XVI-nchi

Oʼn olti martaba toʼplandik bizlar – Tutqun otalarning erkin avlodi. Poʼlatdek pishiqlik, matonat berdi Temir kishilarning dahshatli yodi. Oʼn olti martaba toʼplandik bizlar Asrning choragi oʼtmasdan turib, Biz, yangi yetishkan – navqiron kuchmiz. Matlabga yetamiz chopib, yugurib. Bizning asabimiz necha ming yillar Kishanlar ostida shu qadar pishdi, Ki shuncha ogʼirlik ichida aslo Shoshmadik, dushmanlar hayron qolishdi! Bizning safimizni oralab baʼzan Dushmanning zaharlik fikri kirsa-da, Biz sergak odamlar va qarshimizda Saqlanib qololmas hech qanday parda! Bizning yoʼlimizda ogʼirlik sonsiz, Birma-bir ularni yengmay qoʼymaymiz! Bizdagi bu iymon senda yoʼq aslo, Ey dushman, negakim: koʼnglimiz tamiz! Oʼn olti martaba toʼplanib bizlar Rejalar tortishdik yangi ishlarga. Nima deyishini bilmaydi dushman, Bir reja boʼyicha yugurishlarga! Oʼn olti martaba toʼplanib bizlar Qoʼl soldik hayotning tomirlariga! Oʼzimiz xayotni tebratuvchi kuch! Jonlilar qayrilib boqmayajaklar, Shafaqlar qizarib oqmayajaklar, Oʼlim olqishini yuksaltirajak, Zulmat gʼurublardan salom berajak: Hayotning yolgʼonchi amirlariga!…

1930 yil, iyul.