Gugurt sotuvchi qizcha
Qahraton sovuq edi. Qor yog‘ib, qorong‘i tushmoqda edi. Bu yilning eng so‘nggi kechasi — Yangi yil arafasi edi. Mana shunday sovuq va qorong‘i kechada ko‘chada boshi yalang, oyog‘i yalang bir kambag‘al qizcha kezib yurardi. To‘g‘ri, uydan chiqayotganda oyog‘ida shippak bor edi, lekin undan nima foyda! Bular juda katta shippaklar edi — oxirgi marta ularni onasi kiygandi, shu qadar katta ediki, qizcha ikkita arava qattiq yelib o‘tayotganda ko‘chani kesib o‘tib qochganida ikkalasini ham yo‘qotib qo‘ydi. Bittasini qancha qidirsa ham topolmadi, ikkinchisini esa bir bola ilib qochib ketdi: o‘zimning bolam bo‘lsa, beshik qilaman, dedi.
Endi qizcha mitti yalang oyoqlari bilan yurardi, ular sovuqdan qizarib, ko‘karib ketgandi. Eski fartugining cho‘ntagida bir dasta gugurt, yana bir dastasini qo‘lida ushlab olgandi. Kun bo‘yi undan hech kim birorta ham gugurt sotib olmagan, birorta ham tanga bermagan edi. Qizcha ochlikdan va sovuqdan qaltirab kezardi — bechora jonivor, juda ham ayanchli ko‘rinardi!
Qor parchalari uning yelkasiga to‘kilgan chiroyli jingalak oppoq sochlariga tushardi, ammo qizcha bu go‘zallik haqida o‘ylamasdi ham. Hamma derazalardan chiroq nurlari ko‘rinib turar, ko‘chada g‘oz kabobining mazali hidi taralardi — axir bugun Yangi yil arafasi edi. Mana shu haqda u o‘ylardi.
Nihoyat qizcha bir uyning burchagida, ko‘chaga sal chiqib turgan ikki uy oralig‘ida cho‘nqayib o‘tirdi. Oyoqlarini tagiga yig‘ib olgan bo‘lsa ham, borgan sari battarroq muzlardi. Uyga qaytishga esa jur’ati yetmasdi: axir birorta ham gugurt sotolmagan, birorta tanga topolmagan edi — otasi albatta urardi. Qolaversa, uyda ham sovuq edi: ular tom ostidagi chordoqda yashashardi, eng katta yoriqlarni somon va latta bilan tiqib qo‘yishgan bo‘lsa ham, shamol u yerda bemalol uvillardi.
Uning kichkina qo‘llari sovuqdan butunlay qotib qolgandi. Oh, bitta gugurt yoqsa, qanchalik yaxshi bo‘lardi! Agar bitta cho‘pni qutidan tortib olib, devorga chizib, barmoqlarini isitib olishga jur’at etsa edi! Qizcha bittasini tortib oldi — chirs! Gugurt chaqnab, qanday yorug‘ yonib ketdi! Qizcha qo‘li bilan to‘sib oldi, gugurt kichkina sham kabi bir tekis, yorug‘ alanga bilan yona boshladi. Qanday g‘aroyib alanga edi bu! Qizchaga go‘yo u yaltiroq mis oyoqli va mis qopqoqli katta temir pech oldida o‘tirgandek tuyuldi. Pechda olov shunday shod yonar, shunday iliqlik taratar ediki! Qizcha oyoqlarini ham isitish uchun cho‘zdi — ammo shu payt alanga o‘chdi, pech g‘oyib bo‘ldi, qizchaning qo‘lida esa kuyib bitgan gugurt cho‘pi qoldi, xolos.
U ikkinchi gugurtni chaqdi. Gugurt chaqnab, yorishib ketdi, uning nuri tushgan devor xuddi doka pardaga aylanib, shaffof bo‘lib qoldi. Qizcha xonani ko‘rdi: unda qor kabi oppoq dasturxon yoyilgan, nafis chinni idishlar terilgan stol turardi. Stol ustida olxo‘ri va olma bilan to‘ldirilgan g‘oz kabobi bug‘lanib, xushbo‘y hid taratardi. Eng ajoyibi shundaki, g‘oz birdan stoldan sakrab tushdi-da, ko‘kragiga sanchilgan pichoq va sanchqi bilan polda lapanglab to‘g‘ri qizcha tomon kela boshladi. Shu payt gugurt o‘chdi va qizchaning oldida faqat qalin, sovuq, nam devor qoldi.
Qizcha uchinchi gugurtni yoqdi — va endi u ajoyib archa ostida o‘tirardi. Bu archa boy savdogarning uyida o‘tgan Milod bayramida shisha eshik orqali ko‘rgan archadan ham kattaroq va chiroyliroq edi. Uning yashil shoxlarida minglab shamlar yonar, do‘kon peshtaxtalaridagidek rang-barang suratlar qizchaga qarab turardi. Qizcha qo‘llarini ularga cho‘zdi — shu payt gugurt o‘chdi. Shamlar tobora yuqoriga ko‘tarilib, tez orada yorug‘ yulduzlarga aylandi. Ulardan biri osmon bo‘ylab uzun yorug‘ iz qoldirib, pastga qulab tushdi.
«Kimdir o‘lyapti», — deb o‘yladi qizcha, chunki bu dunyoda uni yaxshi ko‘rgan yagona odam — marhum buvisi unga bir vaqtlar shunday degandi: yulduz uchsa, bir jon Xudoning huzuriga ketadi.
Qizcha yana bir gugurtni devorga chizdi. Gugurt yorqin yonib ketdi va uning nurida qizchaning qarshisida buvisi paydo bo‘ldi — shunday nurli, shunday mehribon va shunday yoqimli edi.
— Buvijon! — deb qichqirdi qizcha. — Meni o‘zing bilan olib ket! Bilaman, gugurt o‘chishi bilan sen ham g‘oyib bo‘lasan, xuddi iliq pech, mazali g‘oz kabobi va katta ajoyib archa kabi yo‘qolasan!
Va u buvisini ushlab qolish uchun qo‘lidagi dastadagi hamma gugurtlarni shoshib-pishib yoqib yubordi. Gugurtlar shunday yorqin alanga bilan yondiki, atrof kunduzgidan ham yorug‘ bo‘lib ketdi. Buvisi hech qachon bunchalik go‘zal, bunchalik ulug‘vor bo‘lmagan edi. U qizchani quchog‘iga oldi va ikkalasi nur va shodlik ichida yuqoriga, juda baland ko‘tarilib ketishdi — u yerda na sovuq, na ochlik, na qo‘rquv bor edi. Ular Xudoning huzuriga ketishgan edi.
Sovuq tongda o‘sha uy burchagida qip-qizil yuzli, lablarida tabassum qotgan qizchani topishdi. U eski yilning so‘nggi kechasida sovuqdan muzlab qolgan edi. Yangi yil quyoshi kichkina marhumani yoritdi. Qizcha qo‘lida gugurtlar — ulardan bir dastasi deyarli kuyib bitgan — bilan o‘tirardi.
— Isinmoqchi bo‘lgan, bechora, — deyishdi odamlar.
Ammo hech kim u qanday go‘zalliklarni ko‘rganini, Yangi yil shodligiga buvisi bilan birga qanday nur ichida kirib borganini bilmasdi.