Ey, Sho‘x, ko‘z-u qoshinga olam gado, man ham gado...

Ey, Sho‘x, ko‘z-u qoshinga olam gado, man ham gado, La’li labi durposhinga olam gado, man ham gado.

Gohi qapog’ing jon olur, gohi qoshing yag’mo solur, Bo’yla qapog’-u qoshinga olam gado, man ham gado.

Qadd-u labing fosh-u nihon, eldin olur tob-u tavon, Ushbu nihon-u foshinga olam gado, man ham gado.

Boshdin ayoqing jon erur, jonlar sanga qurbon erur, Jono, ayoq-u boshinga olam gado, man ham gado.

Har necha otsang o’q-u tosh, aylab g‘azab olamg‘a fosh, Bo‘lg’usi o’q-u toshinga olam gado, man ham gado.

Jonlarda fikri surating, ko‘zlarda naqshi qomating Suratgar-u naqqoshinga olam gado, man ham gado.

O‘n to‘rtdin yoshing o‘tub, husning jahonni yorutub, Bu husning-u bu yoshinga olam gado, man ham gado.

Davlat sanga yo‘ldosh erur, lutfi xudo qo‘ldosh erur, Yo‘ldoshing-u qo‘ldoshinga olam gado, man ham gado.

Oh-u yoshingga, Ogahiy, rahm etti ul xo‘blar shahi, Ta’siri oh-u yoshinga olam gado, man ham gado.