Nasriddin Afandi latifalari
Xalq og‘zaki ijodi
Afandi haqida bir og‘iz so‘z
Nasriddin Afandini bilmagan odam yo‘q. Turkiyada uni Nasriddin Xo‘ja, arablarda Juho, eronliklar va tojiklarda Mullo Nasriddin, bizda esa shunchaki Afandi deyishadi. Uning eshagi ham, sallasi ham, kulgili javoblari ham asrlar osha og‘izdan og‘izga o‘tib kelyapti.
Afandi kim bo‘lgan? Rivoyatlarga ko‘ra, u XIII asrda Anado‘lida yashagan mulla edi. Ammo xalq uni o‘z mahallasiga, o‘z bozoriga, o‘z choyxonasiga olib kelgan. Shuning uchun Afandi Buxoroda ham, Samarqandda ham, Qo‘qonda ham «o‘zimizniki». U goh soddadil, goh ayyor; goh qozi, goh tilanchi; goh podshohning nadimi, goh eshagiga teskari mingan mulla. Lekin har doim bir narsada o‘zgarmas: kibrli, ochko‘z va adolatsizlarning ustidan kuladi, oddiy odamning tarafini oladi.
Bu to‘plamda eng mashhur yuzta latifa mavzular bo‘yicha jamlangan. Ularni ketma-ket o‘qish shart emas: istalgan joyidan oching, bitta latifani o‘qing — kayfiyatingiz ko‘tariladi. Ba’zilarining tagida esa jiddiy bir hikmat yashiringan.