AsosiyFanlarKitoblarReyting
Qo‘llab-quvvatlash

O‘quvchilar va abituriyentlar uchun bepul testlar va kitoblar. Testlar doim bepul.

Loyihani qo‘llab-quvvatlash

Platforma

  • Fanlar
  • Kitoblar
  • Reyting
  • Kabinet

Loyiha

  • Qo‘llab-quvvatlash
  • Telegram: @bilgo_uz_bot

Huquqiy

  • Maxfiylik siyosati
  • Foydalanish shartlari
  • Hisobni o‘chirish

© 2026 Bilgo · Barcha huquqlar himoyalangan

AsosiyFanlarKitoblarReyting
← Gi de Mopassan: hikoyalar2 / 4

Ip

Bozor kuni edi, shu bois Godervil atrofidagi barcha yo‘llardan dehqonlar xotinlari bilan qasaba tomon kelishardi. Erkaklar shoshmay, uzun, qiyshiq oyoqlarini har qadam tashlaganda butun gavdasini oldinga tashlab borardi. Ularning oyoqlari og‘ir mehnatdan — chap yelkani ko‘tarib, belni qiyshaytirib yuboradigan omochga suyanishdan, mustahkam turish uchun tizzalarni kerib turishga majbur qiladigan bug‘doy o‘rishdan, qishloqning barcha sekin va mashaqqatli yumushlaridan qiyshayib ketgan edi. Ularning ko‘k, ohorlangan, loklangandek yaltiroq, yoqasi va yengining uchi oq ip bilan mayda naqsh solingan kalta ustki ko‘ylaklari suyagi chiqib turgan gavdalari atrofida ko‘pchib, go‘yo uchishga shaylangan havo shariga o‘xshardi: undan bir bosh, ikki qo‘l va ikki oyoq chiqib turardi.

Ba’zilar arqonning uchidan sigir yoki buzoq yetaklab kelardi. Xotinlari esa hayvonning orqasidan yurib, tezroq yursin deb, hali barglari to‘kilmagan novda bilan uning beliga savalashardi. Ular qo‘llarida katta-katta savat ko‘tarib olishgan, savatlardan u yerda tovuqlarning, bu yerda o‘rdaklarning boshlari chiqib turardi. Ular erkaklaridan qisqaroq va chaqqonroq qadam tashlab yurishar, qoq, tik gavdalari yassi ko‘kraklariga to‘g‘nog‘ich bilan qadab qo‘yilgan torgina ro‘molchaga o‘ralgan, boshlariga sochiga yopishib turgan oq mato o‘ralib, ustidan qalpoqcha kiyilgan edi.

So‘ng bir ot-arava pakana otning silkinib-silkinib yo‘rtishi bilan o‘tib qolardi; u yonma-yon o‘tirgan ikki erkakni va arava tubidagi bir ayolni g‘alati silkitar, ayol esa qattiq silkinishlarni yumshatish uchun aravaning chetidan ushlab olgan edi.

Godervil maydonida odamlar bilan hayvonlar aralashib ketgan olomon, g‘ala-g‘ovur edi. Olomon ustida ho‘kizlarning shoxlari, boy dehqonlarning uzun junli baland shlyapalari va dehqon ayollarning oq qalpoqlari ko‘rinib turardi. Chinqiroq, ingichka, vangillagan ovozlar uzluksiz, yovvoyi bir shovqinni hosil qilar, bu shovqinni goho kayfi chog‘ qishloqi yigitning baquvvat ko‘kragidan otilib chiqqan qahqaha yoki biror uyning devoriga bog‘lab qo‘yilgan sigirning cho‘ziq mo‘rashi bosib ketardi.

Bularning hammasidan og‘il, sut va go‘ng, pichan va ter hidi kelar, dalada yashovchi odamlarga xos o‘sha nordon, yoqimsiz, ham odamnikiga, ham hayvonnikiga o‘xshash hid taralardi.

Breoteliklik Oshkorn amaki Godervilga endigina yetib kelib, maydon tomon ketayotgan edi, birdan yerda yotgan kichkina bir parcha ipni ko‘rib qoldi. Asl normandiyalik kabi tejamkor Oshkorn amaki ishga yaraydigan har qanday narsani terib olish kerak, deb o‘yladi va engashdi; engashish unga qiyin edi, chunki bod kasalidan azob chekardi. U yerdan ingichka ip parchasini oldi va uni avaylab o‘ramoqchi bo‘lib turgan edi, ostonada turib o‘ziga qarab turgan egarchi Malanden amakini ko‘rib qoldi. Bir vaqtlar ular o‘rtasida bir yugan masalasida janjal chiqqan, ikkalasi ham kekchi bo‘lgani uchun hamon araz edilar. O‘z dushmani uni balchiq orasidan ip parchasi qidirib yurgan holda ko‘rganidan Oshkorn amakini qandaydir uyat bosdi. U topilmasini shartta ko‘ylagi ostiga, keyin ishtonining cho‘ntagiga yashirdi; so‘ng go‘yo yerdan yana allaqanday narsani qidirayotgandek, lekin topa olmayotgandek o‘zini ko‘rsatdi va og‘riqdan ikki bukilib, boshini oldinga cho‘zib, bozor tomon ketdi.

U shu zahoti tinimsiz savdolashuvlardan g‘uvillab turgan baqiroq va imillagan olomonga singib ketdi. Dehqonlar sigirlarni paypaslab ko‘rishar, ketishar, yana qaytib kelishar, ikkilanishar, doim aldanib qolishdan qo‘rqib, hech qarorga kela olmasdilar; sotuvchining ko‘ziga poylab qarashar, odamning hiylasini va molning aybini topish uchun tinmay izlanardilar.

Ayollar katta savatlarini oyoqlari ostiga qo‘yib, ichidan parrandalarini olib qo‘yishgan; parrandalar oyoqlari bog‘langan, ko‘zlari olaygan, tojlari qip-qizil holda yerda yotardi.

Ular takliflarni tinglar, narxlarini tushirmay, quruq ohangda, beparvo yuz bilan turishar yoki birdan taklif qilingan arzon narxga ko‘nib, sekin uzoqlashib borayotgan xaridorga qichqirishardi:

— Bo‘pti, Antim amaki. Olavering.

So‘ng asta-sekin maydon bo‘shab qoldi va tushki qo‘ng‘iroq chalinganda uzoqda yashovchilar mehmonxonalarga tarqalishdi.

Jurdennikida katta zal ovqatlanayotganlar bilan to‘la edi, keng hovli ham turli-tuman aravalar — yuk aravalari, kabriolet, o‘rindiqli aravalar, tilburilar, nomini aytib bo‘lmaydigan, loydan sarg‘ayib ketgan, qiyshayib qolgan, yamoq-yamoq aravachalar bilan to‘la edi; ular shotilarini osmonga, go‘yo ikki qo‘lini ko‘targandek, ko‘tarib turar yoki tumshug‘ini yerga tirab, orqasini havoga ko‘tarib turardi.

Stol atrofida o‘tirganlarning yonginasida tiniq alanga bilan to‘la ulkan o‘choq o‘ng qatorda o‘tirganlarning orqasiga qizg‘in issiq taratardi. Tovuqlar, kaptarlar va qo‘y sonlari tizilgan uchta six aylanardi; o‘choqdan qovurilgan go‘shtning va qizargan teri ustidan oqib tushayotgan sharbatning yoqimli hidi taralib, kayfiyatni ko‘tarar, og‘izlarni so‘lakka to‘ldirardi.

Bu yerda, mehmonxona egasi va ot savdogari, pulli ayyor Jurden amakinikida omochning butun aslzodalari ovqatlanardi.

Taomlar kelib, xuddi sariq sidr to‘la ko‘zalar kabi bo‘shab borardi. Har kim o‘z ishlari, nima olgani, nima sotgani haqida gapirardi. Hosildan xabar olishardi. Ob-havo ko‘katlar uchun yaxshi, bug‘doy uchun esa biroz namroq edi.

Birdan hovlida, uyning oldida nog‘ora gumburladi. Bir necha befarqdan tashqari hamma darhol o‘rnidan turdi va og‘zi hali to‘la, qo‘lida sochiq bilan eshik va derazalar oldiga yugurdi.

Nog‘ora chalib bo‘lgach, jarchi gaplarni noto‘g‘ri joyda bo‘lib, uzuq-yuluq ovozda baqirdi:

— Godervil aholisiga va umuman bozordagi barcha kishilarga ma’lum qilinadiki, bugun ertalab Bozvilga boradigan yo‘lda, soat to‘qqiz bilan o‘n orasida ichida besh yuz frank va savdo qog‘ozlari bo‘lgan qora charm hamyon yo‘qolgan. Topgan kishidan uni zudlik bilan meriyaga yoki Mannevillik Fortyune Ulbrek amakiga olib kelishi so‘raladi. Yigirma frank mukofot beriladi.

So‘ng jarchi ketdi. Uzoqdan yana bir marta nog‘oraning bo‘g‘iq gumburlashi va jarchining susaygan ovozi eshitildi.

Shunda hamma bu voqea haqida gapira boshladi: Ulbrek amaki hamyonini topishi yoki topmasligi ehtimollarini sanab ketishdi.

Shu bilan ovqat ham tugadi.

Qahvani ichib bo‘lay deganlarida ostonada jandarmlar boshlig‘i ko‘rindi.

U so‘radi:

— Breoteliklik Oshkorn amaki shu yerdami?

Stolning narigi chetida o‘tirgan Oshkorn amaki javob berdi:

— Mana man.

Boshliq davom etdi:

— Oshkorn amaki, men bilan meriyaga borishga marhamat qilsangiz. Janob mer siz bilan gaplashmoqchi.

Hayron bo‘lgan, xavotirga tushgan dehqon qadahchasini bir ko‘tarishda bo‘shatdi, o‘rnidan turdi va ertalabkidan ham battarroq bukchayib — chunki har dam olishdan keyingi birinchi qadamlar unga ayniqsa og‘ir edi — takrorlagancha yo‘lga tushdi:

— Mana man, mana man.

U boshliqning ortidan ergashdi.

Mer kresloda o‘tirib uni kutardi. U shu yerning notariusi, semiz, salobatli, dabdabali gapiradigan odam edi.

— Oshkorn amaki, — dedi u, — bugun ertalab sizni Bozvil yo‘lida Mannevillik Ulbrek amaki yo‘qotgan hamyonni yerdan olayotganingizni ko‘rishgan.

Qishloqi gangib qolib, merga qarab turar, nima uchunligini tushunmasa-da, ustiga tushgan bu shubhadan allaqachon qo‘rqib ketgan edi.

— Man-a, man o‘sha hamyonni oldimmi?

— Ha, xuddi o‘zingiz.

— Xudo haqqi, man uning borligini ham bilmaganman.

— Sizni ko‘rishgan.

— Mani ko‘rishganmi? Kim mani ko‘ribdi?

— Egarchi janob Malanden.

Shunda chol esladi, tushundi va g‘azabdan qizarib ketdi:

— Ha-a, o‘sha to‘nka ko‘ribdi-da! U mani mana shu ipni olayotganimni ko‘rgan, mana, janob mer.

U cho‘ntagining tubini kovlab, kichkina ip parchasini chiqardi.

Lekin mer ishonmay bosh chayqadi.

— Oshkorn amaki, ishonchli odam bo‘lgan janob Malanden bu ipni hamyon deb o‘ylagan, degan gapga meni ishontira olmaysiz.

Dehqon g‘azabdan qo‘lini ko‘tardi, sha’nini isbotlash uchun bir chetga tupurdi va takrorladi:

— Lekin bu Xudoning haqiqati, muqaddas haqiqat, janob mer. Mana, jonim va imonim haqqi, yana aytaman.

Mer davom etdi:

— Narsani yerdan olganingizdan keyin, undan biror tanga tushib qolmadimikan deb, balchiq ichini ancha vaqtgacha titkilab ham qidirgansiz.

Chol g‘azab va qo‘rquvdan bo‘g‘ilib ketdi.

— Shunaqa ham deydimi odam!.. Shunaqa ham deydimi... halol odamni bulg‘ash uchun shunaqa yolg‘onlarni! Shunaqa ham deydimi!..

U qancha e’tiroz bildirmasin, unga ishonishmadi.

Uni janob Malanden bilan yuzlashtirishdi, u o‘z gapini takrorladi va undan qaytmadi. Ular bir soat davomida bir-birlarini so‘kishdi. Oshkorn amakining o‘zining talabi bilan uni tintuv qilishdi. Undan hech narsa topilmadi.

Nihoyat, qattiq ikkilanib qolgan mer uni prokuraturaga xabar berib, ko‘rsatma so‘rashini aytib ogohlantirdi va qo‘yib yubordi.

Xabar tarqalib ketgan edi. Chol meriyadan chiqishi bilan uni o‘rab olishdi, jiddiy yoki masxaraomuz qiziqish bilan, lekin hech qanday g‘azabsiz so‘roqqa tutishdi. U ip haqidagi voqeani hikoya qila boshladi. Unga ishonishmadi. Kulishdi.

U yurar, hamma uni to‘xtatar, o‘zi ham tanishlarini to‘xtatar, hikoyasini va qasamlarini qayta-qayta boshlar, hech narsasi yo‘qligini isbotlash uchun ag‘darilgan cho‘ntaklarini ko‘rsatardi.

Unga deyishardi:

— Qari ayyor-ey!

U esa jahli chiqar, battar asabiylashar, isitmasi ko‘tarilgandek bo‘lar, ishonishmayotganidan ezilar, nima qilishini bilmay, tinmay voqeasini so‘zlardi.

Qorong‘i tushdi. Ketish kerak edi. U uch qo‘shnisi bilan yo‘lga chiqdi va ularga ip parchasini olgan joyini ko‘rsatdi; butun yo‘l bo‘yi boshidan o‘tgan voqea haqida gapirib bordi.

Kechqurun u hammaga aytib berish uchun Breote qishlog‘ini aylanib chiqdi. Faqat ishonmaydiganlarga duch keldi.

Shundan butun tun betob bo‘lib chiqdi.

Ertasi kuni tushdan keyin soat birlarda Imovillik dehqon Breton amakining xizmatkori Marius Pomel hamyonni ichidagi narsalari bilan birga Mannevillik Ulbrek amakiga qaytarib berdi.

Bu odam hamyonni haqiqatan ham yo‘lda topganini, lekin o‘qishni bilmagani uchun uyga olib kelib xo‘jayiniga berganini aytdi.

Xabar atrofga tarqaldi. Oshkorn amaki ham undan xabar topdi. U darhol aylanishga chiqdi va voqeasini yakuni bilan to‘ldirib so‘zlay boshladi. U g‘olib edi.

— Mani xafa qilgani, — derdi u, — tushunyapsizmi, narsaning o‘zi emas; yolg‘on-da. Yolg‘on sabab yomonotliq bo‘lishdan ham odamga zarar narsa yo‘q.

U kun bo‘yi boshidan kechirgan voqea haqida gapirar, yo‘llarda o‘tib ketayotganlarga, qovoqxonada ichib o‘tirganlarga, keyingi yakshanba cherkovdan chiqayotganlarga hikoya qilardi. Notanish odamlarni to‘xtatib, ularga aytib berardi. Endi u xotirjam edi, lekin nimadir, aniq nimaligini bilmasa ham, uni bezovta qilardi. Uni tinglayotganlar go‘yo hazillashayotgandek ko‘rinardi. Ular ishongan ko‘rinmasdi. Unga orqasidan gap-so‘zlar yurgandek tuyulardi.

Keyingi haftaning seshanbasida u faqat o‘z voqeasini aytib berish ehtiyoji bilan Godervil bozoriga bordi.

Eshigi oldida turgan Malanden uning o‘tib ketayotganini ko‘rib kula boshladi. Nega?

U Kriketolik bir fermerga yaqinlashdi, u esa gapini oxiriga yetkazishga qo‘ymay, qorniga bir urib, yuziga qarab qichqirdi: «Katta ayyor-ey!» So‘ng orqasini o‘girib ketdi.

Oshkorn amaki tobora ko‘proq xavotirga tushib, gangib qoldi. Nega uni «katta ayyor» deyishdi?

Jurdenning mehmonxonasida stolga o‘tirgach, u yana ishni tushuntira boshladi.

Montivilyelik bir ot savdogari unga qichqirdi:

— Qo‘ysang-chi, qo‘ysang-chi, eski tulki, bilaman sening ipingni!

Oshkorn duduqlandi:

— Axir o‘sha hamyon topildi-ku!

Lekin narigisi davom etdi:

— Jim bo‘l, otaxon, biri topadi, boshqasi olib kelib beradi. Na ko‘rgan bor, na bilgan — sen hammani laqillatasan.

Dehqon nafasi qaytib qoldi. Nihoyat u tushundi. Uni hamyonni biror sherigi, til biriktirgan odami orqali qaytartirgan, deb ayblashayotgan edi.

U e’tiroz bildirmoqchi bo‘ldi. Butun stol kulib yubordi.

U ovqatini tugata olmadi va masxaralar ostida chiqib ketdi.

U uyalib, g‘azablanib, jahl va iztirobdan bo‘g‘ilib uyiga qaytdi. Uni ayniqsa shu narsa ezardi: u o‘zining normandiyalikka xos ayyorligi bilan o‘zini ayblayotgan ishni qila olardi, hatto uni yaxshi bir hiyla sifatida maqtanib yurishi ham mumkin edi. Uning ayyorligi hammaga ma’lum bo‘lgani uchun aybsizligini isbotlab bo‘lmaydigandek tuyulardi unga. Va u shubhaning adolatsizligidan yuragidan zarba yegandek bo‘ldi.

Shunda u voqeani yana qaytadan aytib bera boshladi: har kuni hikoyasini cho‘zar, har safar yangi dalillar, yanada qat’iyroq e’tirozlar, yanada tantanaliroq qasamlar qo‘shardi; ularni yolg‘iz qolgan soatlarida o‘ylab topar, tayyorlab qo‘yardi, xayolida ip voqeasidan boshqa hech narsa yo‘q edi. Uning himoyasi qanchalik chigal, dalillari qanchalik nozik bo‘lsa, unga shunchalik kam ishonishardi.

— Bular — yolg‘onchining dalillari, — deyishardi uning orqasidan.

U buni sezar, ichini kemirar, behuda urinishlardan holdan toyardi.

U ko‘z oldida so‘lib borardi.

Hazilkashlar endi ko‘ngil ochish uchun uni «Ip»ni aytib berishga majbur qilishardi, xuddi urushda bo‘lgan askarga jangini hikoya qildirgandek. Uning chuqur yaralangan aqli zaiflashib borardi.

Dekabr oxirlarida u yotib qoldi.

Yanvarning dastlabki kunlarida u vafot etdi va jon berish oldidagi alahlash ichida ham aybsizligini isbotlab, takrorlardi:

— Bir parcha ip... bir parchagina ip... mana, mana u, janob mer.

← Oldingi bobKeyingi bob →