Kaptar

Ey dengizning suvlaridan qudrat olgan botir qiz, Kel, mundagi tutqun qizga yolboraylik ikkimiz!

Sen suvlarning ko‘pigidan oq chechaklar terganda, Sen qilichdan ilhom olib kun chiqishda yurganda

Sening bilan birga chopgan, birga uchgan onalar Nima uchun bu tutqunlik olovida yonalar?

Sen kunduzlar qizg‘in quyosh yog‘dusida yonarkan, Tong otganda tanlaringdan dengiz suvi tomarkan,

Keng dalada qushlar kabi qanot qoqqan onalar Nega yolg‘iz og‘ularga – zaharlarga qonalar?

Sen erkaklar kiyimida zo‘r qal’alar ochganda, Otlaringning changlarini Sind bo‘yiga sochganda, Yo‘llaringda qon dengizi ko‘pirganda, toshganda Sening kabi istagiga ega bo‘lgan onalar Nega bukun turmushdagi har tilakdan tonalar?

Sen Misrda go‘zal Nilning uyqusini buzmasdan, Nimagadir hovliqmasdan, quturmasdan, qizmasdan,

Yo‘lingdagi jonsiz yotgan cho‘plarni-da ezmasdan Qari kohin ma’badiga yurganingda sezmasdan

Kechalarning sirlarini… to‘lib yotgan onalar Nima uchun tongga qadar qon-yosh to‘kib qolalar?

«Men dunyoda xotin bo‘lib yaratilgan edim-da, Eng qahramon erkaklardek mo‘jizalar ko‘rsatdim!» –

Deb yozdirgan so‘zlaringni Bo‘zqirlarda ko‘rdim-da, Tutqun bo‘lgan onalarni qutqarmoqqa ahd etdim!

Bu ahdimga yetmoq uchun sendan kutaman: Kel, bu yo‘lda ko‘maklashsang, har to‘siqni o‘taman!

Ey dengizning tublariga qochib kirgan kaptar qiz, Kel, mundagi onalarni uyg‘otaylik ikkimiz!..

Toshkent. 1922, 21–avgust