Ko‘klam keladir
Ko‘klamoyim yo‘lga chiqqan, ko‘klamoyim qo‘zg‘algan; Ko‘k ko‘ylakning bitishiga uncha ko‘p ham qolmagan!
Tiniq havo… ko‘k yuzida oppoq harir pardadek Oq bulutlar unda-munda yoyilganlar parishon. Shu’lalarning aksi bilan yiltillagan ignadek Kun tig‘lari qarashlarga o‘tkir-o‘tkir sanchilgan…
Qip-yalang‘och daraxtlar ham quchoq ochib, ko‘z tutib Ko‘k ko‘ylakning bitishini chidamasdan kutalar. Qarg‘alar ham qishda qilgan gunohlarni unutib, Uzr aytmasdan, indamasdan uchib-uchib ketalar.
Sezgilarni uyg‘otguvchi hidli gullar to‘planib: «Biz ham yo‘lga chiqdik!» – deya yuborganlar bir chopar. Gul hididan rizq emguvchi jonivorlar uyg‘onib, Erta-indin bog‘chalarga, chamanlarga tarqalar.
Ko‘klamoyning ipak ko‘ylak etaklari sudralib, Qora yerning boshlarini silab-siypab keladir. U silashdan, u siypashdan quvvat olib, kuch olib Qora yer ham ko‘ksidagi oltinlarni beradir.
Ko‘klam bilan yurtimga ham bir ko‘karish kelsaydi, Ko‘ngillar ham havolardek ko‘klam hidi bersaydi, Dillarga ham havolardek ko‘klam ruhi kirsaydi!..
Andijon. 1924, 18–fevral