Nima
Bir-ikki yaxshi so‘z aytding, Holimni anglaganingmi? Ko‘zlarni qayg‘uli artding, Holimga yig‘laganingmi?
Yotliklar bitdimi endi, Ortiq men senga yaqinmi? Qarg‘ishlar ketdimi endi, Oldimmi eski haqimni?
To‘ydirgich qop-qora tunlar Yopqichni oldimi bizdan? Yurgaymi yog‘duli kunlar Sen bosgan sevgili izdan?..
Ko‘klamning oldini to‘sgan Zulmatlik qishmi yiqildi? Bo‘yniga lolalar osgan Ko‘klammi o‘rniga keldi?
Ko‘nglimga sirli qoqilgan Ko‘nglingning sharpasidirmi? Yo ko‘kda yanglish otilgan Bir yulduz kurrasidirmi?
Bir so‘zla, birgina so‘zla, Qoldirma shubha ko‘ngilda!
Qibray, Toshkent uyezdi. 1922, 22–iyun