Uyqu
(«Bormayman dedi» kuyiga)
Jim turing, shovqinlamang: uyqu ichida ul pari, Yurma, tek tur, ey shamol, yursang-da yur biroz nari!
Ko‘kda bir to‘p qiz-malak uyqu kuyini boshladi, Ilgari chalgan tirik, jonli kuyini tashladi.
Bosh uchida aylanar bir to‘p farishta jimgina, Ko‘k elining tangrisi – Oy ham qaraydir tinchgina…
Ul olos ko‘zlar yumilgan… kuyni yondirgachgina, Ko‘p go‘zal ko‘zlarni yumdirgach, uyaltirgachgina…
Charchagan, tolgan umidsiz ko‘zlarim to‘ymay qarar, Har qarashda ko‘nglima ming turli o‘ylarni solar…
Bu yotish, bu uyqu, bu qanday shirin, qanday go‘zal, Jonlanar, yuz ko‘rsatar singan va yastangan amal.
Bu yotish, uyqu na yerda, na xayoliy ko‘kda bor, Bu go‘zal sirli tomosha menda, men o‘ksukda bor.
Jim turing, shovqinlamang: uyqu ichida ul pari, Ko‘zlarim to‘ymay qarar, borliq, ko‘rinma, tur nari!..
Toshkent. 1921, fevral