Voqealar qisqacha
Hikoya bir ma’ruza zalida boshlanadi. U yerda shaxsiy rivojlanish bo‘yicha mashhur, lekin endi keksayib qolgan ma’ruzachi chiqish qiladi. Kitobda u «Sehrgar» degan laqab bilan ataladi. Zaldagilar orasida ikki notanish odam bor: biri — ishi og‘ir inqirozga uchragan, kompaniyasidagi sheriklari undan qutulmoqchi bo‘layotgan tadbirkor ayol; ikkinchisi — o‘z ijodidan qoniqmaydigan, tushkunlikka tushgan rassom. Ikkalasi ham hayotida burilish nuqtasida turibdi. Kitobda ular ismsiz, faqat «tadbirkor» va «rassom» deb ataladi.
Ma’ruza paytida kutilmagan voqea sodir bo‘ladi va zalda g‘alati kiyingan, darbadarga o‘xshash bir keksa odam paydo bo‘ladi. U tadbirkor va rassom bilan tanishadi va ularni hayotini o‘zgartirishi mumkin bo‘lgan tajribaga taklif qiladi. Ma’lum bo‘lishicha, bu oddiy odam emas, balki juda boy va muvaffaqiyatli ishbilarmon Stoun Rayli ekan.
Milliarder ikki yangi do‘stini avval Hind okeanidagi Mavrikiy oroliga olib boradi. U yerda ularga har kuni tong saharda turib, uning ko‘rsatmalari bilan mashg‘ulot qilish sharti qo‘yiladi. Kunlar o‘tib, milliarder ularga ertalabki odat, fikrlash, sog‘liq va hayot maqsadi haqidagi o‘z tizimini bosqichma-bosqich o‘rgatadi. Keyinchalik sayohat boshqa mamlakatlarda davom etadi.
Asta-sekin tadbirkor ham, rassom ham o‘zgaradi: ular o‘z qo‘rquvlari, eski odatlari va hayot ustuvorliklarini qayta ko‘rib chiqadi. Ular orasida yaqinlik ham paydo bo‘ladi. Hikoya so‘ngida ularning va ustozlarining taqdiri qanday kechishini bu yerda ochmaymiz.