Zarafshon

(Safar esdaligi)

Ko‘z oldimda oqib yotgan Zarafshon Yosh boladek erkalaydir, o‘ynaydir; Hovliqma ham bo‘lsa o‘zi ko‘p chaqqon, Uncha-muncha to‘siqlarni qo‘ymaydir.

Katta-kichik toshlar bo‘lsa yo‘lida, Hech qo‘ramay sudrab ketar ilgari; Kim biladir, jon topshirmish qo‘lida Hazil-hazil bilan qancha yosh-qari?..

Uning o‘zi, shu o‘ynoqi qilig‘i, Shu hovliqma odati-la ko‘p qo‘rqinch; Suvlarining nozli qizdek sillig‘i Ko‘p tanlarni ag‘dararlik katta kuch!

Undan qo‘rqinch uning o‘tkarganlari, Saltanatlar, qonlar, ulug‘ tarixi, Siynasida bo‘g‘ib o‘ldirganlari, Ko‘p jonlarning ingrayishi va ohi!

Tarixining qanotlari so‘ng yillar Allaqanday qora rang-la bo‘yalmish. Yonlarida yashaguvchi ko‘p ellar Qora yozmish qozig‘iga suyalmish…

Sho‘x-sho‘x oqib yuragida yashrincha Tarixlarni, asrlarni qarg‘amish. Bilmadimki, o‘z umrida ul qancha Yaxshi erlar yod etmish-da, alqamish?

Ey Zarafshon, o‘ynab-kulib oqaver, Mazlumlarning yuragini yoqaver!..

Samarqand. 1920, avgust