Qizarish
Nechun qizardi yuzing qip-qizil anor yanglig‘? Dilingda o‘ynoqi bir sharpa o‘tdimi shoshilish? Ko‘zingda kuchli havaslarning izlari qolmish… Qizarmog‘ing, yo‘q esa, sirli ipgami bog‘liq?
Qizarganingda labingdan-da bir tilak uchdi, Uning qanotlari ko‘nglimga g‘amli yel urdi. O‘yimni ul tilaging birga ilgari surdi Va ko‘kda bir to‘da aldamchi sevgilar quchdi…
Nechun, nechun yana ko‘zlarda tomchilar o‘ynar? Nechun, nechun bu alamlarni ko‘mmadik birga? Nechun, ularni tashiylikmi so‘ng qo‘nuq – go‘rga? Nechun yuzing yana so‘lg‘in, nechun uzun o‘ylar?
Labingda birgina so‘z bor, faqat deyolmaysan, Nechun, uni demakka kechmishingmi qo‘ymaydir? Nechun meni ko‘rasan, so‘zlay, inday olmaysan? Nechun sening qarashing o‘yga hech to‘yolmaydir?
Bir oz… bir oz ochilib so‘zla, anglatib ber sen, Labingda mangu yopiq qolmasin u birgina so‘z. Go‘zal chechakdek ochilsin so‘nik va so‘lg‘in yuz Va men-da dardingga bir chora, bir shifo topayin.
Labingda qolsa u so‘zlar, yana o‘shal qizarish, Yana ko‘nglingda haromi va o‘ynoqi sharpa, Yana so‘lish va o‘chish… mangu, doimo qarg‘ish, Bitar, ketar shu balolar… labingga jon kirsa!
Nechun yuzingda qizil cho‘g‘ kabi yonish, qizarish? Yararmi menga-da bilmak: nechun, nechun bu ish?..
Buxoro (Harbiy xastaxona). 1922, 5–fevral