Riyozat

Riyozat deb savob ishlarni qilub, gunoh ishlardan saqlanmoqni aytilur. Riyozat adabning koni, ruhning darmonidur. Insonlarni to’g’ri yo’lga solub, egri yo’ldan qaytarguvchi riyozatdur. Shul sababli riyozat qilguvchilar oqil va fozil bo’lur. Alloh ham xalq qoshida maqbul va mo’tabardur. Yalqovlik, ko’p uxlamak, yomon odamlar ila yurmak, vaqtni bekor o’tkarmak, aysh-u ishrat qilmak, ko’p oshamak, foydasiz so’zlar so’zlamak, samovarlarda, ko’chalarda aziz umrni bo’sh otkarmak kabi ishlarning hammasi riyozatga zid, umrning egovi, Xudoning g’azabidur. Allohning buyrug’i, Rasulullohning sunnatlari, shariat qil degan ishlarni birin-ketin o’z vaqtida qilmak ibodat ham riyozatdur.

Riyozatni rioya qilgan kishilar hech vaqt shariat yo’lidan ayrilmas, Alloh buyrug’idan chetga chiqmas va bu yo’l ila oxirat azobidan qutulur, rohat va rahmat saroyiga kirar, riyozatni rioya qilmagan kishilar Alloh taoloning rizosini topolmas, xor-zor bo’lub, oxiratda alamlik azobga giriftor bo’lur.

Aflotun hakim: «Men riyozatdagi lazzatni hech narsada ko’rmadim, zeroki, vujudimning salomati, ruhimning saodatini riyozatda topdim. Shuning uchun riyozat ayni saodatdur deyaram, chunki fikrning, tilning islohi badanning riyozatiga bog’lidur», – demish.

Ibn Sino hakim: «Tan riyozatidan ko’proq ruh riyozati lozimdur. Mard kishi o’zini riyozat va adab ila ko’rsatsun, inson ila hayvon orasidagi farq yolg’uz maishatda emas, yaxshi axloq kasb qilmoqdadur», – demish.

Riyozat mevasidur misli bodom, Yuzi qattig’ ichidur ishta in’om. Kishin maqsudina eltar riyozat, Riyozatsiz ish o’lg’ay besaranjom. Agar sabr-u riyozat cheksang, ey jon, Pishub oldingg’a tushgay mevayi xom.