Bu kunning shoiri
(Oktyabrning XVII yilligi kunida)
Shoirning qalami ko’ngildan kuch olib – Shu kunning shaniga – Har yil bir yangi kuy to’qiydi. Shu ulug’ kunlarda millionlar oldida, Muazzam maydonda o’qiydi!
Shoirning ko’nglida barq urgan tuyg’ular Muazzam maydonlar tuyg’usi! Cho’llardan jannatlar yaratkan yangi sinf – – Millionlar, millionlar tuyg’usi!
Millionlar tilmochi – yangi sinf shoiri Bu kunga bag’ishlab Har yil bir yangi kuy to’qirkan, U kuyni har joyda , har kolxoz a’zosi, Har sovxoz ishchisi o’qurkan;
Har ishchi dastgoh boshida o’zicha, U kuyni ohista kuylarkan, Shoirning o’zini ko’rmagan pioner She’rining maxtovin so’ylarkan;
Shoir ham millionning bittasi bo’lganin, Har joyda, har onda sezadi; “Bu ishim – millionlar ishi!” deb o’ylaydi, -Va muni- Ham jonda, ham qonda sezadi!..
1934 yil, noyabr