir odam, faqat, aftidan, qattiq bir so‘kinmakchi bo‘lib turganday ko‘rinadi. Mirshab kiyimida, yonida to‘pponchasi, oyog‘ini juftlashtirib, askariy ta’zim qiladi.
Mokrousov. Hurmatlarimni arz qilaman. Sizga xizmat qilish sharafini baxsh etsangiz, benihoya minnatdor bo‘laman.
Varvara. Juda xursandman. Yana formangiz ham ustingizda; mening eshitishimcha, mirshablarning yaroq-aslahalarini olayotgan emishlar.
Mokrousov. Juda to‘g‘ri aytdilar: o‘zimizga xos kiyimimiz bilan biz ko‘chaga chiqib yurolmaymiz; shu uchun, men, garchi yonimda yarog‘im bo‘lsa ham, rosmana palto kiyib oldim. Ammo, hozir asossiz ba’zi bir umidlar paydo bo‘lganligidan, qora xalq bir ozroq bosilib turipti, shu sababdan… shopimni taqmadim…
Varvara. Bizning xizmatimizga qachon boshlamoqchisiz?
Mokrousov. O‘z o‘yimda men allaqachondan beri sizning kamtarin xizmatchingizman. O‘rmonga, ertaga desalar ham, jo‘nashga tayyorman, negaki, men o‘zim yolg‘iz odamman va ham…
Varvara. Siz qanday o‘ylaysiz? Bu narsa — shu to‘palang ko‘pga ketarmikin?
Mokrousov. Mening chamamda, butun yoz ichi cho‘zilar. Undan keyin yomg‘irlar, sovuqlar boshlanib qolib, ko‘cha aylanish og‘irlashsa kerak.
Varvara (kulimsirab). Faqat bir yozginami? Qaydam, inqilob ob-havoga qararmikan?
Mokrousov. Albatta-da! Bo‘lmasam-chi? Qish — sovutadigan narsa.
Varvara (kulimsirab). Siz optimist ekansiz.
Mokrousov. Politsiya — umuman optimist.
Varvara. Shundaymi?
Mokrousov. Albatta. Bu — o‘z kuchiga ishonganidan keladi.
Varvara. Siz qo‘shinda xizmat qilganmisiz?
Mokrousov. Xuddi aytganlari. Buzovliq rezerv batalonidanman, darajam «podporuchik».
Varvara (qo‘l uzatib). Xo‘p, har to‘g‘rida yaxshi tilaklar tilab qolaman.
Mokrousov. Chin ko‘ngildan minnatdorman. (Oyoq depsanib, orqamachasiga yurib, chiqib ketadi.)
Varvara (Bashkinga). Shu — ahmoq odamga o‘xshaydi-ku…
Bashkin. Zarari yo‘q. Esliklarni ham ko‘rayotirmiz-ku… Ularga erk berib qo‘ysang, butun yer yuzini ag‘dar-to‘ntar qilib tashlashadi… Xuddi bir xaltaday…
Pavlin (Bashkinva Yelizavet aga). Ruhoniy toifasiga, albatta, ochiq amri-ma’ruf qilish huquqini berish kerak, bo‘lmasa, hech narsa chiqmaydi!
Glafira bilan Shura Bulichovniqo‘ltiqlab olib chiqadilar. Hamma unga tikilib, jim qoladi, u qovog‘ini soladi.
Bulichov. Xo‘sh? Nega jim bo‘ldinglar? Shuncha vaqt chuvullashding, chuvullashding-da…
Pavlin. Shoshib qoldik… Tuppa-tuzuk odamni birdaniga bu xilda…
Bulichov. Xo‘sh?
Pavlin. Qo‘ltiqlashib chiqqanlariga…
Bulichov. Qo‘ltiqlashib chiqqanlariga! Odamning oyog‘i jonsiz bo‘lib qolgandan keyin qo‘ltiqlashadi-da! Qo‘ltiqlashib chiqqanlariga emish… Mokey, Yashutkani bo‘shatdilarmi?
Bashkin. Ha, hamma bandilarni bo‘shatdilar.
Zvontsov. Siyosiy bandilarni.
Bulichov. Yakov Laptevni ozod qiliptilar-u, oq podshoni qamoqqa oliptilar! Shunaqa gaplar, domla Pavlin! Nima deysiz bunga, xo‘sh?
Pavlin. Bu xususda omil emasman… Lekin mening aqli qosirimcha, shu odamlar nimalar deydi va nimalar qilmoqchi bo‘ladi — eng avval shuni bir bilish kerak edi…
Bulichov. Bir podsho saylash kerak. Podsho bo‘lmasa, hamma bir-birining go‘shtini yeb qo‘yadi…
Pavlin. Bugun yuzlaringizda bir jonlanish ko‘ruladi, dardni yengayotganga o‘xshaysizmi?
Bulichov. Ha, ha… Yengayotirman! Siz, eru xotinlar, undan keyin sen ham, Mokey, Pavlin domla bilan ikkovimizni yolg‘iz qoldiring. Sen, Shurajon, chiqib ketma.
Bashkin dahlizga chiqib ketadi, Zvontsov lar bilan Dostigayev lar yuqoriga chiqib ketadilar. Ikki minutcha o‘tgach, Varvara yuqoridan zinaning yarmigacha tushadi.
Shura. Yotsang-chi!
Bulichov. Yotgim kelmaydi. Xo‘sh, domla Pavlin, jom to‘g‘risida keldingizmi?
Pavlin. Yo‘q, sizni ancha sermalgan bir holda ko‘rarman, degan umid bilan kirib edim, xato qilmagan ekanman. Albatta, ikkinchi tomondan, sizning shahrimiz va ibodatxonamiz uchun ko‘rsatgan himmatlaringiz va qilgan xayru saxovatingizni o‘ylab…
Bulichov. Siz mening haqimda astoydil xayri duo qilmaysiz shekilli, dardim kundan-kun kuchayib borayotir. Endi xudoning yo‘liga bir narsa bergim ham kelmaydi. Nima uchun beraman? Hali ham juda ko‘p berdim, hech bir foydasi yo‘q.
Pavlin. Sizning sadaqalaringiz…
Bulichov. Shoshmang, domla! Bir savolim bor: xudo uyalmaydimi? Nega menga o‘lim yuboradi?
Shura. O‘limdan gapirma, ota, qo‘y.
Bulichov. Sen jim tur. Sen quloq sol. Men o‘z to‘g‘rimda gapirayotganim yo‘q.
Pavlin. Siz bunday fikrlar bilan o‘zingizga behuda tashvish berasiz. Ruh abadiy hayotga ega bo‘lgandan keyin o‘limning nima ahamiyati bor?
Bulichov. Nega, axir, o‘sha ruh iflos va tor jasadga qamab qo‘yiladi?
Pavlin. Bu masalaga, deyin, hazilakam bir masala, deb qaralmaydi, balki…
Varvara zinada, og‘ziga ro‘molchasini to‘sib kuladi.
Bulichov. U «balki»laringizni qo‘ying! To‘g‘ri gapira bering. Shura, karnaychi esingda bormi-a?
Pavlin. Aleksandra Yegorovnaning huzurlarida…
Bulichov. U gapingizni qo‘ying! Bu — yashaydi ham, biladi ham! Men bo‘lsam, mana, shuncha yil yashadim, endi sizdan so‘rayman: siz nega yashaysiz?
Pavlin. Ibodatxonada xudoga qulluq qilaman…
Bulichov. Bilaman men qulluq qilganingizni, bilaman! Bir kun borib siz ham o‘lasiz-da. Bu nima, axir? Bizga keladigan o‘lim qanday narsa o‘zi, domla Pavlin?
Pavlin. Hadeb so‘raysiz… Bari mantiqsiz va foydasiz savollar! Kechiringiz: siz endi narigi dunyoni ko‘prak o‘ylasangiz bo‘lardi…
Shura. Unaqa demang!
Bulichov. Men bu dunyoning odamiman! Men tamom shu dunyo kishisiman!
Pavlin (o‘rnidan turib). Bu dunyo yer yuzidan iborat, yer yuzi esa, bir tuproq, xolos…
Bulichov. Tuproq? Unday bo‘lsa, siz, imm… Unday bo‘lsa, siz yerning tuproqligini o‘zingiz o‘ylashingiz kerak! Tuproq deysiz-u, ustingizdagi rido — zarbofdan! Tuproq deysiz-u, zunnoringizga tilla suvi yuritilgan! Tuproq deysiz-u, ko‘zingiz to‘yishni bilmaydi…
Pavlin. Bolig‘a bir qiz oldida behuda va yaramas gaplarni gapirasiz…
Bulichov. Bolig‘a, asaliga…
Varvara shoshilib yuqoriga chiqib ketadi.
Biz, ahmoqlarni, itni quyonga alkishlab o‘rgatganday, o‘rgatadilar… Bir gadoy singari bo‘lgan Isoni dolvoy qilib, toza boyidingiz…
Pavlin. Dard sizning jahlingizni qo‘zg‘otadi, siz jahlingizga chidolmasdan, darrandalardek bo‘kirasiz…
Bulichov. Yo‘qolayotirsizmi? Xob-barakalla…
Shura. Bekor tashvish qilasan, otajon; muning senga zarari bor. Juda besaranjom odamsan, lekin…
Bulichov. Mayli! Kuyadigan joyim yo‘q! Yomon ko‘raman bu popni! Sen diqqat qil, quloq ber, men ataylab senga ko‘rsatayotirman…
Shura. O‘zim hammasini ko‘rib turibman… Yosh bola emasman… Esim bor — bilaman!
Zinada Zvontsov.
Bulichov. Ular haligi karnaychi voqeasidan keyin meni jinniga chiqarib qo‘ydilar; shu doktorlar bo‘lsa — bekor deydi! Sen doktorlarga ishonasan-ku, Shura? Doktorlarga?
Shura. Men senga ishonaman… Senga…
Bulichov. Xob-barakalla! Yo‘q, mening esim joyida! Doktorlar bilishadi. Darhaqiqat, men nozik masalani qo‘zg‘ab qo‘ydim. Axir, o‘lim nima degan masalaga hamma qiziqmaydimi? Yo bo‘lmasa, hayot nima degan masalaga? Tushunasanmi?
Shura. Sening qattiq kasal bo‘lganingga ishonmayman men. Sening bu uydan ketishing kerak. Glafira rost aytadi! Astoydil davolanishi kerak. Sen hech kimning gapiga kirmaysan.
Bulichov. Hammaning gapiga kiraman! Endi, mana, kampirni chaqirib ko‘ramiz. Balki, foydasi tegardi? Uning keladigan vaqti bo‘ldi. Bu og‘riq yeb bitiradi meni… Ko‘p og‘ir!
Shura. Qo‘y, otajon! Unday dema, jonim! Yotib orom ol…
Bulichov. Yotsam bo‘lmaydi. Yotsam, dardga unab berganim bo‘ladi. Mushtlashganda past kelganday gap. Mening gapirgim keladi. Ba’zi narsalarni senga aytib berishim kerak. Bilasanmi, nima gap? Gap shuki, men o‘z ko‘chamda emasman! Men o‘zimdan yotlashib ketdim, o‘ttiz yildan beri doim yot odamlar orasida yashab kelaman. Men senga muni aslo ravo ko‘rmayman! Mening otam umri sol oqizib o‘tgan edi. Men bo‘lsam, mana… Muni senga aytib ham berolmayman.
Shura. Shoshmasdan, tinchgina, sekingina gapirgin… Burunlari qanday cho‘pchaklar aytib berarding… O‘shanaqa qilib gapir…
Bulichov. Men senga cho‘pchak emas, hammavaqt haqiqatni aytganman. Bilasanmi… Bu poplar, podsholar, vazirlar… Nima keragi bor ularning menga? Xudoga ishonmayman. Xudo qayerda o‘zi? O‘zing ko‘rib turibsan… Yaxshi odam ham yo‘q. Yaxshi odamlar, qalbaki pul singari, noyob! Odamlarning nimaligini ko‘rib turibsan-ku! Mana endi ular hammasi bir-birining bo‘g‘ziga yopishib, bir-birini qochirib… rasvo bo‘ldilar! Ammo mening nima ishim bor ular bilan? Menga, Yegor Bulichovga, ularning nima keragi bor? Senga ham… Faqat sen qanday yashaysan ular orasida?
Shura. Sen mening tashvishimni qilma…
Kseniya (kirarkan). Aleksandra, Tonya akasi bilan birga seni yo‘qlab kelipti, undan keyin akasi…
Shura. O‘ltirib turishar.
Kseniya. Sen chiqqin-a! Otang bilan picha gaplashmakchi edim…
Bulichov. Men xohlaymanmi?
Shura. Siz gapni ko‘p cho‘zmang…
Kseniya. O‘rgat-a, o‘rgat menga! Yegor Vasilevich, Zobunova keldi…
Bulichov. Shurajon. Sen keyin yana kirarsan. Yoshlarni ichkariga olib kir… Hoy, chaqir Zobunovani!
Kseniya. Hozir. Men shuni aytmakchi edimki, bu Aleksandra anavi yaramas bola bilan, Andreyning o‘gay ukasi bilan qalinlashipti. O‘zing bilasan: u munga teng emas. Bitta gadoyga choy berib edik, endi yelkamizga minib oldi.
Bulichov. Sen, Aksinya, gapning rosti: yomon tushga o‘xshaysan!
Kseniya. Mayli, xo‘rlay ber: xudodan ko‘rdim! Sen qizingga «Tyatin bilan o‘ynashuvni bas qil!» desang bo‘lardi.
Bulichov. Yana nima deysan?
Kseniya. Melaniya keldi…
Bulichov. Nega?
Kseniya. Boshiga yomon ishlar tushipti. Qochqin sollotlar monastirga bosqin qilishib, bir sigirni so‘yishipti, ikki bolta, bir kurak, bir bog‘lam kanopni o‘g‘irlab ketishipti; mana shunaqa hodisalar! O‘rmonchimiz Donat bo‘lsa, yomon odamlarni yoniga to‘plab: daraxt kesilayotgan yerda o‘shalar bilan allanimalarni qilib yotipti.
Bulichov. Ma’lum o‘zi: menga ma’qul bo‘lgan odam boshqa hech bir kimsaga ma’qul bo‘lmaydi.
Kseniya. Anavi bilan yarashib olsang, yaxshi bo‘lardi…
Bulichov. Melaniya bilanmi? Nima uchun?
Kseniya. Nima uchun bo‘lardi? Darding og‘ir…
Bulichov. Bo‘pti. Yarashay… Men unga: «Qarzimizni o‘z zimmamizda qoldirgin», deyman.
Kseniya. Yumshoqroq gapirgin. (Chiqib ketadi.)
Bulichov (so‘zlanadi). «Qarzimizni zimmamizda qoldir!».. «Biz o‘zimiz ham qoldirgan singari »… Hammasi yolg‘on… Oh, la’natilar….
Varvara. Otajon! Oyimning Stepan Tyatin to‘g‘risida gapirib turganini eshitib qoldim…
Bulichov. Ha, qizim… Sening eshitmaganing ham yo‘q, bilmaganing ham yo‘q…
Varvara. Tyatin — qanoatlikkina bir odam, Aleksandra uchun ancha ko‘p qalin ham so‘ramaydi, undan keyin Aleksandraning xuddi o‘z tengi.
Bulichov. Juda g‘amxo‘rsan, qizim…
Varvara. Men Tyatinni xo‘p ko‘rib bildim…
Bulichov. Sen o‘zing kimning g‘amini yeb yotirsan? Eh, bu… shayton bolalari!
Melaniyava Kseniya kirishadi; xizmatchi xotin Taisiya eshik oldida to‘xtaydi.
Bulichov. Xo‘sh, Melaniya? Yarashadigan bo‘ldikmi?
Melaniya. Shunaqa. Polvon! Bekordan-bekorga, hech narsadan-hech narsa yo‘q… hammaning dilini og‘ritasan…
Bulichov. «O‘z qarzimizni o‘z bo‘ynimizda qoldir», Melasha!
Melaniya. Gap qarzda emas. Sho‘xligingni qo‘y! Qanaqa ishlar bo‘lib ketayotir… Ollohning bir soyasi bo‘lgan podshohni taxtdan tushirdilar. Bu, axir, qanday gap? Xudovandi karim o‘z bandalarining boshiga tog‘day fitna-fasodlarni sochib yubordi, hamma jinni bo‘ldi, hamma o‘ziga-o‘zi handaq kovlayotir. Qora xalq bosh ko‘tara boshladi. Koposovdagi qishloq ayollari mening yuzimga: «Biz xalq bo‘lamiz!» deb o‘shqirishadi. «Bizning erlarimiz — sollotlar ham xalq!» deb baqirishadi. Buni ko‘rdingmi! O‘zing o‘ylab ko‘r: sollot qachon odam qatoriga qo‘shilipti ekan?
Kseniya. Bularning hammasini Yakov Laptev gapirib, o‘sha ma’qullaydi…
Melaniya. Gubirni ishdan tushirib, uning o‘rniga Osmolovskiy degan bir notariusni o‘tqazib qo‘yishti…
Bulichov. U ham semiz qorinlardan…
Melaniya. Kecha Nikandr hazrat munday dedilar: juda katta hodisalar arafasidamiz; aya, fuqarodan hukumat tuzib bo‘ladimi? To o‘sha Tavrot zamonlaridan beri xalqlarni qilich va xoch ushlagan bir qo‘l idora qilib keladi…
Varvara. Tavrot zamonlarida xochga topinish yo‘q edi.
Melaniya. Sen, mahmadona, jim o‘tir. Injil bilan Tavrot bir muqova qilingan-ku. Xoch demak — qilich demak. Baribir, qay zamonda nimaga topinganlarini hazrat sendan yaxshiroq biladi-ku! Siz, nafs degan bandalar, taxtning ag‘darilganiga xursandsiz. Bu xursandligingiz achchiq ko‘zyoshiga aylanib qolmasin. Yegor, men sen bilan yuzma-yuz o‘tirib gaplashmakchi edim…
Bulichov. Shunday qilib, yana bir so‘kishaylik, deysanmi? Mayli, gaplashsak — gaplashaylik, lekin, hozir emas! Hozir emchi xotin keladi. Bir sog‘ayib olay, deyman men, Malasha!
Melaniya. Bu Zobunova kampir juda dongdor emchi. Doktorlarga qayerda, deysan, munga yetishi! Undan keyin sen Prokopiy avliyo bilan ham gaplashsang bo‘lardi…
Bulichov. Bolalar Propotey deb ataydigan avliyomi? Muttaham narsa, deydilarmi?
Melaniya. Gapirma-ey, gapirma! Shu ham gapmi? Sen uni chaqirtir-gin-a…
Bulichov. Uni ham chaqiraylik, bukun, negadir ahvolim yaxshi… Faqat mana shu oyoqlarim… Ko‘nglim ochilganday. Negadir, hadeb… har narsadan kulgim keladi! Chaqir, Aksinya, emchi xotinni.
Kseniya chiqib ketadi.
Melaniya. E, Yegor, senda hali… to‘lib yotipti! Bulichov. Shuni aytaman-da: to‘lib yotipti, to‘lib… Kseniya. U — hamma chiqib tursin, deydi… Melaniya. Xo‘p, mayli, chiqaylik…
Hamma chiqib ketadi. Bulichov kulib, biqini va ko‘kragini uqalaydi. Zobunova kiradi, lekin, bildiradigan qilib — og‘zini qiyshaytirgani holda o‘ng tomoniga qarab dam soladi, o‘ng qo‘li ko‘kragiga qadalgan; chap kaftini, baliq dumi singari, silkitib «elpinadi». To‘xtab, o‘ng qo‘li bilan yuzini silaydi.
Bulichov. Ha, nima balo: jinga cho‘qinayotirsanmi?
Zobunova (kuylab). E, dardlar, og‘riqlar; tandagi, jondagi illatlar, hordiqlar! Chiqinglar, ketinglar; xudoning bandasi, bunga rahm etinglar! Bu kunda, shu damda, shu topda haydayman; sizlarni shu yerda bir nafas qo‘ymayman! Assalom, assalom, aylanay, o‘rgulay; qalaysiz, bormisiz, tinchmisiz, Yegorboy!..
Bulichov. Omonmisan, xola! Ha, ajinalarni haydadingmi?
Zobunova. Yo‘q, bolam, ular bilan bordi-keldi qilib bo‘ladimi?
Bulichov. Kerak bo‘lsa qilasan-da! Xudoga poplar sig‘inadi, sen pop emassan, ajinalarga sig‘inishing kerak.
Zobunova. Voy, o‘lay, nega munaqa qo‘rqinch gaplarni qilasan? Meni ajinalar bilan bordi-keldi qiladi, deb esi past odamlar gapirishadi.
Bulichov. Unday bo‘lsa, xola, sendan hech narsa chiqmaydi! Poplar men uchun xudoga ko‘p yolvordilar, xudo qabul qilmadi, menga hech bir yordam qilmayotir!
Zobunova. Sen, yaxshi bolam, o‘ynashayotirsan, shu ishonmaganingdan keladi.
Bulichov. Sen agar ajinalardan muvakkil bo‘lib kelgan bo‘lsang, men ishonardim. Sen o‘zing bilsang kerak, eshitgansan, albatta — men buzuq odamman, yo‘ldan ozganman; odamlarga yomon muomala qilaman; pulni, dunyoni o‘lgudek yaxshi ko‘raman…
Zobunova. Eshitganman-u, ammo, xudo yo‘lida menga jindak bir narsani qizg‘anarsan, deb o‘ylamayman.
Bulichov. Men, xola, juda yomon, yo‘ldan ozgan kishiman, xudoning men bilan aslo ishi yo‘q. Xudo Yegor Bulichovdan yuz o‘girgan. Shunday bo‘lgandan keyin, sen ajinalar bilan ulfat bo‘lmasang — bor, yosh qizlarning muhlati yetmagan bolalarini tushur. Sening kasbing shu emasmi-a?
Zobunova. Voy, sho‘rim! Seni yuzi qora, o‘jar odam, der edilar, rost ekan-da!
Bulichov. Nima? Nega yolg‘on gapirasan? Yo‘qol!
Zobunova. Yolg‘on aytishni bilmayman. Sen menga aytib bergin: qayering og‘riydi, qani?
Bulichov. Qornim. Juda yomon og‘riydi. Mana shu yeri.
Zobunova. Menga qara… Ammo-lekin, hech kimga ayta ko‘rma. Yo‘q, yo‘q, yo‘q!..
Bulichov. Qo‘rqma. Aytmayman.
Zobunova. Sariq dard bor, qora dard bor. Sariq dardni doktor ham tuzata oladi, ammo qora dardni pop ham tuzata olmaydi, undan kattasi ham. Qora dard insu jinsdan bo‘ladi, uning faqat birgina iloji bor…
Bulichov. Ishqilib, darrov bir yoqlik bo‘ladimi? A?
Zobunova. Bu iloj, lekin juda qimmat!
Bulichov. Albatta, tushunaman.
Zobunova. Munda, albatta, insu jins bilan to‘qnashmasa bo‘lmaydi.
Bulichov. Shaytonning xuddi o‘zi bilan-a?
Zobunova. O‘zi bilan bo‘lmasa ham ishqilib…
Bulichov. Qo‘lingdan keladimi?
Zobunova. Ammo-lekin, sen hech kimga og‘iz ochmaysan…
Bulichov. Yo‘qol ko‘zimdan, kampir!
Zobunova. Shoshma…
Bulichov. Yo‘qol, deyman, bo‘lmasa, tayoq yeysan…
Zobunova. Menga qarasang-chi…
Glafira (dahlizdan). Senga aytayotir, yo‘qol!
Zobunova. Nima balo bo‘ldi sizlarga…
Bulichov. Hayda buni, hayda, deyman!
Glafira. Munisi ham bor ekan! Ajinaga o‘xshaydi!
Zobunova. O‘zing o‘xshaysan! Afting qursin, ilohim… Odam bo‘lmay o‘linglar… Ilohim, rohat yuzini, baxt yuzini ko‘rmanglar! (Chiqib ketadi.)
Bulichov (qayrilib qaraydi). F-fu…
Melaniya bilan Kseniya kirishadi.
Melaniya. Ha, Zobunova yoqmadimi, ma’qul bo‘lmadimi?
Bulichov unga tikilgan, jim.
Kseniya. Zobunova ham qo‘rs narsa. Maqtaldim deb yomon haydalib ketipti.
Melaniya. Nima deb so‘kadi?
Taisya. O‘g‘ri, muttahamlar, deydi.
Melaniya. Nega so‘kadi, axir?
Taisya. Tuppa-tuzuk odamni jinni qilmoqchisiz, deydi…
Melaniya. Senga shundoq dedimi?
Taisya. Yo‘q, Propotey avliyoga aytdi.
Melaniya. U nima dedi?
Taisya. U bo‘lsa hadeb almoyi-aljoyi gaplarni gapiradi…
Melaniya. Almoyi-aljoyi gaplarni? E, nodon! U odam — avliyo, arvohlar bilan gaplashgan u, tentak! Dahlizda o‘tirib tur, hech qayerga jilma… Oshxonada yana kimlar bor edi?
Taisya. Mokey…
Melaniya. Ha, bor. (Bulichov xonasining oldiga borib taqillatadi.) Yegor, avliyo keldi.
Kseniya va Bashkin bilan birga Propotey kirib keladi; oyog‘ida chipta kovush, ustida — to‘puqqacha tushadigan uzun, dag‘al bo‘z ko‘ylak; ko‘kragida juda ko‘p butlar va muqaddas suratlar. Qo‘rqinch basharali; qalin paxmoq sochlar; uzun va siyrak soqol, harakatlari keskin va tutqaloq asari borday.
Propotey. Uh, dunyoning popirosi shu yerda chekilipti! Jon bo‘g‘ilayotir… Kseniya. Bu yerda, taqsir, popiros chekadigan odam yo‘q.
Propotey izg‘iringa taqlid qilib ovoz chiqaradi.
Melaniya. Shoshmay tur, kasal chiqsin avval…
Bulichov (Glafiraqo‘ltiqlagani holda chiqadi). Obbo… Qanday narsa bo‘ldi, bu!
Propotey. Qo‘rqma. Vahima qilma! (U yana o‘sha ovozni chiqaradi.) Hamma narsa foniy: o‘tadi-yu ketadi! Bir Grisha bor edi, kattalarga yor edi, ko‘plar unga zor edi, qoqildi-yu yiqildi, jahannamga tiqildi!..
Bulichov. Rasputinni aytasanmi?
Propotey. Ana, tushdi oq podsho, fe’limizga yarasha; bola keldi osmondan; mulku davlat puch bo‘ldi, dunyo fasodga to‘ldi! Fisqu fasod avj oldi, odam ne kunga qoldi! (Yana o‘sha ovozni chiqaradi.) Xotin, deysan o‘yingda, shayton mingan bo‘yningga; turmasin bu joyda, tez hayda-yu tez hayda!
Bulichov. Haydab ko‘r, qani! Har qancha valaqlasang ham haddingni bil. Melaniya sen o‘rgatdingmi bu gaplarni?
Melaniya. Bekor gapni gapirma! Jinni odamga gap o‘rgatib bo‘ladimi?
Bulichov. Bo‘ladiganga o‘xshaydi… Xo‘sh, Melasha, nima deysan: xudoning qorni og‘rirmikin?
Melaniya. Aynima…
Bulichov. Mosihniki og‘rigan bo‘lsa kerak. Uning ovqati baliq edi…
Melaniya. Bas qil, Yegor, nega mening g‘ashimga tegasan?
Glafira. Kampir qilgan xizmatiga pul so‘rab yotir.
Bulichov. Ber, Aksinya! Malasha, sen meni kechirgin: men charchadim, o‘z uyimga kiraman. Ahmoqlar bilan ish ko‘rganda odam yomon charchaydi, lekin. Qani, Glasha, yo‘lashib yubor-chi.
Glafira uni olib chiqib ketadi. Kseniya qaytib kelib, singlisiga — savol so‘raganday qarab turadi.
Melaniya. O‘zini jo‘rttaga jinnilikka soladi! Jo‘rttaga…
Kseniya. Yo‘g‘-ey! Unaqa qilgunday holi bormi!..
Melaniya. Unisi hech gap emas! Mayli, o‘ynay bersin. Agar vasiyatnoma masalasi sudga tushadigan bo‘lsa, bu o‘yinlari o‘z zarariga ishlaydi. Taisiya o‘tadi guvohlikka; Zobunova, Pavlin domla, anavi karnaychi, hoh-ho, gunohi oz, deysanmi? Vasiyat qiluvchining aqli joyida bo‘lmaganini sobit qilib yuboramiz.
Kseniya. Voy, bu ishni qanday qilishga hayronman…
Melaniya. Shu uchun senga o‘rgatayotirman-da! Ha-a sen, lip etib tega qolding! Men senga aytib edim. Bashkinga tekkin, deb.
Kseniya. A-a… Qachonlar bo‘lgan gap-u! Bu o‘zi ham burgutday emasmidi?.. O‘zing ham kunilab o‘lgansan…
Melaniya. Men-a? Nima balo: jinni bo‘ldingmi?
Kseniya. Eslatib o‘tirish nega kerak…
Melaniya. Yo Olloh! Kunilagan emishman! Men-a?
Kseniya. Prokofini nima qilamiz? Uning keragi yo‘qdir endi?
Melaniya. Nega keragi bo‘lmasin? Chaqirdik, gapni bir joyga qo‘ydik — endi kerak emas emish! Sen menga xalaqit berma! Bor, uni tayyorlab olib kir. Taisya!
Taisya dahlizdan chiqib keladi.
Taisya. Hech narsa bilolmadim. Kseniya chiqib ketadi.
Melaniya. Nimaga?
Taisya. Hech narsa gapirmaydi u kampir.
Melaniya. Nega gapirmasin? O‘zing yaxshilab, gapirtira olmagandirsan?
Taisya. Yo‘q, men gapirtirishga xo‘p urindim, u bo‘lsa, xuddi mushukka o‘xshab, hadeb fiqir-fiqir kuladi. Hammani so‘kadi.
Zinadan yugurib Shura tusha boshlaydi, uning ketidan Antonina, Tyatin. Sekin-sekin yuqoridan Zvontsov lar va Dostigayev lar tushib kelishadi. Propotey indamasdan tayoq bilan ko‘kka va yerga chiziqlar tortadi. So‘ngra boshini quyi solib, o‘ychan to‘xtaydi.
Shura (otasi unga yugurib kelib). Bu nimasi tag‘in? Bu qanday tomosha?
Melaniya. Sen jim tur!
Propotey (qiynalganday). Xudodan tongan odam rohat qilmaydi bir dam! Uning ko‘ngli g‘ash, siqiq; soat bo‘lsa — tiq, tiq, tiq!.. Agar qudratim bo‘lsa, har ish qo‘limdan kelsa! Oh,oh, oh, ozod bo‘lardi dargoh! Undan o‘zga demasdan, men… Menmi? Men… yomon odam emasman! Kimga kelipti balo? Bilamiz, inshollo! O‘yna, shayton, xo‘p o‘yna, erking bor, toshib qayna! Yarim kechalar o‘tdi, sahar vaqti ham yetdi! Xo‘rozlar chaqirishdi, o‘liklar baqirishdi! Chaqiriqqa quloq solsin, xudodan qaytgan borsin! Yerning qornini yorsin, do‘zaxdan o‘rin olsin!..
Bulichov. Yaxshi o‘rgatiptilar seni…
Melaniya. Xalaqit berma, Yegor, xalaqit berma!..
Propotey. Endi nima qilamiz? Nimaga qoqilamiz?
Antonina (afsuslanib). Muning hech bir qo‘rqquligi yo‘q!
Propotey. Falon-pistonlar o‘ldi, janozasi o‘qildi! Yig‘lab ko‘zni yoshlaymi yo bir o‘yin boshlaymi? Qani endi o‘ynaylik, o‘ynab-o‘ynab to‘ymaylik! (Ilgari depsinib turib, asta-asta ashula boshlaydi, keyin ashulani borgan sari avj oldirib, oxirida o‘ynab ketadi.) Yo Xalil, yo Zalil, yo Jalil, yo Dalil! Yo yomon, yo somon, yo quloq, yo suloq! Yo u kun, yo bu kun, hoy!.. Chor-chor, shahriyor, toshga ur, boshni yor! Do‘st qani — yo‘qlansa, hidlari qo‘lansa! Jing, jing, jing. Bir ko‘ring! Jim, jim, jim, o‘zi kim? Xudodan ayrilgan, qanoti qayrilgan; go‘rlarda daydigan, miyasi aynigan; shaytonga ergashgan, haq yo‘ldan adashgan; ming qarich poshnasi, alvasti — oshnasi; zaharlar — oshida, Azroil — boshida; voy-voy, hoy-hoy, shumi, bu Yegorboy…
Shura (qichqirib). Haydang buni!
Bulichov. Bu nimasi… Itlar… Siz meni qo‘rqitmoqchi bo‘lasizmi?
Zvontsov. Bu sharmandalikni bas qilish kerak.
Glafira Propotey ning yoniga yugurib boradi, u o‘ynashdan to‘xtamay, Glafiraga tayoq o‘qtaladi.
Propotey. Tin, tin, zin, zin; yomon jin, yomon jin…
Uning qo‘lidagi tayog‘ini tortib oladi.
Melaniya. Sen kimsan? Kim bo‘lding sen? Shura. Otajon, haydab yubor hammasini… Nega indamaysan? Bulichov (qo‘lini to‘lg‘aydi). Shoshma… shoshma…
Propotey yerga o‘tirib, yana haligi ovozini chiqaradi, hushtak chaladi.
Melaniya. Unga tegib bo‘lmaydi. Uning shu tobda jazavasi tutib qoldi! Uning kayfi baland! Dostigayev. Munaqa kayf qilganlarni, onajon, tutib olib uradilar. Zvontsov. Tur o‘rningdan… Yo‘qol darrov! Propotey. Qayerga? (Yana o‘sha ovozni chiqaradi.) Kseniya yig‘laydi.
Yelizaveta. Muning ustaligini qarang… Ikki xil ovoz chiqaradi!
Bulichov. Yo‘qol hammang… Shuncha ko‘rganing yetar…
Shura (avliyoga qarab yer depsinib). Yo‘qol, afting qursin! Styopa, haydasang-chi muni!
Tyatin (Propote yni yoqasidan oladi). Qani, turing, avliyo… Ketdik!
Taisya. U bugun uncha qo‘rqinch bo‘lgani yo‘q… Mundan ham qo‘rqunchroq bo‘lishga yaraydi bu… Agar araq ichirib qo‘ysak bormi?..
Melaniya. Sen nega javrab yotirsan? (Betiga uradi.)
Zvontsov. Uyat emasmi?
Melaniya. Kimdan uyalaman? Sendanmi?
Varvara. Tinchlaning, xola…
Kseniya. E, xudoyim… Bu qanday ahvol bo‘ldi?
Shura bilan Glafira Bulichovni divanga yotqizadilar, Dostigayev diqqat bilan uni qaraydi. Zvontsov lar Kseniya bilan Melaniyani olib chiqib ketadilar.
Dostigayev (xotiniga). Yur, Liza, uyga qaytaylik! Bulichovning ahvoli yomon! Juda yomon… Undan keyin namoyish ketayotir… Qo‘shilmoq lozim.
Yelizaveta. G‘alati ovoz chiqarishini aytaman-da! Odamning aqliga ham kelmaydigan ovoz…
Bulichov (Shur aga). Shu hammasi — so‘fiy xotinning ishi…
Shura. Ahvoling og‘irlashdimi?
Bulichov. Bu… o‘lmagan odamning janozasini o‘qiganga o‘xshaydi.
Shura. Sen aytgin: ahvoling og‘irmi? Doktorga odam yuboraylikmi?
Bulichov. Kerak emas. Podsho bilan podsholik to‘g‘risidagi gapni u devona o‘zidan qo‘shdi… «Agar qudratim bo‘lsa, har ish qo‘limdan kelsa!» deydi. Eshitdingmi? Qo‘lidan kelmaydi!
Shura. U gaplarni unutish kerak…
Bulichov. Unutamiz! Sen boxabar bo‘lib tur. Ular tag‘in u yoqda Glafiraga ozor berib yurishmasin… Ko‘chada qanday ashula?
Shura. Sen o‘rningdan turma!
Bulichov. Darhaqiqat, fisqu fasod uyasi bo‘lgan bu mulku davlat mahv bo‘ladi. Hech narsa ko‘rolmayman… (O‘rnidan turib, stolga tayangani holda ko‘zlarini uqalaydi.) Sening mulku davlating emish… Mulku davlat bo‘ldimi shu? Yirtqichlar! Mulku davlat… Poku parvardigor emish… Yo‘q, bo‘lmaydi! Meni bemahal o‘limga hukm qilib qo‘yibsan, parvarish qiladigan parvardigor bo‘lasanmi? Nima uchun o‘limga hukm qilding? Hamma o‘ladi? Nega, axir? Hamma o‘lsa o‘laversin! Men nega o‘laman? (Tebranib oladi.) Xo‘sh, Yegor nega o‘ladi? (Hirqiroq ovoz bilan qichqiradi.) Shura… Glaxa! Doktorni chaqir! Hoy… Kim bor? Mal’unlar! Yegor Bulichov… Yegor!..
Shura, Glafira, Tyatin, Taisya kirishadi; Bulichov ularning oyog‘iga deyarlik yiqiladi. Deraza tashida qalin ashula ovozi. Glafira bilan Tyatin Bulichovni turgizishadi. Shura derazani ochadi, tashqaridan ashula oqini gurullab kiradi.
Bulichov. Nima gap bu? Janoza takbiri… Yana janoza! Shura! Kimlar ular? Shura. Beri kel, beriroq… Ana, ko‘r! Bulichov. Eh, Shura…
Parda.