Kuz

Daraxtlar taniga tirmashdi izg’irin, Shoxlarga ilonday chirmashdi izg’irin. Qo’llari barglarning betida surundi, Barglarning bandini qirt etib kesishka Urundi…

Er beti qoplandi malla rang choyshap-la; Boqchalar rang-barang choyshap-la! Qish, qirov orqali jo’natti nomasin, Yaqinda chalajak yoqimsiz nag’masin… Guppi to’n vazminin solajak bus-butun, Ishiga qaytajak o’t, o’tin!

Lekin biz qosh-qovoq solmaymiz kuz kabi, Yuzlarga g’am rangi olmaymiz kuz kabi. Yulduzday yonuvchi ko’zlarni o’ynatib, Shu katta, Dumaloq kurraning – 6-dan biriga qaraymiz! Qish-u yoz Bir xilda ishlagan, Shu tinmas Va sayoq kurraning 6 dan 5 ini o’ziga qaratgan; Ishlash-la tishlagan Yeriga qaraymiz! Ishlashda – buyuk zavq, Mehnatda – ulug’ shavq, Ijodda – o’lmaslik Va foniy bo’lmaslik Ko’ramiz! Kuzda ham, Qishda ham, Bahorlar shavqi-la, Aylanar kurramiz!

Mayli, Har daraxtka tirmashsin izg’irin! Shoxlarga, ilonday chirmashsin izg’irin! Mayliga, Qish agar Yo’llasa nomasin! Boshlasa Beta’sir, Yoqimsiz nag’masin Biz Qishdan Yozlarning rizqini olamiz! Qishni ham, Yozni ham Rejaga solamiz!..

1934 yil, noyabr