Norin daryo

Bosh koʼtargan qullar kabi hiddat bilan, Xujum qilgan qoʼshin kabi shiddat bilan Toʼlqinlardan oʼrkach otib yuksaklarga, Achchiq bilan oʼzni urib tirsaklarga, Och yoʼlbarsday naʼra tortib kelishing bor! Asov otday telbalanib yelishing bor!

Bir oz toʼxtab, dam olishni bilmaysan hech! Hey, chopasan, yugurasan – erta-yu kech! Oʼkurishing avj oladi kechalari!! Yuraklarga xavf soladi kechalari! Kechalarning jimligini bitirasan! Ammo lekin jinnilikni qotirasan!

Yoʼllaringda och sahrolar entikadi. Tashna tuproq suqi kirib koʼz tikadi! Qurib yotkan ariqlarning koʼzi – senda! Koʼp boʼgʼinning hasrat toʼla soʼzi – senda! Senda, koshki bir aylanib qarash boʼlsa, Qirgʼoqlardan hol-u ahvol soʼrash boʼlsa!

Shu oqish-la yuz yillarni oqizgʼon – sen! Koʼp boʼgʼinni tovutiga yotqizgʼon – sen! Senga qolsa shu oqishla yana yuz yil, Yana ming yil, minglarcha yil… – Bas endi! Bil: Yuz yillarning ixtiyori senda emas! Odam bugun hech bir kuchka banda emas! Sen, azamat, shunday yerdan oʼtasankim, Senga oʼxshash uziqora daryolar – jim, Oʼkurmasdan, boʼkurmasdan oqadilar; Buyruq kutib, qirgʼoqlargʼa boqadilar! Sendan asov, sendan yomon daryolar ham Boʼyin egib kelishtilar biram-biram!

«Dnepir»ni bilarmiding ? – Balo edi! «Men telbaga kishan bormi, qalay?» derdi. Ozod mehnat bir hamlada ushlab olib, Oz fursatda odam qilib – yoʼlga solib, Oʼz erkida oʼynatadi u telbangni! Shoshma, hali, tizginlaydi bir kun … «Gang»ni…

Sen magʼrursan! Senga, hali tegmaganlar, Sening temir irodangni egmaganlar. Hali seni poʼlat qoʼlgʼa olmaganlar, Yoʼllaringni och choʼllarga solmaganlar, Qurib yotkan ariqlargʼa oqqaning yoʼq! Oq oltindan shokildalar taqqaning yoʼq! Elektrik yulduzlarni yoqqaning yoʼq! Lampa koʼz-la mamlakatka boqqanin toʼq!

Erta-indin sen jinniga tegajaklar! Irodangni – metin boʼlsin – egajaklar! Seni poʼlat qoʼllarigʼa olajaklar! Yoʼllaringni och choʼllarga solajaklar! Qurib yotkan ariqlargʼa oqajaksan! Oq oltindan shokildalar taqajaksan!

Elektrik yulduzlarni yoqajaksan! Lampa koʼz-la mamlakatka boqajaksan! Niagara, ori, sendan ancha katta, Dnepr ham undan kichik shu fursatda. Niagara koʼpdan beri tizginlangan. Uning asov yelkasiga odam mingan.

Faqat uni, bilasanmi, kimning quli? Parrasini aylantirgan kimning puli? Boshqalarning terisini oqizgʼanlar, Banklarga pullarini yotqizgʼonlar, Yoʼqsullarni zuluk kabi soʼruvchilar, Manfaʼatka oʼzlarini uruvchilar, Birovlarning yelkasida yashovchilar, Millionlarning luqmasini oshovchilar!

Dnepr-la sening oʼrning undan yuksak! Sizga ega: buyuk mehnat, ulugʼ emak! Sizga ega; oʼz kuchi-la ishlovchilar; Luqmasini halol qilib tishlovchilar! Qul zotini ozodlikka boshlovchilar, Haq kurashga millionlarni tashlovchilar! Ular sizni haq yoʼllarda oqizajak, Koʼz nuriday aziz qilib boqizayak! Hech bir kuchni qoʼymayajak teksin sizga! Qongʼa botkan qoʼllarini egsin sizga!

1934 yil, mart