Rahm et
Ishqing g'amida diydayi giryonima rahm et, Hajring tunida nolayi afg'onima rahm et.
Javring chekibon joni hazin chiqqoli yetdi, Ey jonu jahon, joning uchun jonima rahm et.
Toroji firoqing yalang etti tani zorim, Ber jomayi vasling, tani uryonima rahm et.
Darding chekaram go'shayi vayronada umre, Tashrif ketur, kulbayi ahzonima rahm et.
Holimni parishon yuz uza ayladi zulfing, Jam' et oniyu halo parishonima rahm et.
Ey gul, g'ami hajringda ko'ngul bulbuli nola Tokay qiladur, bulbuli nolonima rahm et.
Davron sitami, ishq g'ami, hajr balosi Qasd etti hazin xotiri vayronima, rahm et.
Bejurm mani yozg'urubon tiyg'i jafoni Jonimg'a surub, qolma maning qonima, rahm et.
Hayratdadur Ogahiy to ko'rdi jamoling, Ey hurliqo, diydayi hayronima rahm et.