Bir lavha

(Shanxay voqealaridan)

Nagasaki limanidan jildi paroxod, Bir paroxod emas, balki ulkan bir flot! Vampo daryo suvlarini qopladi to‘lqin.

Sizinvanning havosini zaharlik tutun Bir haftadan beri birdak bosib turadi, Tog‘ to‘plari kemalarga olov uradi!

Settilmentdan tashqarida bu mudhish uchish Kecha-kunduz og‘ir tushday davom etadi. Og‘ir o‘qlar yer bag‘rini yorib titadi!

Keng maydonda o‘liklar yo‘q, o‘lganlar sonsiz! Ko‘p «madaniy» urush bo‘ldi, o‘liksiz, qonsiz: Har bir o‘lik bir nechaga bo‘linib ketgan, Yo qo‘lini, yo putini birdan g‘ayb etgan,

Biri qumlar orasida arang ko‘rinar, Biri oyoq ostlarida qolib surinar…

Ko‘p «madaniy» urush emish – o‘liksiz, qonsiz! Obro‘ylik bir gazetda qaysi vijdonsiz

Shu mazmunda yozuv yozib jar chaqiradi. Xo‘jayini dam chiqarmay elni qiradi!

Ikkovi ham «vahshiylar»ni yo‘lga solmoqchi, Ikkovi ham vahshiy elda turib qolmoqchi,

Ikkovi ham vahshiylarni yomon ko‘radi, Ko‘cha-ko‘yda ko‘ringanda yuz o‘giradi.

Ikkovi ham «vahshiylar»ning kuchiga xushtor! «Vahshiylar»ga bu sevgidan nima foyda bor?

Settilmentdan uchib o‘tdi xunuk qora qush! Restoranda bilinmadi bu mudhish uchish, Chunki unda jaz shovqini quloq yoradi. Tashqarida och bir xitoy, hey, yolvoradi, Hey, yolvoradi!..

1932-yil, fevral