Suygan Choqlarda

Go'zallarning malikasi ekansan, Buni sening ko'zlaringdan o'qidim. O'qidim-da istiqbolim qushiga Xayolimdan oltin qafas to'qidim.

Gunafshalar qulog'imga madhingni So'zlab-so'zlab charchadilar, bitmadi... Alamzada bulbul yig'lab, kechalar Alamingning so'ngin tamom etmadi

Ko'zingdagi hikoyaning mazmunin, Shoir bo'lsam, aytib-aytib yig'lardim. O'shal, eski jarohatli qalbimni Satrlarning nashtari-la tilardim.

Xayolimning qip-qizildan kiyingan Parilari, hurlarini ko'rdingmi? Alamimdan gullar ekkan yo'llardan Koinotga hayot sochib yurdingmi?

Yo'llaringda she'r aytsa so'lgan barg, Qulog'imga musiqalar keltirur. Qachon sening musiqali ovozing Sening meni suyganingni bildirur?

1921 yil.