Sharq nuri
(Mullanur Vohidov ruhiga)
So‘ng davrda yo‘qsil Sharqning tarixi Bir bet bo‘lsin oq satrni ko‘rmadi. Dunyo tarixini yozgan muarrix Yaxshilikka qalamini burmadi.
Sharqning qaysi burchagini qarasang, Yo‘qlik, o‘lim, zulm, qarg‘ish ko‘rarding. «Tomug‘» degan so‘zni bilmak istasang, Sharqni boshdan oyoqqacha yurarding.
Bir zamonlar yer yuzida o‘z boshli, Ulug‘, shonli madaniyat tug‘dirgan U go‘zal Sharq, shirin tuproq so‘ng zamon Bo‘ldi chetlar panjasida ko‘z yoshli…
Uning bunday qizg‘anichli holiga Har kimdan ko‘p qon yig‘lagan sen eding. Uni ezgan yirtqich qo‘lli ma’zinga Sen ulug‘ yov, sen mujassam kin eding.
Insonlikka saodatning birdan bir To‘g‘ri yo‘lni ko‘rsatguvchi Marksdi; Biroq Sharqqa qutulishning yo‘lini Ko‘rsatguvchi ulug‘ dohiy sen eding;
Sendek kishi Sharq eliga tansiqdi. Pok siynangga o‘q otguvchi dushmanlar, O‘ylamaki, bir o‘zingning dushmaning; U dushmanlar – butun Sharqning dushmani, Ko‘pdan ichib kelgan qonlarin uning.
Kun ham Sharqdan, oy ham Sharqdan chiqadir, Biroq bir sen G‘arbda chiqding va botding; Shuning uchun menim sharqlik ruhimda Ajib mudhish, qo‘rqinch tuyg‘u uyg‘otding!
Sharqning kuni kirsa bulut ostiga, Sening so‘nik kunlaringni o‘ylayman; Botib borgan oyga qarab: «Ey yo‘qsil, U ulug‘ «nur» senmasmi?» – deb so‘rayman…
Ehtimoldir, seni har bir narsadan Aziz ko‘rgan, u sen suygan yo‘qsil Sharq, Ruhlaringni oy o‘rniga qo‘ygandir, Balki, bizning ko‘zlarimiz qilmas farq…
Menim sharqlik ko‘zim sening ruhingni Sharqning har bir burchagida ko‘radir; To‘g‘ri, sening u sharqsuyar ruhlaring Al-Humroda, saroylarda yuradir.
Endi undan uchib o‘tdi Misrning Sirlar to‘lib oqqan Nili bo‘yiga; Nilni bo‘ylab kelib kirdi u ruhing Fallohlarning qashshoqlarcha to‘yiga.
Undan o‘tib Suriyaning Shomiga Asr ko‘rgan ko‘chalarni aylandi. Shu minutda Himolaya tog‘ida Hind qiziga yigitlikka saylandi.
Kecha ko‘rdim uni: Budda yonida Riyozatning foidasin o‘qirdi. O‘tgan kuni Nishopurda – bog‘chada Xayyom bilan ishqiy she’r to‘qirdi.
O‘tgan hafta Chin-Mochinning yurtida Kanfutsiyu falsafasin eshitdi. Bu haftada Eron borib, Zardushtga Nicha bilan qalaysiz deb tegishdi…
Hindistonda Bedil bilan yurganin Menim sharqlik ko‘zim aniq ko‘rmishdi; Alamutning tepasida yurganda Menim ruhim orqasida yurmishdi…
Shuning uchun suyar seni butun Sharq, Sen Sharqmisan, Sharq senmidir bilofarq.
1918-yil