Xil'atin to aylamish jonon qizil, sorig', yashil...

Xil'atin to aylamish jonon qizil, sorig', yashil, Shu'layi ohim chiqar har yon qizil, sorig, yashil.

Gulshan ettim ishq sahrosin samumi ohdin, Kim, esar ul dasht aro har yon qizil, sorig', yashil.

Shishadek ko‘nglumdadur gulzori husnung yodidin, Tobdonning aksidek alvon qizil, sorig', yashil.

Oraz-u xoling bila xatting xayolidin erur, Ko‘zlarimning ollida davron qizil, sorig', yashil.

La'lgun may tutqil oltun jom birla sabzada, Kim, bulardin yaxshi yo‘q imkon qizil, sorig'. yashil.

Faqr aro birranglik dushvor erur behad valek Xirqada tikmak erur oson qizil, sorig‘, yashil.

Ey Navoiy, oltun-u shingarf-u zangor istama, Bo‘ldi nazming rangidin devon qizil, sorig', yashil.