AsosiyFanlarKitoblarReyting
Qo‘llab-quvvatlash

O‘quvchilar va abituriyentlar uchun bepul testlar va kitoblar. Testlar doim bepul.

Loyihani qo‘llab-quvvatlash

Platforma

  • Fanlar
  • Kitoblar
  • Reyting
  • Kabinet

Loyiha

  • Qo‘llab-quvvatlash
  • Telegram: @bilgo_uz_bot

Huquqiy

  • Maxfiylik siyosati
  • Foydalanish shartlari
  • Hisobni o‘chirish

© 2026 Bilgo · Barcha huquqlar himoyalangan

AsosiyFanlarKitoblarReyting
← Yegor Bulichov va boshqalar3 / 4

Ikkinchi parda

Bulichovning mehmonxonasi. Burchakda, kichkinagina dumaloq stol tegrasida Zvontsov bilan Tyatin o‘tiradilar. Stolda may shishasi.

Zvontsov (papiros tutashtirib). Uqdingmi? Tyatin. Insof yuzasidan aytganda, Andrey, u menga yoqmaydi. Zvontsov. Puli-chi, puli yoqadimi? Tyatin. Afsuski, puli yoqadi. Zvontsov. Kimni ayaysan bo‘lmasa? Tyatin. O‘zimni, albatta… Zvontsov. Xo‘p odamni ayar ekansan! Tyatin. Harholda, birodar, o‘zimning birdan-bir do‘stim — yana o‘zim bo‘laman. Zvontsov. Sen faylasuflik qilmasdan o‘ylasang bo‘lardi. Tyatin. O‘ylab yotibman. U erka o‘sgan qiz, u bilan umr qilish qiyin bo‘ladi. Zvontsov. Unda ajralasan-ketasan. Tyatin. Pul yana o‘ziga qoladi-da… Zvontsov. Biz shunday qilamizki, pul senda qoladi. Shurkani men o‘zim yo‘lga solaman. Tyatin. Insof bilan aytganda… Zvontsov. Shunday qilib, uni erga berishga oshiqadilar-u qalinini ko‘paytiradilar. Tyatin. Toza topibsan-da, lekin! Qalini qancha bo‘ladi? Zvontsov. Ellik ming… Tyatin. So‘mmi? Zvontsov. Tugma. Tyatin. Rostmi? Zvontsov. Ammo sen menga o‘ntalik veksel berasan. Tyatin. O‘n minglikmi? Zvontsov. Yo‘q, o‘n so‘mlik. Esi past! Tyatin. Ko‘p bu… Zvontsov. Unday bo‘lsa, bu suhbatni to‘xtatamiz. Tyatin. Bu gaplaring… hazil emasmi? Zvontsov. Pul ustida ahmoq odamlargina hazillashadi… Tyatin. Ammo-lekin… ajoyib maslahat topibsan.

Dostigayev kiradi.

Zvontsov. Men shunga xursandmanki, sen o‘zing ham uncha-muncha tushunib qolding. Sen proletardan chiqqan bir ziyolisan, bu og‘ir kunlarda senga…

Tyatin. Ha, ha, albatta! Men endi sudga jo‘nayin.

Dostigayev. Stepasha, nega ta’bing xira?

Zvontsov. Biz Rasputindan gapirib o‘tirgan edik.

Dostigayev. Toleini aytaman-a? Sibirdan kelgan oddiy bir qishloqi katta ruhoniylar, vazirlar bilan hamtovoq bo‘lishsa! Yuz minglab pullarni o‘ynatsa! O‘n mingdan kam porani olmasa! Juda ishonchli joydan eshitdim: o‘n mingdan kam bo‘lsa, olmas ekan! Nima ichayotirsiz? Burgon mayimi? Bu o‘tkir narsa, ovqatdan keyin ichish kerak edi, e, madaniyatsiz xalq!

Zvontsov. Xo‘sh, qaynotangizni topdingizmi?

Dostigayev. Uni topish nega kerak? U hech yerga qochgani yo‘q. Sen, Stepasha, menga ham bitta stakan keltirsang bo‘lar edi.

Tyatin shoshilmasdan chiqib ketadi.

Dostigayev. Bulichov to‘g‘risiga kelsak, gapning rosti, uning ko‘rinishi yomon. Og‘ir holda shu tobda…

Zvontsov. Mening fikrimcha ham, u endi…

Dostigayev. Ha, ha! Shunaqa. Undan keyin o‘zi ham o‘limdan juda qo‘rqadi, shu uchun o‘lmay qolmaydi. Sen ham shu jihatdan boxabar bo‘lib tur. Bu zamonda og‘izni ochib o‘tirish bo‘lmaydi, ikki qo‘lni belga qo‘yib turish yaramaydi. Davlat binosini, har tomondan cho‘chqalar kelib, ag‘darish harakatida, inqilob bo‘lishini gubernatorning o‘zi ham biladi…

Tyatin. Yegor Vasilevich ovqat uyiga chiqdi.

Dostigayev (stakanni olib). Rahmat, Stepasha! Ovqat uyiga chiqdi, dedingmi? Biz ham o‘sha yerga o‘taylik.

Zvontsov. Sanoatchilar, aftidan, o‘z rollarini yaxshi tushunadilar…

Varvara bilan Yelizaveta kirib kelishadi.

Dostigayev. Maskov sanoatchilarimi? Ular tushunmasa, kim tushunadi!

Yelizaveta. Bular bu yerda bemalol ichishib, kayf qilib o‘tiripti, u yerda bo‘lsa, Bulichov shunday so‘kinayotirki, gap eshitib bo‘lmaydi!

Dostigayev. Nega Amerika hadeb gullaydi? Sababi shuki, u yerda hukumat tepasida xo‘jayinlarning o‘zlari o‘tiradi…

Varvara. Janna Betlingova Amerikada oqsoch xotinlarning avtomobilda bozorga qatnashlariga astoydil ishonadi.

Dostigayev. Albatta, mumkin. Faqat, ehtimolki… yolg‘on bo‘lsa. Xo‘sh, Varvara, sen hali ham askariy odamlar bilan o‘ralashasanmi? Podpolkovnik bo‘lging keladimi?

Varvara. Yeyilib ketgan gaplar! Xo‘sh, Tyatin, siz nima to‘g‘risida o‘ylanayotirsiz?

Tyatin. Shunday… o‘zimcha… bekor…

Yelizaveta (oyna oldida). Kecha Janna menga bir ajoyib latifa aytib berdiki, xuddi pand bergan gulday!

Dostigayev. Qani, qani, eshitaylik-chi?

Yelizaveta. Erkaklar oldida aytib bo‘lmaydi!

Dostigayev. Yaxshi gul ekan!

Varvara Yelizaveta qulog‘iga bir narsa deydi.

Yelizaveta. Hoy, er! Shishaning quyqumini yalagancha o‘tirasanmi bu yerda?

Dostigayev. Kimga xalaqit berayotirman?

Yelizaveta (Tyatinga). Siz, Styopochka, muqaddas kitobning mana bu oyatini bilasizmi: «Ollohning rahmatiga bo‘lur ul erkim, fosiqlar suhbatiga yurmasa va gunoh ko‘chalariga kirmasa»?

Tyatin. Ha, shunday bir narsani xotirlayman…

Yelizaveta (uning qo‘lidan oladi). Mana bular hammasi o‘sha gunohkor fosiqlar-u, siz oy, sevgi va boshqa shu singari narsalarni axtaruvchi mo‘mingina bir yigitsiz — shunday emasmi? (Olib chiqib ketadi.)

Dostigayev. Ha, laqma!

Varvara. Vasiliy Yefimovich, onam bilan Bashkin Melaniya xolamni chaqirdilar.

Dostigayev. So‘fiy xolangnimi? U hadik qilsa bo‘ladigan darrandalardan! U Dostigayev va Zvontsovlar shirkatiga qarshi, u muni xohlamaydi! U Kseniya Bulichova va Dostigayev shirkati bo‘lsin, deydi…

Zvontsov. U dastmoya qilib bergan pullarini ham qaytarib so‘rashi mumkin.

Dostigayev. Melaniyaning qancha puli bor o‘zi? Yetmish mingmi?

Zvontsov. To‘qson ming.

Dostigayev. Harholda oz mablag‘ emas! O‘z pulimi yo monastirnikimi?

Zvontsov. Muni qaydan bilaman?

Dostigayev. Bilish mumkin. Hamma narsani bilish mumkin! Mana, nemislarni ol: ular urush maydonidagi askarlarimizning adadinigina emas, ularning har birida nechta bit borligini ham biladilar.

Varvara. Siz jiddiyroq bir narsa desangiz bo‘lardi.

Dostigayev. Sevimli Varyusha, karmoningdagi pulning hisobini bilmasang, na oldi-sotti qilib bo‘ladi, na urush. Melaniyaning pulini mana bu yo‘l bilan bilish mumkin. Sekleteya Poluboyarinova degan bir xonim bor. U Nikandr hazratning tungi bedorliklariga sherik; hazrat bo‘lsalar pul degan narsani, kimniki bo‘lsa bo‘lsin, yaxshi ko‘radilar. Undan tashqari, yeparxiya idorasida bir odam bor, lekin uni zapasga saqlaymiz. Sen, Varyusha, o‘sha Boluboyarinova bilan gaplashuvni bo‘yningga ol, agarda pul monastirniki bo‘lib chiqsa bormi, undan narisini o‘zing bilasan! Shoshma, hali mening go‘zalim qayerga yo‘qoldi?

Glafira. Ovqat uyiga chiqasizlar ekan.

Dostigayev. Hozir. Xo‘sh, qani, ketdikmi?

Varvara (go‘yoki etagi kursiga ilashib qolganday). Andrey, chiqarishib yuborsang-chi! Sen unga ishonasanmi?

Zvontsov. Ahmoq bormidi?

Varvara. Qanday muttaham narsa ekan bu! Xolam to‘g‘risida topgan maslahatim chakki emas. Tyatinni qanday qilamiz?

Zvontsov. Uni o‘zim yo‘lga solaman.

Varvara. Tezroq bo‘lish kerak…

Zvontsov. Nega?

Varvara. Ko‘mgandan keyin, axir, ko‘p kutishga to‘g‘ri kelmaydimi? Otamning yuragi ham sust… Undan keyin, men bilgan boshqa sabablar ham bor.

Chiqadilar. Qarshilaridan Glafira kirib keladi. Ularga xitlik bilan qarab qoladi, so‘ngra stoldan idishlarni yig‘adi. Laptev kiradi.

Glafira. Kecha seni qamalgan, deb eshitgan edim.

Laptev. Yo‘g‘-e? Ehtimol, noto‘g‘ri gapdir.

Glafira. Hali ham hazilni qo‘ymaysan.

Laptev. Yegani hech narsa yo‘q, ko‘ngil o‘lgur toza shod!

Glafira. Hazil-hazil bilan boshing ketmasin.

Laptev. Yaxshi hazil bo‘lsa — urmaydilar, balki maqtaydilar. Demak, men yaxshi hazilga go‘sht oshayman, yomon hazilga musht oshayman…

Glafira. Ha, sayra, maynam, sayra! U yerda, Shuraning yonida Tonka Dostigayev o‘tiripti.

Laptev. E, qo‘y: uning keragi yo‘q!

Glafira. Shuraning o‘zini shu yerga chaqiraman shekilli?

Laptev. Topding! Bulichov qalay?

Glafira (achchiqlanib). Nega uni Bulichov deysan? Sening otaxo-ning-ku!

Laptev. Qo‘ying, Glasha xola, achchiqlanmang!

Glafira. Uning ahvoli og‘ir.

Laptev. Og‘ir! Shoshma, shoshma! Mening eng yaqin o‘rtoqlarim och o‘tirishipti, Glasha xola, ikki pudgina, iloji bo‘lsa, biror qop un topib berolmaysanmi?

Glafira. Nima qilay: senga deb xo‘jayinlarimnikidan o‘g‘irlab beraymi?

Laptev. Axir, bir bo‘layotgan ish emas-ku! Baribir, ilgari ham qilgansan bu gunohni, gunohi mening bo‘ynimda! Bechora bolalarning qorni o‘lguday och! Bu dargohda qilgan xizmatlaring uchun senga tegadigan haq xo‘jayinlarga tegadiganidan ortiq bo‘lishi kerak.

Glafira. Munaqa afsonalaringni ko‘p eshitganman! Ertaga erta bilan Donatga un jo‘natadilar, bir qop o‘shandan olarsan. (Chiqadi.)

Laptev. Ha, rahmat! (Divanga o‘tirib, juda qattiq— ko‘zidan yosh chiqquncha esnaydi, so‘ngra ko‘zini artib, u yoq-bu yoqqa qaraydi.)

Kseniya (so‘zlanib kiradi). Ajina isiriqdan qochganday qochishadi…

Laptev. Omonmisiz?

Kseniya. Voy, o‘lay! Hoy, bu yerda nima qilib o‘tiribsan?

Laptev. O‘tirmasdan yursam bo‘larmidi?

Kseniya. Izlaganda hech qaydan topilmaysan, izlamaganda shunaqa birvarakaysiga oyoq ostidan chiqib qolasan! Xuddi bekinmachoq o‘ynaganday. Otaxoning og‘rib yotipti, sen bo‘lsang hech parvo qilmaysan…

Laptev. Men ham kasal bo‘laymi yo‘qasa?

Kseniya. Siz hammangiz jinni bo‘libsiz, boshqalarni ham jinni qilasiz. Hech narsa tushunib bo‘lmaydi! Mana endi oq podshoni ham, Pugachev singari, qafasga qamamoqchi emishlar. Xo‘sh, dono yigit, yolg‘onmi bu gaplar?

Laptev. Mumkin, har narsaning bo‘lishi mumkin!

Glafira. Aksinya Yakovlevna, bir nafasga.

Kseniya. Yana nima deysiz? Bir nafas tinim yo‘q… E, xudo… (Chiqadi.)

Shura (yugurib kiradi). Omonmisan?

Laptev. Ha, Shurochka! Men Maskovga ketayotirman, pulim yo‘q, bir ilojini qilgin!

Shura. Mening o‘ttiz so‘m pulim bor, xolos.

Laptev. Ellik so‘m bo‘lsaydi-a?

Shura. Topaman.

Laptev. Kechqurun, poyezd vaqtigacha? Bo‘ladimi?

Shura. Ha. Menga qara, inqilob bo‘ladimi?

Laptev. Ha, boshlanib ketdi-ku! Nima balo, gazet o‘qimaysanmi?

Shura. Gazetga tushunmayman men.

Laptev. Tushunmasang, Tyatindan so‘ra.

Shura. Yakov, insof bilan ayt, Tyatin qanaqa odam?

Laptev. Ana, xolos! Sen, axir, yarim yildan beri har kun ko‘rishib turasan-ku.

Shura. Nomuslik odammi?

Laptev. Ha… durust, nomuslik.

Shura. Nega chuchmallanib aytasan?

Laptev. Bo‘shang narsa. Ta’bi tirriqroq. Bir narsadan ozurdami, deyman.

Shura. Nimadan?

Laptev. Dorilfununning ikkinchi sinfidan haydaptilar. O‘z akasiga mirzalik qiladi, akasi bo‘lsa…

Shura. Nima, Zvontsov yaramas odammi?

Laptev. Liberal ham kadet, ular umuman yaramas odamlar bo‘ladi. Pulni sen Glafiraga topshirgin, u menga yetkazadi.

Shura. Glafira bilan Tyatin senga yordam qilishadimi?

Laptev. Nima xususda?

Shura. Go‘llikni qo‘y, Yashka! O‘zing bilasan. Men ham yordam qilmoqchiman, bildingmi?

Laptev (hayron bo‘lib). Nima bo‘ldi senga, qizgina? Endi uyqudan uyg‘ondingmi?

Shura (achchiqlanib). Meni xo‘rlay ko‘rma! Ahmoqsan sen!

Laptev. Ehtimol, ahmoqdirman, lekin harholda men seni anglamoq istar edimki…

Shura. Varvara kelayotir.

Laptev. Men uni ko‘rgim yo‘q.

Shura. Ketdik bo‘lmasa… Tez.

Laptev (qo‘lini uning yelkasiga tashlab). Chinakam, senga nima bo‘ldi?

Chiqib, eshikni berkitadilar.

Varvara (eshik qulfining sharaqlaganini eshitadi, eshikka yaqin keladi, qabzasini aylantirib ko‘radi). Hi, Glafiramisan? (Pauza.) Birov bormi u yoqda? Qiziq… (Tezgina chiqib ketadi.)

Shura Dona tni yetaklab kiradi.

Donat. Hoy, Shurajon, qayerga sudraysan meni?..

Shura. To‘xta! Aytib ber menga: otamni shaharda izzat qiladilarmi?

Donat. Boy odamni har qayda izzat qiladilar. Sho‘xliging qolmaydi sira…

Shura. Izzat qiladilarmi yo qo‘rqadilarmi?

Donat. Qo‘rqishmasa, izzat qilisharmidi?

Shura. Nimaga yaxshi ko‘radilar?

Donat. Yaxshi ko‘radilar? Unisini bilmayman.

Shura. Yaxshi ko‘rganlarni bilasanmi?

Donat. Unimi? Qaydam? Izvoshchilar uni yaxshi ko‘rishadirganga o‘xshaydi, nega desang, u izvoshga baholashmasdan tushar ekan-da, so‘raganlarini berar ekan. Izvoshchi xalqi shunaqa: biri-biriga aytadi-yu shu bilan…

Shura (er tepinib). Masxara qilayotirsanmi?

Donat. Nega? Men haq gapni aytayotirman.

Shura. Sening fe’ling aynipti. Sen butun boshqa odam bo‘lib qolibsan!

Donat. E, bizga boshqa odam bo‘lish qayoqda? Vaqtim o‘tgan mening.

Shura. Otamni maqtagan o‘zing eding.

Donat. Uni yomonlaganim ham yo‘q. Har kim o‘z qadricha…

Shura. Hammangiz yolg‘onchisiz!

Donat (boshini quyi egib, qattiq nafas olib). Achchig‘ing kelmasin, achchiq bilan hech narsa uqtirolmaysan.

Shura. Bor, yo‘qol! Menga qara, Glafira… Birov kelayotganga o‘xshaydi… (Eshik pardasiga berkinadi.)

Aleksey Dostigayev kiradi; olifta, bo‘qoq, shim, isves (shved) kurtkasi; hammayog‘i qayish bilan karmon.

Aleksey. Borgan sari ochilayotirsizmi, deyman, Glasha?

Glafira (qovog‘i soliq). Xush yoqadigan gaplar…

Aleksey. Ammo menga xush yoqmaydi. (Glafiraning yo‘lini to‘sadi.) O‘zimniki bo‘lmasa, har qanday yaxshi narsani ham yoqtirmayman.

Glafira. Yo‘l bering, yaxshi yigit…

Aleksey. Marhamat qiling. (Bir esnab olib, soatiga qaraydi.)

Antonina kiradi, bir oz keyin — Tyatin.

Shura. Sen, aftidan, oqsoch xotinlarga ham xushomad qila berasan?

Antonina. Munga baribir: baliqlarga ham xushomad qila beradi.

Aleksey. Oqsoch xotinlarning kiyimlarini yechib qo‘ysang, tannoz oyimlardan qolishadigan joyi yo‘q.

Antonina. Eshitayotirsanmi? Bu endi, qachon ko‘rsang, shunday gaplarni gapiradigan bo‘liptiki, eshitgan odam buni urush maydoniga borgan, demaydi, buzuqxonada yashagan, deydi…

Shura. Bu ilgari ham shunaqa erinchoq narsa edi-ku, lekin so‘zga muncha dadil emas edi.

Aleksey. Men ishga ham dadilman.

Antonina. Voy, muning yolg‘on aytishini-ey! Bu, qo‘rqoq, juda yomon qo‘rqoq. Birorta o‘gay ona yo‘ldan urmasin, deb shunaqa qo‘rqadiki!

Aleksey. Buncha to‘qiysan! Esi past qiz!

Antonina. Undan keyin, o‘lgudek ochko‘z! Bilasanmi, xunuk gap gapirmaydigan, birorta kuningga deb unga bir so‘mu yigirma tiyin bersam, shuni oladi.

Aleksey. Tyatin! Antonina sizga yoqadimi?

Tyatin. Ha, juda.

Shura. Men-chi?

Tyatin. Gapning rostini aytsammi..

Shura. Ha, albatta, rostini!

Tyatin. Siz uncha yoqmaysiz.

Shura. Shundaymi? Rostmi?

Tyatin. Ha.

Antonina. Ishonma! U xuddi oriyat haqida gapirganday qilib aytdi.

Aleksey. Siz, Tyatin, Antoninaga uylansangiz bo‘lar edi. U mening jonimga tekkan…

Antonina. Uning o‘chkur! Tur, yo‘qol! Bo‘g‘oz bo‘lgan kirchi xotinga o‘xshaysan.

Aleksey (uning belidan quchoqlab). Oh, qanday begoyim! Dimog‘ingizni munchalar minora aylamaygaysiz, taqsirim.

Antonina. Yo‘qol, deyman!

Aleksey. Jonim bilan. (U bilan o‘yinga tushadi.)

Shura. Men, balki, sizga sira yoqmasman, Tyatin?

Tyatin. Nega siz meni bilmakchi bo‘lasiz?

Shura. Kerak. Qiziqaman.

Aleksey. Sen nega imillaysan? U o‘zi senga tegaman, deb olib ketayotir. Shu topda hamma qizlar urush qahramonlariga tegib, tul qolishni orzu qiladilar. Nega desang: payogi, shuhrati, nafaqasi bor.

Antonina. U o‘zi shu gapi bilan qoyil qildim, deb o‘ylaydi!

Aleksey. Ketdim endi. O‘z yo‘limga, Tanya, eshik oldigacha uzatib qo‘y meni.

Antonina. Xohlamayman!

Aleksey. Keraging bor menga. Jiddiy aytaman, yur!

Antonina. Bo‘lsa-mo‘lsa bir bema’ni gapdir.

Shura. Tyatin, siz haqqoniy odammisiz?

Tyatin. Yo‘q.

Shura. Nega?

Tyatin. Zararlik.

Shura. Modomiki, shunday deysiz, demak, haqqoniy odam ekansiz. Xo‘sh, endi darhol javobini bering: menga uylaning, deb sizga kengash beruvchilar bo‘ldimi?

Tyatin (papirosini cheka-cheka, tixir qilibroq). Bo‘ldi.

Shura. Bu maslahatning yaramasligini o‘zingiz bilasizmi?

Tyatin. Bilaman.

Shura. Ha, siz… Kutmagan edim, lekin! Men o‘ylagan edimki, siz…

Tyatin. «Yomon odam», deb o‘ylagan bo‘lsangiz kerak?

Shura. Yo‘q, siz… juda yaxshi ekansiz! Balki, biz ayyordirmiz, shundaydir? O‘zingizni haqqoniy ko‘rsatadigandirsiz? Mening boshimni aylantirish uchun.

Tyatin. Bu narsa mening qo‘limdan kelmaydi. Siz — eslik, uziqora, sho‘x qizsiz; xuddi otangizga o‘xshaysiz. Gapning rosti, men sizdan qo‘rqaman ham. Yegor Vasilevichga o‘xshab sariqsiz. O‘t o‘chiruvchilarning mash’ali singari.

Shura. Sizga, Tyatin, yo ofarin o‘qish kerak, yo bo‘lmasa muncha ayyorligingizga tan berish kerak…

Tyatin. Sizning yuzingiz ham allanechuk — hech kimda ko‘rilmaydigan yuz…

Shura. Yuz to‘g‘risidagi bu so‘zlar, haligi kaltak zarbasini yumshatish uchun bo‘lsa kerak. Yo‘q, siz ayyor odamsiz!

Tyatin. Xohlaganingizni o‘ylang. Meningcha, siz, albatta, bir yomon ish qilib qo‘yasiz! Men bo‘lsam, bir xil aybdor kuchuklarga o‘xshab, oyog‘imni yuqori ko‘tarib yotishga o‘rganganman, bilsangiz…

Shura. Aybdor, deysiz, ayblari nima?

Tyatin. Bilmayman, ayblari shuki, o‘zlari kuchuk bola, undan keyin tishlari yo‘q, birovni tishlay olmaydilar.

Antonina (kirib keladi). Anovi tentak Alyosha qulog‘imni shunday yomon buradiki, xuddi o‘t chiqib ketdi, dedim. Kisovurga o‘xshab bor pulimni shilib oldi! Bu bola ichkilikka berilib rasvo bo‘ladi, bu turgan gap! U bilan siz shunaqa — hech narsaga yaramaydigan «kupets» bolalarimiz. Sen kuladigandirsan?

Shura. Tonya, muni yomonlab men senga nima degan bo‘lsam, hammasini unut!

Antonina. Tyatin to‘g‘risidami? Nimalar deb eding? Esimda yo‘q mening.

Shura. Uning menga uylanmakchi bo‘lib yurganini.

Antonina. Muning nimasi yomon?

Shura. Pul uchun.

Antonina. Ha, durust! Bu, lekin, hayvonlikdan boshqa narsa emas, Tyatin!

Shura. Essizki, sen men bergan savollarga muning qanday javoblar berganini eshitmading.

Antonina. Varumniki singari so‘zlardir. Shubertning «Varum»i esingda bormi?

Tyatin. Rostdan Shubertnikimi?

Antonina. Varum marabu degan qushga juda o‘xshaydi, u qush juda tund narsa bo‘ladi, o‘zi… Afrikada yashaydi.

Shura. Nimalarni to‘qib yotirsan?

Antonina. Mening vahimalik narsalarga borgan sari havasim ortadi. Vahimalikki bo‘ldi, zerikmaysan kishi. Qorong‘i-zimistonda o‘tirib, kattakon bir ilonning vishillab kirib kelishini kutib o‘tirishdan zavq olardim..

Tyatin (kulib). Behishtga kirgan ilonningmi?

Antonina. Yo‘q, qo‘rqinchrog‘ining.

Shura. Sen antiqa narsasan. Hammavaqt yangi-yangi narsalarni topib gapirasan. Boshqalar bo‘lsa hadeb bir narsani qaytara berishadi. Urush, Rasputin, oq podshoning xotini, nemislar, urush, inqilob…

Antonina. Sen yo aktrisa bo‘lasan, yo so‘fiy xotin.

Shura. So‘fiy xotin? Behuda narsa!

Antonina. So‘fiy xotin bo‘lish juda qiyin, doim bir rolni o‘ynash kerak bo‘ladi.

Shura. Men Zolyaning Nanasi singari satang bo‘lsam, deyman.

Tyatin. Hali sizdan chiqadigan gap shumi? Bo‘lgan ekan!

Shura. Men odamlarni yo‘ldan ursam, suzsam, o‘ch olsam, deyman.

Tyatin. Nima uchun?

Shura. Men sariq tug‘ilib qolganim uchun, otam kasal bo‘lgani uchun… Hammasi uchun! Inqilob boshlangandan keyin men qanot yoyaman! Ko‘rasan!

Antonina. Inqilob bo‘lishiga ishonasanmi sen?

Shura. Ha! Ha!

Tyatin. Inqilob bo‘ladi!

Glafira. Shura, Melaniya, ana, keldilar. Yegor Vasilevich uni shu yerda qabul qilmoqchi.

Shura. Voy, xolam kelipti. Qochingiz, bolalar, mening yonimga! Tyatin, siz akangizni juda yaxshi ko‘rasizmi?

Tyatin. U mening o‘gay akam.

Shura. Bu javob emas.

Tyatin. Umuman, hamma qarindoshlar ham bir-birlarini uncha yaxshi ko‘rmasalar kerak.

Shura. Siz juda g‘alati odamsiz, Tyatin!

Tyatin. Qandoq qilay?

Shura. Kiyim kiyishlaringiz ham g‘alati.

Chiqadilar. Glafira parda ketida ko‘rinmay turgan eshikni ochadi. Yoshlar chiqqan eshikda Bulichovko‘rinadi. So‘fiy xotinlar boshlig‘i Melaniya, qo‘lida hassasi, asta-sekin va sipolarcha qadam qo‘yib kirib keladi. Glafira boshini quyi egib, pardani ushlagan holda turadi.

Melaniya. Sen, hali ham shu yerda surkanib yuribsanmi? Seni haydab yubormadilarmi? Xayr, yaqinda haydaydilar.

Bulichov. Unda sen meni so‘fiylikka olgin, puli bor.

Melaniya. Ha, sen shu yerdamisan? Voy, Yegor, odamlik tusing qolmapti sening! Yo parvardigor-a!

Bulichov. Glaxa, eshikni yop, undan keyin bu yerga hech kimni kirgizma. O‘tir… eshonoyim! Qanday ishlar xususida gaplashamiz?

Melaniya. Doktorlaring foyda bermadimi? Ha! Ko‘rasanmi, xudovandi karim kun chidaydi, oy chidaydi, yil chidaydi…

Bulichov. Xudovandi karim to‘g‘risida — keyin, kel, ilgari ish to‘g‘risida gaplashaylik. Men bilaman: puling to‘g‘risida gaplashgali kelgansan.

Melaniya. Pul meniki emas, monastirniki.

Bulichov. Baribir emasmi: monastirniki, ya’ni xonaqoniki, xonaqoniki — talaganniki. Nega pulning tashvishini qilasan? Men o‘lsam, kuyib ketadi, deb qo‘rqasanmi?

Melaniya. Ular kuyib ketmaydi-ku-ya, birovlarning qo‘liga tushmasin, deyman.

Bulichov. Bo‘lmasa, ishlab turgan joyidan tortib olaman, deysanmi. Menga baribir, olaver. Lekin, bilib qo‘y: boy berasan! So‘m degan narsa shu tarzda sollotning bitiday biri ming bo‘layotir. Men bo‘lsam, unaqa o‘ladigan kasal emasman…

Melaniya. O‘limning vaqti-soati bandasiga ma’lum emas. Din amriga muvofiq vasiyatingni yozdingmi?

Bulichov. Yo‘q!

Melaniya. Vaqti keldi. Yozish kerak! Birdan xudovandi karim chaqirib qolsa…

Bulichov. Nima keragim bor unga?

Melaniya. «Astag‘furullo», de! Unaqa kufur xatoni eshitgani tobim yo‘q, undan keyin mening mana bu ruhoniylik rutbam ham ko‘tarmaydi…

Bulichov.E, bas qil munaqa gaplarni, Melaniya! Biz bir-birimizni ko‘rib bilamiz, sinab ham bilamiz. Pul kerak bo‘lsa, olaver, Bulichovda pul deganing ko‘p!

Melaniya. Dastmoya solib ishlab turgan pulni olmoqchi emasman, ammo veksellarni Aksinya nomiga yozdirib qo‘ymoqchiman. Mana shu seni ogohlantirganim bo‘ladi.

Bulichov. Shunday, degin. Hay, mayli: bu ish — sening ishing! Ammo-lekin, men o‘lganimdan keyin Zvontsov Aksinyani tushiradi. Varvara bu to‘g‘rida Zvontsovga yordam beradi…

Melaniya. Ha, tiling boshqacha aylanib qoldimi?

Bulichov. Mening boshqa narsaga jahlim chiqadi. Qani, kel, endi xudo to‘g‘risida, ruh to‘g‘risida gaplashaylik.

Yigitlik, yoshlik chog‘imda ko‘p jurmu xato bo‘ldi, Qarilik vazmini cho‘kkach, kerakdir tavbalar qilmoq.

Melaniya. Xo‘sh, qani… gapir!

Bulichov. Mana sen kecha-kunduz xudoning qulligini qilasan, chunonchi, masalan, Glafira mening qulligimni qilganday.

Melaniya. Kufurga ketma! Esingni yedingmi? Glafira kechalari senga qanaqa qullik qiladi?

Bulichov. Aytib beraymi?

Melaniya. Kufurga ketma, deyman! Esing kirsin!

Bulichov. O‘shqirma! Men sodda qilib gapirayotirman: sertakalluf duolar tili bilan emas, odamzod tili bilan. Sen Glafiraga: «Yaqinda seni haydaydilar», deding. Demak, tezda o‘lib ketishimga ishonar ekansan-da? Bu nega kerak? Ana, Vovka Dostigayev, mendan to‘qqiz yosh katta, muttahamlikda meni qochiradi, ammo o‘zi soppa-sog‘, hali ko‘p umr ko‘radi. Xotini bo‘lsa — uchchiga chiqqanlardan! Albatta, men gunohkor bir bandaman, odamlarga ozor berganman, ishqilib… Har to‘g‘rida… gunohkorman. Unday desak, ozor bermagan kim bor? Boshqa iloji ham yo‘q, dunyo shu o‘zi.

Melaniya. Sen mening oldimda, odam bolalari oldida tavba qilmasdan, xudoning oldida tavba qil. Bandasi kechirolmaydi, xudo bo‘lsa — yorlaqovchi. O‘zing bilasan: burun zamonlarda o‘g‘rilar gunohni qilib-qilib xudoga bir tavba-tazarru qilishar ekan-da, shu bilan gunohlaridan poklanishib ketar ekan!

Bulichov. Ha, albatta, o‘g‘irlab-o‘g‘irlab o‘sha o‘g‘irlik pul bilan ibodatxonaga sham yoqib qo‘ysang — sendan yaxshi kim bo‘ladi?

Melaniya. Yego-or! Yomon ayniding, quloq solmayman! Sen esi yo‘q odam emassan, tushunishing kerakki, xudoning izni bo‘lmasa, shayton yo‘ldan urolmaydi.

Bulichov. Ha, barakalla, rahmat, rahmat!

Melaniya. Bu nima tag‘in?

Bulichov. Tinchitib qo‘yding. Mundan chiqadiki, shayton odamlarni yo‘ldan uraman, desa, xudo bemalol yo‘l qo‘yar ekan, demak, haligi gunoh ishlarda shayton bilan menga sherik ekan-da?..

Melaniya (o‘rnidan turib). Bu gaplaring… Sening bu gaplaring shunday gaplarki, ruhoniy ulug‘imiz Nikandrga yetguday bo‘lsa…

Bulichov. Mening xatom qayda?

Melaniya. Zindiqsan sen! O‘zing o‘yla: Aynigan miyangga nimalar kelib ketmayapti? O‘zing tushunasan-ku: shaytonning seni yo‘ldan ozdirishiga xudo izn bergan bo‘lsa, demakki, u sendan yuz o‘giripti.

Bulichov. Yuz o‘giripti? Nima uchun? Pulni yaxshi ko‘rganim uchun, xotinlarni yaxshi ko‘rganim uchun, sening esi past singlingga — puliga qiziqib uylanganim uchun, sen bilan o‘ynashib yurganim uchun — mana shular uchun yuz o‘girdimi? E, sen o‘zing bir go‘ng qarg‘aga o‘xshaysan, hadeb g‘ag‘illaysan, ma’ni degan narsa yo‘q!

Melaniya (o‘zini yo‘qotar darajada). Senga nima bo‘ldi, Yegor? Jinni-minni bo‘ldingmi? Yo Olloh…

Bulichov. Jom ostida kechasi-yu kunduzi ibodat qilasan. Kimga ibodat qilganingni o‘zing bilmaysan.

Melaniya. Yegor! Halokatga uchrayotirsan! Do‘zax qa’riga… Shunday nozik zamonda… Dunyo buzilayotir, qancha podsholardan qolgan taxtni yomonlar tebratib yotir. Dajjoli la’in zamoni… Ehtimol, qiyomat-qoyim yaqindir…

Bulichov. Esingga tushdi hammasi! Oxir zamona… Qiyomat-qoyim… Hammasi! Eh, qarg‘a! Allaqaydan uchib kelib, toza g‘ag‘illading! Bor endi, o‘z chiltonxonangga borib, o‘sha so‘fiy qizlaring, taqvodor kampirlaring bilan o‘pishib yot! Pul o‘rniga mendan mana buni olasan, ma! («Kukish» ko‘rsatadi).

Melaniya (hayron, kresloga xuddi yiqilganday bo‘lib o‘tiradi). Voy, muttaham — o‘g‘ri!..

Bulichov. Glafira — zoniyami? Sen o‘zing-chi? O‘zing nimasan?

Melaniya. Yolg‘on… yolg‘on… (O‘rnidan irg‘ib turib ketadi.) Muttaham! Yaqinda juvonmarg bo‘lasan! Hashorat!

Bulichov. Yo‘qol! Yo‘qol shu yerdan! Bekorga…

Melaniya. Ilon… iblis…

Bulichov (o‘zi yolg‘iz, baqiradi, o‘ng biqinini silaydi, qichqiradi). Glafira! Hoy!

Kseniya. Nima deysan? Melaniya qani?

Bulichov. Uchib ketdi!

Kseniya. Obbo, yana urishdingizmi?

Bulichov. Sen qachongacha o‘tirasan shu yerda?

Kseniya. Bir og‘iz gapimga quloq sol, axir, Yegor! Men bilan hali ham sira gaplashmay qo‘yding, joni yo‘q maymunmanmi men! Bu qanday muomila, axir?

Bulichov. Bo‘l, bo‘l, gapingni gapir!

Kseniya. Nima balolar boshlandi biznikida? Yo qiyomat-qoyim bo‘ldimi? Kuyovimiz yuqorida o‘z uyida ishratxona ochipti, ertadan-kechgacha odamlar yig‘ilib majlis qilishar ekan. Kecha yetti shisha qizildan ichiptilar, yana qancha araq… Darvozabonimiz Izmoil kelib «dod» dedi: mirshablar kelaverib joniga tegipti, hadeb biznikiga kimlar kelganini so‘rarmish. Ular bo‘lsa u yerda hadeb oq podsho to‘g‘risida, vaziru vuzarolar to‘g‘risida gapirisharmish. Har kun shu ishrat, deydi. Nega boshingni quyi solib olding?

Bulichov. Bo‘l, bo‘l, gapingni tugat! Yoshligimda men ham shunaqa cholg‘u bilan ishrat qilishni yaxshi ko‘rardim.

Kseniya. Malasha nega kelgan ekan?

Bulichov. Sen, Aksinya yolg‘onni eplayolmaysan! Munga ahmoqlik qilib qolasan.

Kseniya. Qachon men yolg‘on aytibman, qayerda?

Bulichov. Shu yerda. Melaniya sen bilan gapni bir joyga qo‘yib, pul to‘g‘risida gaplashgali kelgan.

Kseniya. Men qachon u bilan gapni bir joyga qo‘yibman; shu ham gapmi?

Bulichov. Ha, bo‘pti. Og‘zingni yum…

Dostigayev, Zvontsovva Pavlin lar jonlangan bir holda keladilar.

Dostigayev. Yegor, gapga quloq sol: Pavlin domla Maskovdan g‘alati gaplar topib kelipti…

Kseniya. Sen yotib orom olsang bo‘lardi, Yegor!

Bulichov. Xo‘p, qulog‘im… domlada!

Pavlin. Gapiradigan yaxshi gapim juda oz, undan keyin, mening fikrimcha, shu zamonning yaxshi narsasi ham — yomon, charoki urushdan burungi maishat endi bir xayol bo‘lib qoldi…

Dostigayev. Yo‘q, men munga noroziman! Yo‘-o‘q!

Zvontsov qaynonasi bilan pichirlashadi.

Kseniya. Yig‘layaptimi?

Dostigayev. Kim yig‘laydi?

Kseniya. So‘fiy kampirimiz.

Dostigayev. Nima bo‘lipti unga?

Bulichov. Qani, chiqib xabar olinglar-chi, nimadan qo‘rqdi ekan? Qani, domla, o‘tiring. Gapni eshitaylik.

Dostigayev. Qiziq, bu Melaniya nimasini qizg‘onib yig‘lar ekan?

Pavlin. Maskovda katta hayajon bor. Hatto aqli hushi jihatidan solih sanalgan odamlar ham — «Oq podsho mamlakat idorasini eplolmayapti, uni tushirish kerak!» deydilar.

Bulichov. Yigirma yildan beri eplab kelgan edi.

Pavlin. Umrning o‘tishi bilan odamning quvvati kamayadi.

Bulichov. O‘n uchinchi yilda Romanovlar xonadoni uch yuz yillik bayramini o‘tkazgan vaqtda, Nikolayning o‘zi kelib, mening qo‘limni siqqan edi. Hamma xalq, butun Kostroma xursandlik qilgan edi.

Pavlin. Bu rost. Chinakam, xalq xursandlik qilgan edi.

Bulichov. Endi nima bo‘lipti? Mana, Dumamiz ham bor… Yo‘q, gap podshoda emas… Gap tub negizda…

Pavlin. O‘sha tub negiz — podsho idorasida.

Bulichov. Hamma narsa bir kuchga… o‘z kuchiga tayanib turadi… Xo‘sh, qani endi o‘sha kuch? Urush maydonida biz uni ko‘rmadik…

Pavlin. Duma kuchlarning to‘zishiga sabab bo‘ldi.

Yelizaveta (ostonada turib). Domla, taqsir, siz va’z-nasihat bilan mashg‘ulmisiz?

Pavlin. Xo‘sh, nima gapinglar bor edi?

Yelizaveta. Mening erim qani?

Pavlin. Shu yerda edi!

Yelizaveta. Bukun muncha zaptiga olibsiz, domla taqsir? (Ko‘zdan yo‘q bo‘ladi.)

Bulichov. Taqsir…

Pavlin. Nima deysiz?

Bulichov. Biz hammani «ota» deymiz. Bizda: xudo — ota, oq podsho — ota, siz — ota, men — ota. Ammo-lekin, kuchimiz yo‘q. Hammamiz o‘lim uchun yashaymiz. Men o‘zimni aytayotganim yo‘q, men urush to‘g‘risida, u ulgurji o‘lim to‘g‘risida gapirayotirman. Xuddi ot o‘yinidagi singari, katakda yotgan yirtqich arslonni odamlar ustiga qo‘yib yuborganlar.

Pavlin. Siz tinchlaning, Yegor Vasilevich…

Bulichov. Nechik? Kim meni tinchitadi? Nima bilan? Xo‘p, tinchiting meni siz… domla! Tinchitadigan kuchni ko‘rsating!

Pavlin. Kitobi muqaddasni o‘qing, chunonchi, masalan, Iso Navinning Tavrotini xotirlash yaxshi bo‘ladi… Urush — kitobda bor…

Bulichov. Gapirma! Qanday kitob u? Kitob emas, afsona. Oftobni to‘xtatib bo‘lmaydi. Yolg‘on!

Pavlin. Norozi bo‘lish, nolish — zo‘r gunoh. O‘zimizning gunohlar bilan to‘lib-toshgan bu hayotimiz uchun yuborilgan ilohiy jazoni muloyim bir ko‘ngil bilan bo‘yin egib qarshi olishimiz kerak.

Bulichov. Oqsoqolimiz Aleksey Gubin sizga ozor yetkizganda siz o‘zingiz bo‘yningizni egib berdingizmi? Siz uni sudga berib, Zvontsovni zakonchilikka yollamadingizmi? Sizni bosh ruhoniy yoqlab chiqmadimi? Xo‘sh, qani: mana bu dardim ustidan kimga ariza beraman? Vaqtidan burun o‘lib ketishim to‘g‘risida kimga «dod» deyman? Siz o‘zingiz indamasdan o‘lib ketasizmi? Muloyim ko‘ngil bilan? Yo‘q, bir o‘kirasiz, bir «dod-voy» qilasizki!

Pavlin. Mening ruhoniy mansabim menga munaqa gaplarni eshitishga yo‘l qo‘ymaydi. Charoki, bular shunday so‘zlarki…

Bulichov. Qo‘ying, taqsir! Siz ham odamsiz. Bu rido — bir parda, xolos, u bo‘lmasa siz menga o‘xshagan oddiy bir odamsiz. Doktor bo‘lsa, yuraging yomon, yog‘ bosgan, deydi…

Pavlin. Bunday gaplardan nima chiqadi? O‘zingiz o‘ylang-u vahm qiling! Necha ming yillardan beri qaror topib qolganki…

Bulichov. Qaror topipti-yu, lekin mustahkam bo‘lmapti.

Pavlin. Lev Tolstoy zindiq odam edi, beimonligi vajidan dindan mardud bo‘layozgan edi; ammo o‘limdan, xuddi darranda singari, o‘rmonlarga qochdi.

Kseniya. Yegor Vasilevich, Mokey kelipti. Yakovni kechasi jandarmalar qamoqqa olib ketishipti, shunga so‘raydiki…

Bulichov. Xo‘p, qulluq sizga, domla Pavlin… nasihatlaringiz uchun! Sizga yana… zahmat berarman! Bashkinni chaqir, Aksinya! Glafiraga ayt: shirbirinchini olib kelsin. Anavi dorini ham.

Kseniya. Araq senga yoqmaydi…

Bulichov. Hamma narsa yoqadi! Bor! (Kulimsirab, u yoq-bu yoqqa qaraydi, g‘uduranadi.) Domla Pavlin… lain… Sen, Yegor, papiros cheksang bo‘lardi. Tutun bo‘lsa yaxshi, ko‘p narsani berkitadi… Xo‘sh, Mokey, nima gap?

Bashkin. Qalaysiz. Yegor Vasilevich?

Bulichov. Tuzalib kelayotirman. Yakovni qamoqqa oldilarmi?

Bashkin. Ha, bugun kechasi. Yomon bo‘ldi!

Bulichov. O‘shaning o‘zinimi?

Bashkin. Aytishlaridan allaqaysi bir soatsozni, undan keyin qizingiz Aleksandrani o‘qitgan Kalmikova degan muallimani, mashhur to‘polonchilardan kochegar Yerixovni. O‘ntacha bor emish.

Bulichov. Hammasi o‘sha: «Oq podsho yo‘q bo‘lsin!» deganlardanmikin?

Bashkin. Ular bu to‘g‘rida… har xilga bo‘linarmish: ba’zilari: «Oq podsho yo‘q bo‘lsin!» dermish, ba’zilari bo‘lsa — «Hamma boylar ham yo‘q bo‘lsin, yurtni ishchilar o‘zi so‘rasin», deydimish…

Bulichov. Behuda gap!

Bashkin. Albatta.

Bulichov. Butun mamlakatni ichib bitiradilar.

Bashkin. Boshqa nima bo‘lardi!

Bulichov. Ha… Bordi-yu ichib bitirishmadimi?

Bashkin. Ular, axir, xo‘jayinsiz nima qila olardilar?

Bulichov. Rost. Sen bo‘lmasang, Vasiliy Dostigayev bo‘lmasa, yashab bo‘ladimi?..

Bashkin. Siz o‘zingiz ham xo‘jayinsiz-ku…

Bulichov. Bo‘lmasam-chi? Men ham. Nima deb ashula aytar emish?

Bashkin. «Eski dunyolarni tashlaymiz biz…»

Bulichov. Xo‘sh?

Bashkin. «Changini qo‘ymayin artamiz…»

Bulichov. So‘zlari ibodatga o‘xshaydi.

Bashkin. Ibodatga o‘xshash qayoqda? «Podshoni… o‘rdani yomon ko‘ramiz» emish…

Bulichov. Shundaymi! Xoh-ho… A, shaytonlar-ey!.. (O‘ylanib.) Xo‘sh, sen nima deysan?

Glafira shirbirinch bilan araq keltiradi.

Bashkin. Menmi? Hech nima?

Bulichov. Nega kirding bo‘lmasa?

Bashkin. Yakovning o‘rniga kimni qo‘yamiz? Shuni so‘ramoqchi edim.

Bulichov. Potapovni, Sergeyni.

Bashkin. U ham shu yo‘ldagi odamlardan: na xudoga unaydi, na podshoga…

Bulichov. U ham-a?

Bashkin. Ruxsat bersangiz: Mokrousovni qo‘ysak. Biznikiga kirishga juda talabgor. O‘zi savodlik, abjir odam.

Glafira. Osh soviydi.

Bulichov. Mirshabni aytasanmi? Anavi o‘g‘rini-ya? Xo‘sh, u nima deydi?

Bashkin. Shu tobda mirshab bo‘lib xizmat qilish xavflik, ko‘plar chiqishib ketayotir.

Bulichov. Xo‘p. Xavflik emishmi? Eh, quyonlar… Yaxshi, Potapovni yubor. Ertaga erta bilan… Bor Glaxa, karnaychi keldimi?

Glafira, ovqatni yeb bo‘lganimdan keyin olib kir uni. Nima balo: uy jimjit bo‘lib qoldi?

Glafira. Hamma yuqorida.

Bulichov. Ha, bo‘pti. Xo‘sh… Nega qovog‘ing soliq?

Glafira. Ichma, o‘zingga-o‘zing qilma, kasalingni orttirma, axir! Tashla bularni, ket bu yerdan. Bular, zuluk singari so‘rib qo‘yishadi seni… Tiriklay so‘rib qo‘yishadi! Ketaylik… Sibirga…

Bulichov. Qo‘yvor, og‘rib ketdi…

Glafira. Sibirga ketaylik, men ishlayman… Xo‘sh, nima qilasan sen bu yerda, nima keraging bor? Hech kim seni sevmaydi, hamma o‘lishingni kutadi…

Bulichov. Bas qil, Glaxa… Ko‘nglimni buzma. Men hammasini ko‘rib bilib turaman! Sening menga qancha jonkuyar ekaningni ham bilaman… Senu Shurka, bor-yo‘g‘i ikkovingni orttirdim, xolos… Boshqalar meni boshidan oshirib tashlagan… Balki, hali tuzalib ketarman… Karnaychini chaqir-chi, qani…

Glafira. Ovqatni yesang-chi.

Bulichov. Olib bor ovqatingni, ovqating qursin! Shurkani chaqir. (O‘zi yolg‘iz qolgach, qadahni birin-ketin ko‘taradi.)

Karnaychi kiradi. U — arvoh, ayanch va kulgi bir odam; yelkasida qayish bilan osilgan qop, ichida karnayi.

Karnaychi. Sizga baland darajalikda salomatlik tilayman.

Bulichov (hayron). Muni qarang! O‘tir. Glaxa, eshikni berkit. Ha, karnaychi sen ekansan-da…

Karnaychi. Shunday.

Bulichov. E-e, xashaki bir odam! Qani, gapir: qanaqa qilib davolaysan?

Karnaychi. Mening davolash yo‘lim sodda, ey baland darajalik; lekin odamlar aptik dorisi bilan davolanishga o‘rganib qolganlaridan menga ishonmaydilar, shu uchun pulni oldin berib qo‘yishingizni so‘rayman.

Bulichov. Mana bu usulni yaxshi topibsan, lekin! Faqat shunisi bor: tuzata olasanmi, yo‘qmi?

Karnaychi. Yuzlarcha odamni tuzatdim.

Bulichov. Ammo boy bo‘lolmapsan.

Karnaychi. Halol ish qilib boy bo‘lish mumkin emas.

Bulichov. Xoh-ho, shunaqamisan sen hali? Qanday kasallarni davolaysan?

Karnaychi. Hamma dardlar odamning qornida yomon havo to‘planib qolganidan paydo bo‘ladi, shu sababdan men har qanday kasalni davolayman…

Bulichov (kulib). Barakalla, botir! Qani, karnayingni ko‘rsat-chi…

Karnaychi. Bir so‘m bera olasizmi?

Bulichov. Bir so‘m. Bo‘ladi. Glaxa, senda bormi? Ana, ol. Arzon ekan.

Karnaychi. Bu hali boshlang‘ichi. (Xaltani ochib, yo‘g‘on ovozli karnayni oladi.)

Shura yugurib kiradi.

Bulichov. Katta bir samovar-a… Shurajon, qalay bu em-chi? Qani, pufla-chi!

Karnaychiyo‘taladi, ko‘p ham qattiq puflamasdan chaladi, yana yo‘taladi.

Bulichov. Shu xolosmi?

Karnaychi. Har kuni to‘rt marta besh minutdan puflasangiz — bas!

Bulichov. Ovozi bo‘g‘ilib o‘ladi-qoladi, degin?

Karnaychi. Aslo! Yuzlarcha odamni tuzatganman!

Bulichov. Xo‘p. Xo‘sh, endi rostini ayt-chi: sen o‘zing nimasan — devonami — odam aldovchimi?

Karnaychi (uh tortib). Mana, xolos: siz ham boshqalarga o‘xshab ishonmaysiz.

Bulichov (kulimsirab). Karnayingni yig‘ishtirib tur hali! Rostini ayt: devonamisan, aldamchimisan? Pul beraman!

Shura. Ota, bechorani xafa qilmang!

Bulichov. Xafa qilayotganim yo‘q, Shurajon! Oting nima, eshoni hakim?

Karnaychi. Isrofil Uvekov …

Bulichov. Isrofil? (Kuladi.) Obbo… xudo urdi… Chinakam Isrofilmi?

Karnaychi. To‘g‘ri bir ot… Hech kuladigan joyi yo‘q!

Bulichov. Xo‘sh, sen kim bo‘lding endi: tentakmi yo yolg‘onchimi?

Karnaychi. O‘n olti so‘m berasizmi?

Bulichov. Glaxa, olib kel! Narigi uyda… Nega o‘n olti so‘m, deysan, Isrofil?

Karnaychi. Adashibman! Ko‘prak so‘rasam bo‘lardi.

Bulichov. Demak, tentak ekansan-da?

Karnaychi. Yo‘q-e, men telba emasman…

Bulichov. Unday bo‘lsa, odam aldovchi ekansan-da?

Karnaychi. Odam aldovchi ham emasman… O‘zingiz bilasiz, aldamasang kun ko‘rolmaysan kishi.

Bulichov. Mana bu gaping rost! Bu — yaxshi emas-ku, lekin haq gap!

Shura. Aldash ayb emasmi?

Karnaychi. Hamma ishongandan keyin nega ayb bo‘lsin?

Bulichov (ruhlanib). Bu ham rost! Angladingmi, Shura? Bu haq gap! Pavlin domla bu gapni aytmaydi! U aytolmaydi!

Karnaychi. Haq gapni aytganim uchun oshirib berishingiz kerak. Men sizga qarg‘anib aytamanki, bu karnayning ba’zilarga foydasi tegadi.

Bulichov. Yo‘q, qulluq! Eh, Isrofil, Isrofil! (Kuladi.) Hoy… Menga qara… bir ko‘rsat, qani, muningni. Qani, pufla! Qattiqroq, deyman!

Karnaychizo‘r berib, dunyoni buzib chaladi.

Glafira Bulichovga tashvish bilan qaraydi. Shura qulog‘ini berkitib kulib turadi.

Bulichov. Ha, pufla, joning boricha!

Er-xotin Dostigayev, Zvontsov lar, Bashkin, Kseniya yugurib kirishadi.

Varvara. Nima bo‘ldi sizga, otajon?

Kseniya. Yegor, bu nima qilganing tag‘in?

Zvontsov (karnaychiga). Nima balo: mastmisan?

Bulichov. Tegma unga! Tega ko‘rma! Bostirib yubor, Isrofil, bularning ovozini! Bu — Isrofil alayhissalom bo‘ladi, qiyomat surini chalayotir! Zamona oxir bo‘ldi!..

Kseniya. Voy, o‘la qolay, jinni bo‘lib qolipti…

Bashkin (Zvontsovga). Ko‘rdingizmi endi?

Shura. Ota, bularning gapini eshitsang-chi! Seni jinniga chiqarib o‘tirishipti! Chiqib keting, hoy, karnaychi, chiqib keting!

Bulichov. Yo‘q, ketma! Hamma ovozlarni bostir, Isrofil! Qiyomat-qoyim! Dunyo — tamom… Chal karnayingni…

Parda.

← Oldingi bobKeyingi bob →