Oktyabr
1
Ey, bukun, ey bu kun Dunyolar sarsildi! Fikrlar, xayollar, Roʼyolar sarsildi! Ey, bukun olovlar Dunyoni yondirdi! Insonlar och yerni Qonlarga qondirdi! Ey, bukun koʼklarda Quyoshlar tutuldi. Ey, bukun shamollar, Boʼronlar quturdi! Ey, bukun jahannam Olovlar pushkurdi; Ey, bukun vulqonlar Zulmatka tukurdi! Ey, bukun chaqmoqlar Chaqdilar, chaqdilar… Ey, bukun toʼfonlar Oqdilar, oqdilar… Ey, bukun doʼl kelib, Olamni yiqqan kun! Ey, bukun kurramiz Mehvardan chiqqan kun!..
2
Yoʼq, doʼstim, hovliqma, Xayolga berilma, Ortiqcha hashamga Berilib, soʼz dema. Hech narsa boʼlmadi: Na toʼfon, na vulqon. Yolgʼiz, xaq yoʼllarda Oqdi qon, oqdi qon… Yolgʼiz bir harakat, Qimirlash koʼrildi, Chayladan chiqilib, Oʼrdaga yurildi. Osildi «yoʼq» – «bor»ga, Yoʼqsullar boylarga, (Hech narsa boʼlmadi Kun, bulut, oylarga. Tabiat jim qoldi; Na issiq, na sovuq. Oktyabr oyida, Kuz ketkan, Qish yovuq.) Qoʼzgʼoldi och qolgʼan, Entikkan, bir yigʼin, Oʼlimning koʼziga Koʼz tikkan bir yigʼin. Qoʼzgʼaldi bechora, Yalangʼoch jamiyat, Koʼksida yonardi, Lekin bir hamiyat! Oʼlimga zavq ila Sudragan hamiyat! Oʼlimdan oʼzgani Koʼrmagan hamiyat! Hamiyat, yo gʼazab, Yo shiddat… Bari bir! Yolgʼiz u – dunyoning Fotihi, olamgir! Ana shul hamiyat, Ana shul jamiyat, Ana shul iroda, Ana shul haq niyat. Zolimning qoʼlidan Qudratni oldi-da, Oʼzining maxsuli – Zindonga soldi-da, Oʼzicha yashashning Yoʼlini qaradi, Oʼziga bir olam Qurmoqqa yaradi. Shugina: Doʼl kelib, Olamni yiqmadi, Va yerning kurrasi Mehvardan chiqmadi.
3
U kunning kuyi ham, Sheʼri ham koʼp sodda, Lekin u soddalik, Ravonlik oldida: Doʼllarning olamni yiqishi: Hechdir! Kurraning mehvardan chiqishi: Hechdir!
1930 yil