Baljivon

Faryodim dunyoning borlig’in bo’g’sin, Umidning eng so’nggi iplarin uzsin! G’azabdan titragan yosh bir yigitning Toshdek siynasiga o’qlar o’rnashmish.

Tog’larda erk uchun yurgan kiyikning Qora ko’zlariga motamlar kirmish. Daryolar, to’lqinlar titratgan bir Er Zarbalar qahridan yiqilmish-qolmish!

Qurtulish yulduzi yo’qlikka kirmish, Sening so’ng joningni yovlaring olmish. Marmara yo’llari, Edirne yo’li, Chatalja kengligi, bo’g’oz torligi.

Karpat balandligi, Trablus cho’li, Go’zal Salonikning shirin bog’lari. Shahidlar yuziga tomguchi nurlar, Qonlar yig’latdi-ku bizni bu xabar.

Berlin ko’chalari yigitning birin To’p-to’liq, gulbog’lar qo’yniga oldi. Tiflis havolari bir najot Erin Qora qonga bo’yab yerlarga soldi.

Tarixning rangini ko’p qonlar bilan Qorartgan, to’ldirgan. Biroq Baljivon Eng so’nggi umidni qonga bo’yagan, Oh, qanday ug’ursiz zamonlar kelgan!

Faryodim dunyoning borlig’in bo’g’sin! Qop-qora baxtimga shaytonlar kulsin!

1922 yil, avgust