Vatanni suymak
Vatan. Har bir kishining tug’ulub o’skan shahar va mamlakatini shul kishining vatani deyilur. Har kim tug’ulgan, o’sgan yerini jonidan ortiq suyar. Hatto bu vatan hissi-tuyg’usi hayvonlarda ham bor. Agar bir hayvon o’z vatanidan – uyuridan ayrilsa, o’z yeridagi kabi rohat-rohat yashamas, maishati talx bo’lub, har vaqt dilining bir go’ shasida o’z vatanining muhabbati turar.
Biz turkistonlilar o’z vatanimizni jonimizdan ortiq suydigimiz kabi, arablar arabistonlarini, qumlik, issig’ cho’llarini, eskimular shimol taraflarini, eng sovuq qor va muzlik yerlarini boshqa yerlardan ziyoda suyarlar. Agar suymasalar edi, havosi yaxshi, tiriklik oson yerlarga o’z vatanlarin tashlab hijrat qilurlar edi.
Bobolarimiz «Kishi yurtida sulton bo’lguncha, o’z yurtingda cho’pon bo’l», – demishlar.
Men ayblik emas, ey vatanim, tog’larim, Bevaqt tashlab ketdim, oyo, bog’larim. Hijron qilodur meni judolig’, Do’ndi g’ama ro’z-u shab-u chog’larim.
Hammaga ma’lumdurki, eng muqaddas diniy yerimiz o’lan Arabistonga bog’larini, hovlilarini sotub hijrat qilgan hojilarimizning aksari yana o’z vatanlariga qaytub kelurlar. Buning sababi, ya’ni bularni tortib keturgan quvvat o’z vatanlarining, tuproqlarining mehr-u mahabbatidur. Rasuli akram nabiyyi muhtaram sallollohu alayhi vasallam afandimiz: «Hubbul – vatani minal imoni – vatanni suymak imondandur», – demishlar.
Vatan, vatan deya jonim tanimdan o’lsa ravon, Banga na g’am, qolur avlodima uy-u vatanim. G’ubora do’nsa g’amim yo’q vujud zeri vahm, Charoki o’z vatanim hokidur go’r-u kafanim. Tug’ub o’san yerim ushbu vatan vujudim xok, O’lursa aslina roje’ bo’lurmi man g’amnok?