Poʻrtana
Po‘rtana qo‘zg‘aldi, po‘rtana yurdi, Po‘rtana o‘zini qirg‘oqqa urdi, Po‘rtana oldida bir kema ko‘rdi: Ichida zich odam… o‘ynatdi, surdi!
Ul kuchli, ul botir, ul qo‘rqmas, yuraklik, Ul mag‘rur, kerilgan ham majnun, hovliqma; Faryod der qirg‘oqlar undan, shu tug‘rolik Shahardek kemalar unga bir «luqma»!..
Ul o‘zi qon ichar, qon olar bo‘lsa-da, Bag‘rida sevgisi kuchli. Baqirib, o‘kirib, yugurib yursa-da, Go‘zalni suyuvga o‘chli…
Suv qizi: Chiroyli, sochlari qop-qora Bo‘ynidan sochilgan, tarqoq. Ko‘zlari dil tortar, yiroqdan bir qara, Ilinding… rahmsiz ul tuzoq…
Ko‘zlari kiyikni ko‘r qildi, ko‘rmading, So‘zlari – bulbulni tutqun; Yuzlari oylarni botirdi, bilmading, Bulutlar ostiga qochib kirdi kun!
Ana shu go‘zalni, ana shu malakni, Yo‘q yanglish… falakni Po‘rtana ko‘ksida saqlar; Yerlar sarf etar g‘ayratni, emakni Ish qilib malakni, Yo‘q… jahon, falakni Oq ko‘pik ichida oqlar!
Ba’zida hisobsiz oq ko‘pik ichiga Sultondek tutqizar uni; Dam ko‘kka irg‘itib, dam tortar ko‘ksiga. Shu yo‘lda o‘ynatar qizni, Kuldirib u nurli yuzni, Suydirib u ohu ko‘zni, Qul qilib sizni ham bizni…
Ko‘piklar… u oppoq sanoqsiz ko‘piklar Yulduzdek jimirlab turalar; Ko‘piklar… u kichik, chiroyli ko‘piklar Oshiqning ko‘nglidan uralar…
Qichqirar, bo‘kirar – o‘kirar yo‘lbarsdek, Yugurar, sekrar, otilar devdek. Oldida hech to‘siq, hech mone qo‘ymasdek Intilar… o‘ng-so‘lin ko‘rmay!..
Ko‘tarsa boshini, ko‘klarga tegadir, Bulutlar, chaqmoqlar dahshatda; Egsa ul bo‘ynini ko‘p vaqt egadir, Suv tegin ko‘rasan vahshatda.
Jonvorlar qo‘rquvda… dahshatda titraydir, Baliqlar o‘limni kutalar; Kuchligi kuchsizni yutmaydir, sitmaydir, Qo‘rquvdan og‘ular yutalar!..
Dengiz tinch, qo‘rquv yo‘q. Qiyomat uxlaydir. Po‘rtana jimjitdir – o‘yda. Shamolni po‘rtana qo‘zg‘atmay saqlaydir, Qo‘zg‘almoq degan so‘z yo‘q o‘yda…
Bu mahshar, qiyomat, po‘rtana. To‘lqinlar – Hammasi yo‘qsilning ko‘nglida. Bir damda dunyoni kuydirar vulqonlar Ojizning u o‘tli dilida…
O‘yna, ey to‘lqinlar, po‘rtana, dahshat sol, Qirg‘oqlar titrasin qo‘rqib; Ko‘k yuzi, yer osti tinch bo‘lsa – vahshat sol Daryodan suv tashlab, purkab!
Bu menim keng ko‘nglim g‘alvani, janjalni, To‘polon, qo‘zg‘alish, chuvalash, Isyonli, to‘fonni Suyadir; shuning-chun dunyoni, jahonni, Tog‘ va tosh – Hammasin ag‘darmoq istaydir, Yonadir, kuyadir…
O‘yna, ey po‘rtana, to‘xtatma, quvvat ol, Chog‘ kelgach, erinib yotma, uxlama, Bo‘lmasni yo‘qlama. Ko‘p ezgan dushmandan, Past jondan O‘chni ol, o‘chni ol, o‘ch ol!..
Toshkent. 1920, may