Barg

Jonlandi, yashardi, ko’kardi qarashim, O’zimda bir turli erkinlik sezamen. Ko’nglimda qolmadi shu tinda g’am-g’ashim, Umidning ipaklik qilini cho’zamen.

Shu chog’da, shu bog’da har narsa yumshoqdir Har narsa ko’kargan, har narsa yashnaydir. Shu bog’da, shu chog’da har narsa oppoqdir, Quyosh-da nurini hovuchlab tashlaydir.

Ariqda suvlarning o’ynoqi qo’shig’i Shoxlarda uxlagan barglarni uyg’otdi. Ayniqsa, shamolning u yumshoq sho’xligi Shoxlarda barglarni titratdi, o’ynatdi.

Qip-qizil qanotli kapalak, yo’lida Uchratdi chiroyli chizanak qizini, Kapalak tikilgach, u qizcha qo’lida Ushlagan yaproq-la berkitdi yuzini.

Oltinli qo’ng’izni bolalar ushlashib, Ip bilan ko’klarga uchirib o’ynaylar. Qullikni sevmagan yo’qsilni kuchlashib, Nimaga o’zining erkiga qo’ymaylar.

Lablarim shu tunda chanqag’an, qizarg’an. Kavsarning suvidan sharoblar istamas. Farishta qiliqli, malika qizlardan Chanqoqni bosuvchi bir o’pich so’ramas.

Ko’klardan malaklar qiz bo’lib tushsalar. Yana men o’tlarni qo’ynimga qo’ymaymen. Qo’ynimga to’lsalar, qo’ynimdan toshsalar Gullarning hidlari… Men sira to’ymaymen.

O’pmaymen shu chog’da farishta – malakni, O’pamen butoqda titragan bir bargni…

Buxoro. 1922, 3–may