Islomiyat

Islomiyat butun insoniyatdur. Insoniyat esa yaxshi xulqdan iboratdur . Islomiyatni rasuli akram sallollohu alayhi vasallam afandimizning yolg’uz o’zlari butun dunyo yuziga yaxshi xulqlari soyasida tarqatdilar. Sahobalar ham Payg’ambarimizning orqalaridan ergashub, mahkam e’tiqodlari, yaxshi axloqlari, pok qalblari, o’tkir shijoatlari ila yer yuzuni titratdilar. Kundan kun islomiyatning shavkat va quvvati ortdi. Olamga madaniyat, ma’rifat, musovot, adolat urug’lari Arabiston yarim orolidan yoyildi. Buning sababi sahobalardagi metin e’tiqod, buzulmas ittifoq, sof qalb, yaxshi amal, xolis niyat, tuganmas g’ayrat, go’zal axloq edi. Har narsaning ofati o’ldig’i kabi zamonlarning o’tuvi ila islomiyatning ittifoqina ko’z tegdi. Musulmonlar orasiga tafriqa tushdi. Hikmat egalari, funun sohiblari islomiyatdan quvlandi. Ilm-u hikmat xazinalari qulflandi. Jaholat, adovat hukm surdi-da, bo’yla o’ldi:

Afsus ekinzorni selob olibdur, Dehqonni falokat bosub, uyquda qolibdur.

Musulmonlarning diliga ittifoq o’rniga nifoq, adolat o’rniga zulm, muhabbat o’rniga adovat, g’ayrat o’rniga atolat, muruvvat o’rniga g’azab, saxovat orniga buxl, tavozu’ o’rniga kibr, sadoqat o’rniga iftiro, shafqat o’rniga hasad, hilm o’rniga hamoqat, hurmat o’rniga xusumat, qanoat orniga tama, sabr o’rniga g’urur, iqtisod o’rniga isrof, afv o’rniga dahshat, sa’y o’rniga safohat, g’ayrat o’rniga xurofot yerlashdi. Mana, shul yomon xulqlari sababidin asri saodatdan buyon islomiyat keyin qarab ketdi. G’arib millatning chin xulafosi, ulamosi, hukamosi taxtindan, mansabindan mazhabindan suruldi. Odillar yerina zolimlar, olimlar yerina abu jahllar, bulbullar yerina qarg’alar, qumrilar yerina boyqushlar, bilmam va hokimlar yerina kimlar o’turdi. Shul sabablara mabni islomiyat dunyosi inqiroz sahrosina yuzlandi. Islom hukumatlarida birin-ketin ko’zdin nihon o’ldi.

Yetsa navbat o’lturar boyqush Sulaymon tomiga, O’rmaguchlar in qo’yar Afrosiyob ayvoniga.