Yangi men

Menda endi qayg‘ular yo‘q, Men bahorlar kabi shanman. Kechalarning o‘limiga Qahqahalar solgan menman!

O‘lik ruhli kechalardan Sir kutishlik menda yo‘qdur, Men istamam, – qora savdo! – Kishaningni Majnunga ur!

Mening yangi vatanimda Na Majnun bor, na-da zanjir! Munda har bir ishlaganning Baxti quchog‘ida kelur!

Munda mehnat bir hukmdor: Amr etadi, charchatmaydi. Chunki mashshoq o‘z soziga Sevgisini yo‘qotmaydi.

Munda mehnat quvnab-quvnab Mo‘jizalar yaratadi. Munda har kun sho‘x qo‘shiqlar, Kuylar ila tong otadi.

Millionlarning biri kabi Men ham har kun ter to‘kaman. Har kun yangi hayajonlar, Zafarlarga ko‘nikaman!

Millionlarning biri kabi Men ham quvnoq, men ham shanman, Kechmishlarning o‘limiga Qahqahalar solgan menman!..

1934-yil, avgust