AsosiyFanlarKitoblarReyting
Qo‘llab-quvvatlash

O‘quvchilar va abituriyentlar uchun bepul testlar va kitoblar. Testlar doim bepul.

Loyihani qo‘llab-quvvatlash

Platforma

  • Fanlar
  • Kitoblar
  • Reyting
  • Kabinet

Loyiha

  • Qo‘llab-quvvatlash
  • Telegram: @bilgo_uz_bot

Huquqiy

  • Maxfiylik siyosati
  • Foydalanish shartlari
  • Hisobni o‘chirish

© 2026 Bilgo · Barcha huquqlar himoyalangan

AsosiyFanlarKitoblarReyting
← Cho‘lpon: she’rlar33 / 164

Erkin singilga

1

Burun – hammadan Tuban tutilgan, «Chirkin pardadan Endi qutulgan» – Erkin singlimiz, Bizdan ham eshit! Biz ham «o‘z» yigit, «Boshqa» emasmiz!

2

Kun chiqmay qo‘zg‘ol, O‘rog‘ingni ol, Dalalarga bor, Ekinlarni yor, Bug‘doylarga sol! Yo‘qsa – tong uvol…

Qarshingdagi chol Xiyla qarigan, Yashab horigan, Soqoli oppoq… Shundoq bo‘lsa ham, Sendan burunroq Dalaga chiqib, G‘aramlar yig‘ib, Qancha bog‘lagan! Hech charchamagan, Oyoq-qo‘l ildam!

Yaqin borib ko‘r, Gul yuzingni bur, O‘ynoqlab turib, Sharaqlab kulib: «Ota, hormang!» – de, «Charchab tolmang!» – de, Ko‘nglini ko‘tar! Yosharib yoshi, Qarigan boshi Ko‘klarga yetar!

3

Kuching ketadir, Holing bitadir, Charchab qolasan, Horib-tolasan. Qishloqqa qarab, Ekin oralab Yo‘lni solasan…

Yo‘lingda dala, Dalada lola Qip-qizil bo‘lib, Hayotga to‘lib, Kulib turadir… Senga tikilib, «Opajon, ol!» – deb; Agar olmasang, Nazar solmasang, Quldek yalinib, Qushdek talpinib, O‘lib turadir…

Chiday olmaysan, Tek qololmaysan. Havas qo‘zg‘alur, Qo‘ling uzalur, Uzib olursan… Ko‘kat – iplarga Birmunchasini Chizib olursan… Kulib boqarsan, So‘ngra taqarsan… Eng kenjasini Axtarib topib, Quloqqa taqib. Ja’liy seplarga O‘pkalar boshlab, Pichinglar tashlab, Dashnom berarsan, Yo‘lga kirarsan…

4

Bir dehqon yigit, Shaharga kelib, Yig‘inga kirib, Ahvolni bilib, Qaror o‘qilgach, Yig‘in yopilgach, Asta… piyoda Qaytib boradir. Qo‘shiq: «Yor, dod-a…» Aytib boradir.

Yo‘lida dala, Dalada xola. Xolada lola… Xushtor bo‘ladir, Havas to‘ladir. «Horma, qiz!» – deydir, «Hormang siz!» – deysan, Yumshoq kulasan; Battar eriydir…

5

Bug‘doy oralab, Qishloqqa qarab Ketgan vaqtingda Oyoq ostingda Somon parchalar, Albat, yanchilar… Faqat ularning, U miskinlarning Ulug‘ xirmondan, Arzoqdan – dondan, Eng zarur «non»dan Uvalib tushgan,

Yerda uvushgan Ulug‘ zarralar, Milyon karralar, Bo‘lganligini Unutma, singlim! Cho‘psiz yerlarning, Donsiz yellarning O‘limlar bilan To‘lganligini Unutma, singlim!

6

Kun tugal botgach, Daladan qaytgach, Loladan chambar Taqib olasan, Gullardan kamar Topib olasan…

Bir tup toling bor, Yumshoq qimirlar, Yosh novdalari Kechki yellardan. Yoz savdolari Yiroq ellardan Munda quvlagan, Darbadar qilgan Kechki yellarni, Qalandarlarni…

Tol shoxi pastak, Cho‘zilib jindak, Uzib olasan Tol novdalarni. U soddalarni Sochingga ilib – Sochpopuk qilib, Yurib qolasan.

Shunda oy chiqar, Zulmatni siqar, Suti to‘kilar… Butun yer yuzi Oppoq ko‘l bo‘lar… Yulduzning ko‘zi Xafif jimillab Senga tikilar. «Qanday oydinlik! Go‘zal shu borliq! Kechalar qutlug‘!» Degan so‘z bilan, Yongan ko‘z bilan Asta… imillab, U… yigit kelar!

Xafif oydinlik! Qishloqda tinlik… Ko‘kda oy-yulduz, Yerda yigit-qiz Tunga cho‘marsiz, Hayot emarsiz…

7

Ish – kuch… kunlarda! Shundoq tunlarda Xafif oydinlik Puch narsa emas! «Asil jonlilik, Yigit qonlilik Shunda!» – demasa, Shuni sezmasa… Seni tanimas, Hech narsa bilmas!..

Singlim! Shundoq tunlardan, Lola – gullardan Tortinma, bezma, Bag‘rimni ezma!..

Qo‘qon. 1925, 15–iyul

← Oldingi bobKeyingi bob →