Sharq qizi

(Singlimga)

Aytalarkim, sovuq, g‘amli qora qish O‘tib ketib, kelmish chiroyli bahor. Gulga oshiq bo‘lib sayrar emish qush, Gul ham ul qushlarga nozlanib qarar.

Aytalar, dalada yer beti tamom Ko‘m-ko‘k duxobadan ko‘ylaklar kiymish. Xo‘rozlar chaqirib, yuzin ochsa tong, Saboning labini oshiqlar emmish…

Har kimda bir shodlik, har kimda bir ruh, Har kim kulib qarar emish dunyoga. Hatto chol-boboylar aytalarmish: «Uh, Chiqib yursak edi yozgi havoga!»

Faqat men bir o‘zim, Sharqning bir qizi Bahor kelganini ko‘rmay qolaman. Uzun, qora qishning ketmasdan izi Uning do‘sti – kuzni kutib olaman.

Menim uchun yorug‘ dunyo rohati – To‘rt devor ichida ko‘zlar o‘ynatmoq. Menim uchun ulug‘ shodlik soati – Telba ko‘kragimda o‘ylar uyg‘otmoq…

Men bir Sharq qiziman, Sharqning o‘zidek Butun tanim, jonim – xayol uyasi. Menim qora ko‘zim kiyik ko‘zidek Belgisiz ovchining o‘qin ko‘rgusi…

Aytalarkim, yozda har bir joni bor Erkin nafas olar, shodlanar, yayrar… Aytmaylarkim, Sharqda bog‘liq xotinlar Ul yorug‘ dunyoga na zamon kirar?..

Toshkent. 1920, 23–aprel